"Ayrim chiziqlarni kuchaytirish rejamizda bor" - "Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi
Pro liganing 11-turida “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida Buxoroning “G‘ijduvon” jamoasini qabul qilib 5:2 hisobida g‘alaba qozondi. Garchi mehmonlar uchrashuvda birinchi bo‘lib hisobni ochganiga qaramay, mezbonlar vaziyatni o‘zgartira oldilar va yakunda 5 ta gol urdilar. O‘z oldiga Superliga vazifasini qo‘ygan “Qo‘qon-1912” uchun har bir o‘yin muhim. Jamoa bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov esa “G‘ijduvon”ga qarshi bellashuvdan keyin ayrim savollarga javob berib o‘tdi.
- Chiroyli o‘yin bo‘ldi, tomoshabop o‘tdi. Xudo xohlasa, birinchi g‘alabamizni ham boshlab oldik. Barcha muxlislarni, bizni qo‘llab-quvvatlab turganlarni g‘alaba bilan tabriklayman. Hozir ta’kidlab o‘tganimdek, haqiqiy tomoshabop, chiroyli bellashuv bo‘ldi.

- Birinchi davra yakunlanishiga bir tur qoldi. Yozgi tanaffusda tarkibni kuchaytirish rejasi bormi? Masalan, darvozabon yoki hujumchimi?
- Xudo xohlasa, o‘ynab turgan futbolchilarimdan 90 foizga ko‘nglim to‘q. Ularga ishonaman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Ayrim chiziqlarni kuchaytirish rejamizda bor. “Aral”ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib olganimizdan keyin u yog‘ini o‘ylab ko‘ramiz.
- Bobur Qosimovni erta zaxiraga oldingiz. Uni o‘yinidan qoniqish hosil qilmadingizmi yoki...
- Bilasizlar, Bobur Qosimov bir oy dam oldi. Shundan so‘ng “Surxon”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushirdim. Tajribali o‘yinchi. Ko‘p yugurgani yo‘q, mashg‘ulotlarga ham hali to‘liq moslashgani yo‘q. “Surxon” bilan o‘yinda imkon berdim, ko‘rdim. Murabbiy aytganlarini qilyapti. Biroz jarohati borligi, unga to‘sqinlik qilyapti. 100 foizga jarohatidan forig‘ bo‘lmadi. Bugungi o‘yinda uni yana ko‘rdim, asosiy e’tiborimizni hujumga qaratdik. Ko‘rdinglar, birinchi bo‘lib darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik. Shundan so‘ng hujum chizig‘imizni yanada kuchaytirishimiz kerak edi. Bu erda taktik o‘zgarish bo‘ldi.

- Nukusdagi stadion sun’iy. O‘sha maydonda jamoa o‘ynay oladimi?
- (Kuladi). Mayli, chempionat Reglamenti bor. 18 iyun kuni o‘ynaymiz, Nukusdagi maydonda. Hammada imkon darajasida bor. Xudo xohlasa, u erda ham o‘ynashga harakat qilamiz.



Fikrlar