
«Ayaks»ning omadli tandemi haqiqatdan ham kuchlimi?!
SPORTS.uz Gollandiya futbolining bayroqdor klubi – «Ayaks» va uning transfer siyosati haqida fikr yuritadi.
So‘nggi yillarda transferlardan daromad olish ham futbolning bir bo‘lagiga aylandi. Sayyoramizning eng qudratli jamoalari har yili transferlardan katta moliyaviy zarar ko‘rayotgan bir paytda, faqat 4 klub ijobiy natija qayd etmoqda. «Monako», «Benfika», «Borussiya D» va «Ayaks» o‘z ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygani bilan maqtana oladi. Turinning «Yuventus»i bir nechta futbolchilarni sotib yuborganiga qaramay, 200 million evro zarar ko‘rdi. «Barselona» -380 million evro !
Bunday omadli menejment ortida Gollandiya klubining ikkita mutaxassisi olib borayotgan mehnatlar yashirin. 9 yildan beri klub sport direktori lavozimidagi Mark Overmars va 5 yildan beri bosh direktor sifatida faoliyat olib borayotgan Edvin Van Der Saar ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi.
Sobiq futbolchilar dueti so‘nggi yillardagi transfer bozorida olib borgan siyosati sababli, klubga 265 million evro daromad keldi. Ularning jipslashib harakat qilishi «Ayaks» iqtisodiyotini ko‘tardi.
Gollandiyadek kichik mamlakat klubi bo‘lishiga qaramay, «Ayaks» sayyoramizning eng serdaromad jamoasiga aylanib oldi. Ular bilan «Sheffild»ning natijalari teng, biroq APL va Erediviziya o‘rtasidagi farq sababli, Amsterdam klubi ishonchli ko‘rinmoqda.
Tanganing ikki tomoni bor!
Darhaqiqat, har qanday biznesda ikki tomon ham birdek naf ko‘rishi mushkul. «Ayaks» sotgan futbolchilarning aksariyati klubida o‘rinini topib keta olgani yo‘q. Misol uchun Davinson Sanches «Liverpul»ga o‘tmoqchi edi, ammo yakunda ko‘proq pul taklif qilgan «Tottenxem»ga ketishiga to‘g‘ri keldi. Overmars Klassenni rosa reklama qildi va «Everton»ga 27 million evro evaziga sotdi. Oqibatda, futbolchi yangi klubida bosim ostida qolib ketdi. Zaxiraga mixlanib qolgach, uni ikki barobar arzonroqqa «Verder»ga sotib yuborishdi.
Ridevald uchun «Kristal Pelas» 9 million evro to‘lashga majbur bo‘ldi, ammo natija manfiy. Jastin Klyuyvertni sayyoramizning eng iqtidorli futbolchisi sifatida «Roma»ga sotildi, ammo Rimdagi sarguzashtlar omadsiz chiqdi. Gollandiyalik yosh futbolchi hozir «RB Leytsig» sharafini himoya qilmoqda. “Barselonaga qo‘yib yuborilgan Frenki De Yong ikkinchi Xavi bo‘lishni uddalay olmadi. Hakim Ziesh «Chelsi»ning muhim figurasiga aylana olmadi. So‘nggi yillarda Gollandiya klubidan futbolchi sotib olgan birorta klub xursand bo‘lgani yo‘q. Barchasi Overmars va Edvinning uddaburonligi samarasi.
Ular savdo-sotiqda sayyoramizdagi eng kuchli mutaxassislar bo‘lishi mumkin, biroq jamoa futbolchilarini munosib joyga jo‘natish borasida nishonni ura olmayapti. Bu haqiqatni tan olish alamli, ammo «Ayaks» hech kimga hech qanday kafolat bermagan.
Nega grand klublardan takliflar yo‘q?
Ushbu mutaxassislarning faoliyati «Ayaks»ni yangi darajaga olib chiqqani rost. To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ish va ajoyib reklama kampaniyalari ulkan daromad keltirmoqda. Gollandiyalik tandem Evropaning istalgan jamoasida o‘z muvaffaqiyatini davom ettirishi mumkin, ammo ularga birorta jamoadan taklif kelib tushgani yo‘q. 4 yildan beri hammaga futbol olamida pul ishlash borasida master klass o‘tayotgan yigitlar nima uchun «Real» yoki «Manchester Siti» jamoasida faoliyatini davom ettirmayapti degan o‘rinli savol paydo bo‘lishi mumkin.
Aslida, ular tipidagi direktorlarni grandlarga keragi yo‘q. Sababi, «Arsenal», «Manchester Yunayted», «Barselona» va boshqa grandlarning asosiy maqsadi pul ishlab topishdan iborat emas. Ular sovrinlarni qo‘lga kiritishni asosiy maqsadga aylantirgan. Bu direktorlar esa, bunday funktsiyaga ega emas. Yiliga 250 million foyda olishdan ko‘ra, ikkita sovrin bilan mavsumni tugatish grandlar uchun muhimroq.
Shu bois, Edvin Van Der Saar va Mark Overmars juftligini hech qachon kuchli chempionatdagi etakchilar safida ko‘rmasligimiz aniq. Tan olish lozim, bunday pallada futboldan daromad olish san’at, biroq buning o‘zi kamlik qiladi. Balki, sekin-asta «Ayaks» rahbarlari ham buni anglab etar va o‘z yigitlarini imkon bo‘lishi bilan transferga qo‘yishdan tiyilar. Golland klublarini yana shohsupaga chiqishini kuzatarmiz. Buning uchun, asosiy maqsadni o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Hozircha, ushbu kichik davlat futbol rahbarlari harakat vektorini transferlarga qaratgan. Bu effekt bermoqda. Agar klublar sovrin uchun kurash olib borsa, imkoniyat qay darajada yaxshilanadi? Buni aniq aytishning imkoni yo‘q.
Fikrlar