
Bahrom Haydarov: "U bilan birinchi marta ishlashim edi, bu biz uchun tavakkalchilik bo‘lgandi"
“Qo‘qon-1912” jamoasi boshqa klublari qatorida chempionatimizdagi tanaffus chog‘ida tayyorgarligini reja asosida davom ettirmoqda.
Hozirda bu klub turnir jadvalida 18 ochko bilan 14-o‘rinni egallab turibdi. Bosh murabbiy Bahrom Haydarov va uning jamoasi uchun keyingi uchrashuvlar juda muhim sanaladi.
Sports.uz muxbiri qo‘qonliklar ustozi bilan suhbatlashdi.
- FIFA kunlari munosabati bilan chempionatimizda davom etayotgan tanaffus chog‘idagi tayyorgarlik jarayonlaridan qanday foydalanyapsizlar?
- Ha, FIFA kunlari munosabati bilan chempionatimizda tanaffus bo‘lyapti. Avgust oyidagi grafigimiz qisqarib ketdi. Birdaniga 5 ta o‘yin o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Bu jismoniy tayyorgarligimizga ancha salbiy ta’sir qildi. Futbolchilarga 4 kun dam berdik. Bundan maqsad ketma-ket 5 ta o‘yindan keyingi tiklanish jarayonlari yaxshi o‘tishini istadik. Hozircha yigitlarni chempionat tonusiga keltirib olishga harakat qilyapmiz. Birinchi haftada jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qildik. Keyingi ikki hafta mobaynida chempionatga ko‘rilayotgan oldingi tayyorgarlik jarayonlarimizni olib boramiz. “Neftchi”ga qarshi yopiq o‘yinda ishtirok etdik. Hozirgi holatimizni tekshirib oldik.
- Yaqinda jamoaning asosiy futbolchilaridan biri Baxtiyor Qosimov legionerga aylandi. Uning ketishi qanday yuz berdi? Bu jamoa uchun katta yo‘qotish bo‘ldimi?
- Baxtiyor Qosimov mavsum boshida tayyorgarligimiz oxiriga etib qolgan mahalda tarkibimizga qo‘shilgandi. O‘shanda uning jismoniy holati bir ahvolda edi. Futbolchining tajribasi va bizga foydasi tegishini inobatga olib, formaga tushib oladi, deb umid qildik. Murabbiy sifatida tavakkal qildik. U bilan birinchi marta ishlashim edi. Aytyapman-ku, bu biz uchun tavakkalchilik bo‘lgandi. Lekin mehnatkash bola ekan. O‘z ustida ishlab, professionalligini ko‘rsatdi. O‘yinlar davomida o‘ziga keldi va sport formasini tiklab jamoamizga katta foydasi tegdi. Rahbariyat tomonidan Qosimov bilan shunday kelishilgandiki, u har qanday “usloviya”ga ko‘nib shartnoma imzolagan. Mabodo, chetdan yaxshi taklif bo‘lsa, uni qo‘yib yuborishimiz bo‘yicha kelishib olgandik. Bir kuni oldinga kelib Iroqdan yaxshigina moliyaviy tarafdan va yaxshi jamoasidan taklif bo‘layotganini aytdi. Murabbiy sifatida uni ketishiga ruxsat berdim. Keyingi faoliyatida omad tilayman. Ko‘proq qolishini istardim, o‘ylaymanki, hali yana ko‘rishamiz. U bilan do‘stona ravishda xayrlashdik.
- Ayni paytda bosh murabbiy sifatida sizni qiynayotgan muammo nimada?
- Har bir murabbiyda qiyinchilik bo‘ladi. Albatta, bizda ham yaxshi va yomon taraflama qiyinchiliklar bor. Ularni bartaraf etishga harakat qilyapmiz. Birinchi davra oxirlaridagi mag‘lubiyatlar ketma-ket bo‘lib ketdi va bu jamoaga ta’sir qildi. Ruhiy tomondan tiklashga harakat qilyapmiz. O‘ziga ishonchni qaytaryapmiz. Ikkinchi davra boshida “Andijon”ga 3:0, “Neftchi”ga 1:0 ga yutqazganimizga qaramay, jamoa yomon o‘ynamadi. Faqat o‘ziga biroz ishonch etishmayapti. Oldinda yana 10 ta o‘yin bor. Oxirgi turda safarda “Buxoro”ga qarshi bahsda mag‘lubiyatga uchramaylik deb emas, faqat g‘alaba qozonish uchun maydonga tushdik. Har bir uchrashuvda shunday jangovar ruhda maydonga tushish uchun yigitlarni tayyorlayapmiz. O‘yin bo‘yicha bugungi kunga kelib yomon emas.
- Jamoangizning turnir jadvalidagi holatidan kelib chiqsak, bu sizni xavotirga solmayaptimi?
- Xavotirga solmayapti. Ishonch bor, biz bemalol oldimizga qo‘yilgan vazifani bajaramiz. Yil boshida oldimizga ligada jon saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan. Lekin biz o‘zimiz - murabbiylar va futbolchilar imkon boricha yuqoriroq o‘rinlarda mavsumni yakunlashni niyat qilib, shunga harakat qilyapmiz.
Fikrlar