Asror Aliqulov: "Maydonda yo‘qolib qoladigan o‘yinchilar jamoaga minus olib keladi"

  • 4 iyul, 2024, 00:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi nimchorak final bosqichida pro liga vakili “Mash’al” o‘z maydonida Superliga ishtirokchisi “Qizilqum”ni qabul qildi. Qiziqarli kechgan bahsda mehmonla 1:3 hisobida g‘alaba qozondi. “Mash’al” esa Kubokdagi yurishini to‘xtatdi va musobaqani tark etdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov mag‘lubiyat sabablari bilan o‘rtoqlashdi.

- Birinchi navbatda “Qizilqum” jamoasini keyingi bosqichga chiqqani bilan tabriklaymiz. Ko‘proq himoyaviy o‘yin tanladi. Qarshi hujumga tushib qolmaslikni uqtirgandik. Birinchi golli vaziyatni biz yaratdik, biroq gol ura olmadik. Hisobda ortda qolayotganimizda muvozanatni tikladik. O‘sha holatda jamoa bir necha daqiqa yaxshi o‘yin namoyish qildi. Ekstra taymlarda muvozanatni yo‘qotish, charchoq, balki saviyali futbolchilar etishmasligi deyish mumkin va shuning hisobiga ikkita gol o‘tkazib yubordik.

- “Mash’al” hisobni tenglashtirgan vaziyatda zaxiradan maydonga tushgan o‘yinchilar hal qildilar. Jamoalar tengma-teng kurashdi. Ammo oxirida o‘tkazib yuborilgan ikkita gol alamli bo‘ldi. Yigitlar charchab qolishdimi yoki boshqa sabablari bormi?

- Gol kiritilgan vaziyatda zaxiradan maydonga tushirilgan futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatishdi. Bu Superliga jamoasi edi. Hujumda bizga tezlik kerak edi. Shuni evaziga tezkor hujumga o‘tdik, bo‘shliq yarata oldik va gol urdik. Biz mana shunday o‘yin ko‘rsatishni uqtirgandik. Ammo boshqa holatlarda yigitlarga tezlik va yoki tez fikrlash etishmadi. Birinchi bo‘limda ham yaxshi hujumlar qildik, ammo aytganimdek, tezlik etishmadi. Zaxiradan tushgan o‘yinchilar bir-ikkita epizodda yaxshi o‘ynashdi. Ammo hozirgi futbol va “Qizilqum” jamoasini yutish uchun bir-ikkita epizodda o‘ynaydigan futbolchi hamda keyinchalik qanchadir daqiqaga yo‘qolib qoladigan o‘yinchilar jamoaga minus olib keladi. Susayishimiz ham shunda. Ular biroz yaxshi o‘ynashdi va keyingi daqiqalarda maydonda yo‘qolib qolishdi.

- “Qizilqum” zaxira darvozaboni bilan o‘ynadi, legionerlar xizmatidan foydalanmadi. Oldin matbuot anjumanida “Qizilqum” legionerlari bilan kuchli jamoa degandingiz. Demak, “Qizilqum” mahalliy o‘yinchilari bilan o‘ynab yutdi va shu holatida ham “Mash’al”dan ustun jihatlari bormi?

- O‘yin tengma-teng o‘tdi va bu borada Jamshid Saidovning fikriga qo‘shilaman. Ammo, baribir golli vaziyat yoki noodatiy fikrlash holatlarida futbolchilarning saviyasi rol o‘ynaydi. G‘iyosovni o‘yinga tayyorlanish jarayonida uni tezligi va driblingi haqida yigitlarimizga uqtirgandik. Uni qanotda kutgandik. Ammo legioner hujumchisi ketgani uchun u oldinda harakat qildi. Mahalliy futbolchilari ham yaxshi. Bizni futbolchilarni charchab qolganidan keyin raqib tarkibida zaxiradan Jumanqo‘ziev va boshqa o‘yinchilarning tushishi o‘z taktikasi bo‘yicha mevasini berdi. Xatolarga kelsak, to‘pni tepib yuborish futbolchilar uchun qiyin ish emas. O‘ylaymanki, o‘yinchilar ko‘proq muvozanatni yo‘qotdilar. Charchab qoldi deyish ham noto‘g‘ri. Harakat bo‘ldi, ammo individual xatolar evaziga gol o‘tkazdik.

- “Mash’al” o‘yinni ekstra taymlargacha olib borishni ko‘zlaganmidi?

- Yo‘q, ko‘zlamagandik. O‘yinga tayyorgarlik jarayonida Xumoyun Murtazoevni tayyorlagandik. Lekin u ikkita o‘yinga chetlatildimi, bilmadik. Keyinchalik uchrashuvga yaqin u uchta uchrashuvga chetlatilganligi ayon bo‘ldi. Natijada hujumchini almashtirishga to‘g‘ri keldi. Chunki oldingi o‘yinda Xumoyunni litsenziyasini berishgandi va uni maydonda to‘p surishiga ruxsat berildi, deb o‘ylagandik. Asosiy tarkibda maydonga tushirishni maqsad qilgandik. Keyin esa qisqa vaqt ichida o‘zgartirib, yosh hujumchiga imkoniyat berdik. Xumoyun bo‘lganida hujumda yanada yaxshiroq vaziyatlarni yaratardik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!