
Azim Ahmedov bilan to‘p uchun kurash olib borgan Abduholiqov bahsli vaziyatga keskin izoh berdi: "Bu o‘zbek futboli uchun kulgili"
Kecha "Navbahor" - "Qizilqum" o‘yini barchaning e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Penalti bor yoki yo‘qligi borasida muhokamalardan so‘ng SPORTS.uz sayti o‘sha vaziyat ishtirokchisi Orifxo‘ja Abduholiqov bilan bog‘landi va uning fikrlari bilan qiziqdi.
"Videoda hammasi ko‘rinib turibdi. VAR bo‘lmaganda ham mayli edi. Hakam menga "sen uni qo‘ling bilan oldinga turtib yubording", - deb aytdi. Agar uni elkasidan tortgan bo‘lsam, bu mantiqqa to‘g‘ri kelmayapti.
Lekin men u erda ikkinchi qavatda kurashdim. Bor gap shu. Endi bundan foyda yo‘q. Odatiy hol bo‘lib qoldi. Hamma jamoalar bilan xuddi shunday narsalar bo‘lmoqda. Yutish ikki xil bo‘ladi - har xil yo‘l bilan yoki halol kurash evaziga. Hammaning o‘z vijdoniga havola. Agar ular shunaqa yutuq bilan faxrlanib yurishsa, men xursandman.
Bizni endi keyingi o‘yinlarimiz qiziqtiradi. Shaxsan menga endi bu holat qiziqmas. Qizig‘i ham qolmadi. Vijdonim toza bo‘lib, yutqazganimdan faxrlanaman. Bitta narsadan xursandman. Biz qing‘ir yo‘l bilan g‘alaba qozonmaganimizdan g‘ururlanaman.
Biz har o‘yinda yutsak ham, yutqazsak ham vaqt cho‘zmasdan o‘ynaymiz. O‘zimizning yigitlar yotib olsa ham, kerak bo‘lsa ularni o‘rnidan turg‘azib, futbol o‘ynashda davom etamiz. Afsuski, "Navbahor"da men bunaqa holatni ko‘rmadim.
Hamma narsada bitta narsaga yopishib olish noto‘g‘ri. Bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Gol urishimiz mumkin edi. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi.
O‘zbek futboli uchun ancha kulgili holat bo‘ldi. Tashqaridan kuzatadigan muxlis va mutaxassislar ustimizdan kuladigan bo‘ldi. Mayli, bu futbol. Biz davom etamiz.
"Qizilqum"ga bu hech qanday salbiy ta’sir o‘tkazmaydi. Bor e’tiborimizni keyingi o‘yinlarga qaratamiz", - dedi futbolchi o‘sha vaziyat haqida.
Fikrlar