
"Balki kun kelib yana O‘zbekistonga qaytarman" - "Navbahor" legioneri nega Malayziyaga ketib qoldi?
“Navbahor” tarkibida to‘p surgan legionerlar orasida serbiyalik Boyan Tsiger ham muxlislarning mehrini qozona oldi-a? U himoyada ishonchli o‘ynay olarkan va bu orqali jamoasining mudofaa chizig‘ini mustahkam bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi. Bu yil 29 yoshni qarshilaydigan futbolchini namanganlik ishqibozlar yoqtirib qolishgani bor gap.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, “Navbahor” tarkibida yana o‘zgarishlar kuzatilyapti. Yangi o‘yinchilar bilan kelishuvlarga erishilayotganidan tashqari, klubni tark etayotganlar ham bor. Ulardan biri aynan Boyan Tsiger.
Rosti, uning ketishi kutilmaganda bo‘ldi, deyish mumkin. Yaqinda o‘zi bilan gaplashganimizda “Navbahor” bilan yangi shartnoma masalasida gaplashishayotganini aytgandi. Lekin keyinchalik voqealar rivoji o‘zgarib ketdi.
Tsiger “Navbahor”ni tark etganini ma’lum qildi. Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev bu masalada futbolchi bilan bog‘langanida jamoa bilan xayrlashganini va Malayziyaga yo‘l olganini aytdi.
- Boyan, “Navbahor”ni tark etdingiz. Buni kutmagandik...
- Menga Malayziyadan taklif bo‘ldi. Telegram orqali yigitlarga o‘z tilaklarimni yozib qoldirdim. Shuningdek, klub muxlislariga ham rahmat aytdim. Namangandagi faoliyatim davomida ular doim meni qo‘llab-quvvatladilar. O‘sha shaharda yuragimning bir parchasi qolgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Klub rahbariyatiga ham o‘zimni minnatdorchiligimni bildirib qolaman.
- Namanganda sizga eng yoqqan narsa nima edi? Muxlislar, stadiondagi muhit yoki pul...
- U erdagi muhit yagona. Eng zo‘ri Namanganda. Hammasi juda chiroyli edi. Muxlislardan hamisha minnatdorman.
- “Navbahor” Osiyo Chempionlar ligasida syurpriz ko‘rsata oladi, deb o‘ylaysizmi?
- Albatta, mumkin. Bu – futbol. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
- Aslida ketishingizga jiddiy sabab bormi?
- Bilasizmi, u erdan “uchishimga” to‘g‘ri kelib qoldi. Buning biror-bir salbiy bo‘lgan sababi yo‘q. Rahbariyat bilan birgalikda shunga kelishdik. Bu – hayot. Hayotda esa hamma narsa bo‘ladi. Balki bir kun kelib yana O‘zbekistonga qaytarman. Buni faqat Yaratgan biladi. Men bilan aloqaga chiqqaningiz uchun rahmat, sog‘ bo‘ling!
Tsiger “Navbahor”ga 2021 yili yozda qo‘shilgandi. Bir yarim mavsum davomida jamoaning asosiy tarkibidan muqim joy egallay oldi. 2022 yilgi chempionatda serbiyalik himoyachi Superliganing 22 ta uchrashuvida maydonga tushdi va 21-turda “Dinamo”ga qarshi o‘yinda raqib darvozasiga gol urdi.
Boyan Malayziyadan tushgan taklifni qabul qildi. Hozircha qaysi klubga o‘tayotgani ochiqlanmadi. Bu haqida tez orada voqif bo‘lamiz. Shunday qilib, Tsigerning yurtimizdagi bir yarim yillik faoliyati yakunlandi. Uni ayniqsa, namanganlik muxlislar yaxshi eslab qolishadi!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar