
"Ayrim futbolchilar o‘zini o‘ylar ekan, bu men uchun yangilik bo‘ldi" - Asror Aliqulov "Qizilqum"dagi faoliyati, syurpriz ko‘rsatgan jamoa va rejalari haqida
Mavsum boshida “Qizilqum”ga bosh murabbiy etib tayinlangan Asror Aliqulovning u erdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmaganini yaxshi bilasiz. Natijada Aliqulov Superligadagi bosh murabbiylik debyuti omadsiz chiqdi. Lekin u yana hammasini boshidan boshlashga tayyor.
- Asror Chorievich, birinchi davra siz uchun qanday o‘tdi va boshlanajak ikkinchi davra oldidan nimani aytgan bo‘lardingiz?
- Jamoalarni amalga oshirayotgan transferlari va jalb qilayotgan futbolchilaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, kimlardir jon saqlash uchun yana boshqa jamoalarimiz Osiyo Chempionlar ligasida yurtimiz sharafini himoya qilish uchun tarkibini kuchaytirishga harakat qilyaptilar. Bizni juda qiziq ikkinchi davra kutyapti. Birinchi davrada qaysidir klublar yaxshi ochko to‘plashdi, yana ayrimlar etarli ochko yig‘a olmadilar. Shu bois jamoalar birinchi davradan so‘ng hamma narsani taroziga solib ko‘rdilar va tahlil qildilar. Ikkinchi davrada yangi olingan o‘yinchilarni o‘zlarini qanday ko‘rsatishi qiziq. Eng qizig‘i, bu yil chempionatimizga gruziyalik futbolchilarni ko‘proq jalb qilinayotgani bo‘lyapti. O‘ylaymanki, yangi kelgan o‘yinchilar o‘zlarini yaxshi tomonlama ko‘rsatishga harakat qiladilar. “Nasaf”dagi gruziyalik legionerning o‘yinini maydonda kuzatdim. “Paxtakor” ham har tomonlama kuchaymoqda. Ikkinchi davrada har bir jamoa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi uchun oxirigacha kurashadi va ularga bu juda muhim.
- Siz uchun ko‘proq qaysi jamoa syurpriz ko‘rsatdi?
- Grandlarni hisobga olmaganda, shunday jamoa bo‘ldiki, lekin syurpriz demagan bo‘lardim. Ammo o‘zini tetik tutib, boshqa klublardan qo‘rqmasdan kurashgan jamoa “Surxon” bo‘ldi. Tarkib tomonlama aksariyat yigitlar avval Superliga darajasida o‘yin ko‘rsatishmagan bo‘lsa ham yaxshi qarshilik ko‘rsata olishdi. O‘z o‘yinini ham yo‘lga qo‘ya olishdi.
- Birinchi davrada “Qizilqum”ga ustozlik qildingiz, lekin u erda uzoq qolmadingiz. Bu ishingizdan qanday xulosalar chiqardingiz? Masalan, qaerda xato qildim, deb o‘ylaysiz?
- Yanvar oyida o‘tgan yilgi asosiy tarkib futbolchilari 100 foiz jamoani tark etishgandi. Ayrimlarini saqlab qolishga harakat qildik. Ammo, baribir umumiy ma’noda bunga erisha olmadik. Keyinchalik futbolchilar taklif qilishda qiyinchiliklar ham bo‘ldi. Aytaylik, rahbariyat tomonidan belgilangan maoshga o‘yinchilar ko‘nmaganligini aytish mumkin va biz asosan o‘sha maoshlarga ko‘ngan futbolchilar bilan tarkib tuzishga harakat qildik. Asosiy xato – bu o‘yindan-o‘yinga futbolchilarning noroziligi edi. Har uchrashuvdan keyin qanaqadir futbolchilar...Biz murabbiylar birinchi navbatda jamoa manfaatini o‘ylab tarkib tuzamiz. Uning yutug‘ini o‘ylab o‘yinga tayyorlanamiz. Biroq ayrim futbolchilar o‘zini o‘ylar ekan. Bu men uchun yangilik bo‘ldi. O‘yinchi faqat o‘zini o‘ylash kerak emas, birinchi navbatda jamoaning manfaati ustun turadi. Ammo har bir futbolchi o‘z manfaatini ustun qo‘yaversa tartib bo‘lmaydi va o‘ziga kerakli natijalarga erisha olmaydi. Bu bilan bir oila bo‘lma olmay qoladi. O‘yindan-o‘yinga vaziyat og‘irlashaverdi va bu holatda jamoani tark etishga qaror qildim.
- Bu sizning Superligada bosh murabbiylik faoliyatingizdagi debyutingiz bo‘ldi. “Qizilqum”ni tanlaganingiz keyinchalik siz uchun xato qaror bo‘lib chiqmadimi? Yoki bo‘lmasa, o‘zingizni ko‘rsatishingiz uchun balki yana qattiqqo‘lroq bo‘lishingiz kerakmidi...Nima deb o‘ylaysiz?
- Boshqa tomonini ham hisobga olish kerak. Biz limit sababidan faqat 10 ta yangi o‘yinchi ololdik. Qo‘l ostimizda futbolchilar soni ko‘p emas-da. Hamma bir oila bo‘lishi lozim. Biz qiyin startga kirishdik. “Navbahor” va undan keyin yana og‘ir uchrashuvlarni o‘tkazdik. Ayrim futbolchilar esa o‘zlarini noo‘rin tutdilar. Bunday holatlar klubning natijalariga ta’sir ko‘rsatdi, deb o‘ylayman. Futbolchilar bilan til topishish borasida muammolar bo‘ldi. Hozir “Qizilqum” ikkinchi davra uchun yaxshi transferlarni amalga oshirdi. Masalan, biz ham oldin jamoada o‘ynab ketgan gruzin futbolchini olmoqchi edik. Lekin buni amalga oshira olmagandik. “Qizilqum”ning hozirgi yangi rahbarini yaxshi bilmayman. Ammo jamoaga yaxshi menejer kerak. Birinchi navbatda tizimni yo‘lga qo‘yish darkor. Oldin klubda Temerxo‘ja yoki boshqa o‘ynab ketgan o‘yinchilar professionalizm haqida gapirishgan. Qaysidir tomonlama futbolchilarni aytgan so‘zlarida jon bor. Qanaqadir tizim bo‘lsa, o‘yinchilar shunga bo‘ysunib ishlashadi. Agar jamoa bu bosqichdan o‘tib olsa, asta-sekin oyoqqa turib ketadi.
- Rejangiz qanday? Takliflar bormi?
- Oxirigacha borishga harakat qildim, afsuski, omadsiz chiqdi. Shu sababli ishimni yana pastroqdan boshlash men uchun qo‘rqinchlik emas. Yana yuqoriroqqa chiqishga harakat qilaman. Takliflar bo‘lib turibdi, ammo hali jiddiy qiziqish yo‘q. Hozircha uydaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar