
Bahrom Haydarov: "Har o‘yindan keyin aybni o‘zimizdan qidiramiz"
“Qo‘qon-1912” – “Dinamo” (2:3) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yinni yaxshi boshladik. Birinchi goldan keyin yigitlar bo‘shashib ketishdi. To‘pni nazorat qila olmadik. Bo‘shashganni hisobiga gol o‘tkazdik. O‘yin debyutini qanday boshlagan bo‘lsak, uchrashuvni shunday o‘tkaza olganimizda o‘ylaymanki, gollarga olib kelmasdik. Ikkinchi bo‘limga kelsak, raqib 10 kishi bo‘lib qoldi. Bunday vaziyatlarda har bir futbolchimiz o‘ziga ko‘proq olishi kerak. Lekin bu narsa ko‘zga ko‘rinmadi. Hamma qo‘rquvda bo‘ldi, to‘pni yo‘qotishdan. Qanotlardan ham albatta uzatmalar bo‘lishi kerak. Ammo biror o‘yinchi mas’uliyatni o‘ziga olib jarima maydoni ichiga individual aldab kirsa mahorat yuzaga chiqadi. Shu narsada qo‘rquv ko‘rindi va qarshi hujumda ikkinchi golni o‘tkazib yubordik. O‘tgan safar ruhiy holat bo‘yicha savol berishgandi. Ruhiy holatdan tashqari mahorat etishmayapti. Biz hujum qiladigan vaziyatlarda ham oddiy holatlarda to‘pni yo‘qotib qo‘yib, darvozamizga golli hujumlar bo‘lyapti. Shuning hisobiga ham mag‘lubiyatga uchradik, deb o‘ylayman.
- Jamoa ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchramoqda. Bunda murabbiylar shtabining ham aybi bormi?
- Albatta. O‘yindagi epizodlarni gapirgan bo‘lsam, umumiy oltita uchrashuvni oladigan bo‘lsak, faqat futbolchilar aybdor emas. Biz murabbiylar shtabining ham aybimiz bor, ayniqsa, meni. Chunki ko‘p qarorlarni bosh murabbiy sifatida men chiqaraman. Buni tan olaman. “Mash’al” bilan uchrashuvdan keyin rahbariyat bilan gaplashgandik. Ularga katta rahmat aytaman. Ishonch bildirishyapti va ishlashda davom etyapmiz. Jamoa natija uchun kurashyapti. Qiyin bo‘lyapti, ammo bir narsani sakrab o‘ta olmayapmiz. Bu vaziyatdan chiqib ketishga bitta qadam bo‘lmayapti. O‘ylaymanki, “Qo‘qon-1912” baribir ushbu holatdan chiqib ketadi. O‘tgan yili pro ligada ham shunaqa vaziyatlar bo‘lgan. Birinchi davraning oxirgi turida ham iloji boricha maksimal darajada uch ochko uchun kurashamiz. O‘sha o‘yinni o‘tkazib olsak, ikkinchi davra uchun tarkibni kuchaytirishga va tayyorgarlik ko‘rishga vaqt bo‘ladi. Murabbiylar shtabiga kelsak, halol yo‘ldan ketib ishlab kelyapmiz. Xatolarimiz bor, o‘z ustimizda ishlaymiz. Har uchrashuvdan keyin aybni o‘zimizdan qidiramiz. Futbolchilar ham shuni his qilishlari kerakki, yana bitta gap: 6 ta mag‘lubiyat deyapsizlar-a, murabbiysiz ham hech bo‘lmasa 6 ta o‘yindan 1 tasida yutsa bo‘ladi. Futbolchilarni o‘zlariga ham, intervyu orqali ham aytyapman, murabbiysiz ham o‘yinchilar o‘zlari hech yo‘g‘i 6 ta o‘yindan 1 tasini yutishlari mumkin. Bu aybni ularga ag‘darish emas. Biz o‘zimizdan ayb qidirishimiz kerak. Futbolchilar ham keyngi o‘yin uchun o‘zlari to‘planishsa yaxshi bo‘lardi.
Fikrlar