Bahrom Haydarov: "Rejalarimiz uchrashuvda to‘liq ko‘rinmadi"

  • 9 mart, 02:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Qo‘qon-1912” – “Andijon” (1:1) uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

-  Avvalambor, butun xalqimizni Ramazon oyi bilan tabriklayman. Qolaversa, ayollarimizni ham bayrami. Barchalarini muborakbod etaman. “Qo‘qon-1912” va “Andijon” ishqibozlarini futbol bayrami boshlangani bilan ham tabriklayman. O‘yinga kelsak, debyut o‘yinimiz bo‘ldi. Ikki yildan beri pro ligada edik va uchinchi yili Superligada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Jamoada hayajon bo‘ldi. Boshidan yigitlar bilan hayajonda o‘ynamaslikka tayyorgarlik ko‘rdik. Birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yuborganimiz foydamizga ishladi, shekilli. Gol urdik va yigitlardan bosim tushdi. Ikkinchi bo‘limda zo‘r bo‘lmasa-da, futbolchilarni mehnatlari orqali qoniqish hosil qildim. O‘yin oxirigacha tashabbusni qo‘lga olib, g‘alabani ilib ketishimiz ham mumkin edi. Biroq ikkala taymni oladigan bo‘lsak, durang adolatli bo‘ldi, deb o‘ylayman.

- Natijadan qoniqdim deyapsiz, o‘yindanchi?

- Birinchi tur bo‘lganligi sababli o‘yin sifatini yaxshilashimiz kerak. Qishki tayyorgarlik paytida yaxshi o‘yinlar o‘tkazdik. Har bir jamoada bosim bo‘ladi. Bu yil biz debyutantmiz. Albatta, umumiy o‘yindan qoniqqanim yo‘q.

- “Andijon”ni qanchalik o‘rgangandingiz va raqib qanday taassurot qoldirdi?

- Imkoniyatimizga qarab “Andijon”ning Turkiyada o‘tkazgan o‘yinlaridan 3-4 tasini ko‘rdik. Bosim ostida boshlaganimiz sababli biz tayyorlagan rejalarimiz bugungi uchrashuvda to‘liq ko‘rinmadi. Buni tahlil qilamiz, ko‘rib chiqamiz. Yigitlarimiz hamma narsani bajara oladilar. Faqat birinchi tur sababli o‘ylaganlarimiz o‘xshamadi. Chiroyli futbol bo‘lmadi. 2-3 ta turdan keyin futbolchilar o‘zlariga kelib, ishonchi ortgach, yaxshi o‘yinlarimiz bo‘ladi.

- Uchrashuvda ikkala jamoadan qaysi futbolchilarni alohida ko‘rsatgan bo‘lardingiz?

- Bilasizmi, birinchi o‘yin, hayajon, hamma jon-jahdi bilan o‘ynashga harakat qildi. “Andijon”dan ham, o‘z jamoamdan ham yaqqol ko‘zga tashlanib turgan futbolchi ko‘rinmadi. Hamma birdek mehnat qildi. Birinchi o‘yinda barcha jon-jahdini beradi.

- Selektsiyadan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Albatta. Yangi o‘yinchilar ham o‘ynadi. O‘tgan yili ishonch bildirib olib qolgan futbolchilar ham to‘p surishdi. Pro ligadagi tarkibimizdan asosiy qismini olib qolganmiz. Chunki ular ham o‘sishi kerak, Superligada torta oladilar. Ularga qo‘shimcha qilib, Superligani ko‘rgan o‘zimiz xohlagan 5-6 ta futbolchini oldik. Bundan ham ko‘p variantlar bor edi. Lekin biz avvalo ahil jamoani tashkil etishni o‘yladik. Mahorat borasida qo‘l ostimdagi yigitlarni rivojlantirish va yangilarini kashf qilish. Maqsadimiz shunday. Hozirgi tarkibimizdan ko‘nglim to‘q.

- Kot-D'Ivuardan kelgan hujumchi qaydnomaga kiritilmadi...

- Ha, kot-d'ivuarlik hujumchi keldi. Uni transfer oynasining so‘nggi onlarida tarkibga qo‘shib oldik. Uni hozircha mashg‘ulotda ko‘rdik. Ammo birinchi mashg‘ulotda ozgina jarohat oldik. Shu bois uni bu uchrashuvda qaydnomaga kiritmaslikka majbur bo‘ldik. To‘g‘ri, jarohati engil. Biroq uni yanada kuchaytirib olishidan qo‘rqdik. Hali mavsum uzoq. Ishqibozlarimiz hali uni ko‘radilar va o‘ylaymanki, jamoamizga katta foyda keltiradi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!