
“Barselona”: Kim qaerga ketadi?
“Barselona” rahbariyati qishki transferlar chog‘ida klubni tark etadigan futbolchilarni aniqlab oldi.
Unga ko‘ra, birinchi navbatda Xunior Firpo, Samuel Umtiti, Mateus Fernandes va Martin Breytueyt klubni butunlay tark etadi. Ronald Kuman ishonchini qozona olmagan Firpoga asosan Italiya klublari – “Inter” va “Napoli” da’vogarlik qilmoqda.
Umtitiga “Roma” va “Lion”dan taklif bor. Agar uni sotib yuborishning imkoni bo‘lmasa, kataloniyaliklar ijara variantini qo‘llaydi.
Mateus Fernandesning vaziyati murakkabroq. Kuman unga asosiy tarkibdan joy bermasligini aytganiga qaramay, futbolchi Kataloniyadan ketishdan bosh tortdi. Braziliyalik futbolchini yozda “Monako” ijaraga olmoqchi edi.
Daniyalik hujumchi Martin Breytueyt yil boshida kutilmagan vaziyatlar uchun olib kelingandi. Endi u o‘z o‘rnini Kuman intizorlik bilan kutayotgan Memfis Depayga bo‘shatib berishi kerak. Martinga Angliya tomonlardan chorlovlar bo‘lyapti.
“Barselona”ning yosh futbolchilari – Karles Alenya va Rikardo Puchga hozircha asosiy tarkibda non yo‘q. Klub ularni ijaraga berishni o‘ylamoqda. Karlesga Angliya va Italiyadan taklif bor. Puchga “Portu” va “Benfika” ko‘z tikmoqda.
Fikrlar