“Barsa”: Darvozabonimiz har narsaga noliydigan bo‘lib qoldi
“Barselona”ning asosiy darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen 24 iyulga qadar belidan operatsiya qilish borasida yakuniy qarorga kelishi kerak. Bu jarohat germaniyalik golkiperga jamoaviy mashg‘ulotlarda to‘laqonli qatnashishga xalaqit qilmoqda.
AS nashri tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, klub rahbariyati ter Shtegendan tezroq jarrohlik amaliyotini o‘tkazishni talab qilyapti. Futbolchining o‘zini bu variant qoniqtirmayapti va bir to‘xtamga kelish uchun vaqt so‘radi.
Ayni paytda hech kim Mark-Andre qanday qarorga kelishini bilmaydi. Klubdagilar futbolchi ta’tildan qaytganidan keyin o‘zini g‘alati tutayotganini aytmoqda.
- Mark-Andre ter Shtegen o‘zini boshqacha tutyapti va oxirgi bir necha kun davomida hamma narsadan noliyapti, - dedi AS nashriga insayd xabar bergan manba.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu holat bosh murabbiy Xans-Diter Flik bilan bo‘lgan suhbat oqibati ekan. Germaniyalik mutaxassis o‘z hamyurtiga endi uning asosiy darvozabon emasligini aytgan.



Fikrlar