
«Barselona»da nimalar bo‘lyapti? Transferlar ortida qanday maqsad yashirin?
SPORTS.uz Kataloniya klubi olib borayotgan transfer siyosati borasida fikr yuritadi.
Aguero - Messi uchun "sepilgan don"
Luis Suares ketgach, "Barselona"da Messi o‘zini ancha yolg‘iz his eta boshladi. Kun Aguero esa, uning o‘rnini maydonda va Messining yonida to‘ldirish uchun ideal variant. "Man Siti" sobiq a’zosi rasman Kataloniyaga ko‘chib o‘tmaguniga qadar, Leo yangi shartnoma borasidagi qarorini e’lon qilmadi. Endi esa, o‘zining 34 yoshini qarshi oladigan kuni bitimga imzo chekmoqchi.
Bir qarashda Messining ko‘ngli uchun safga qo‘shib olingan futbolchidek ko‘rinishi mumkin, ammo Serxio La Ligada porlashi mumkin. Laporta bir o‘q bilan ikki quyonni urgani aniq.
Depay - tekinga olish mumkin bo‘lgan eng zo‘r futbolchi
O‘z vaqtida, Memfis uchun MYu bilan birgalikda "Barselona" ham kurash olib borgani yodingizdan ko‘tarilmagani aniq. Yakunda, Depay "tumanli albion"ga yo‘l oldi va omadsizlikka uchradi. "Barsa" esa, muammodan qutilib qolganiga xursand bo‘ldi.
Hozir esa, vaziyat o‘zgargan. Memfis "Barsa" bilan atayin 2 yillik shartnoma imzoladi. U vaziyatga to‘g‘ri baho berishni boshladi. Tan olish lozim, "Lion"dagi mavsumlarda qahramonimiz ulg‘aydi. Shaxs va futbolchi sifatida o‘sdi. Ortda qolgan mavsumdagi 40 o‘yinda u 22+12 ochko ishladi.
Terma jamoadagi ishlari ham ajoyib. Ukraina, Avstriya va Shimoliy Makedoniyaga qarshi o‘yinlarda 3-5-2 sxemasidagi ikkinchi hujumchi ampluasida maydonga tushdi.
Laporta Messiga kuchli hujum chizig‘ini tashkil etishga va’da bergan edi. Messi Kopa Amerikani yondirayotgan bir paytda, "Barsa"ning yangi prezidenti va’dasining ustidan chiqmoqda.
Antuan Grizmann - o‘zinikilar ichida begona
Ispan nashrlarining ma’lum qilishicha, "Barselona" hujum chizig‘ida Depay-Messi-Aguero uchligini ko‘rmoqda. Usman Dembele esa, hali o‘z "xit" qo‘shig‘ini aytganicha yo‘q. Breytueyt ham shartnomasi yakunlanmay turib klubni tark etmaydi. O‘z-o‘zidan Antuan Grizmann chetga chiqib qolmoqda. Ayni damda, uning transfer summasi 60 millionga tushib ketdi. Davom etayotgan Evropa chempionatida qahramonimiz yaxshi o‘yin ko‘rsatgani bilan futbol olamida unga deyarli talab yo‘q. U ham Koutino singari hech kimga kerak bo‘lmagan qimmat ijrochilardan biriga aylandi.
Yangi "Barselona"da Antuan aniq ortiqcha. Shu bois, transferlar uchun pullar kerak paytda u boshqa jamoaga qo‘yib yuborilishi hech gap emas. Axir, tarkibni faqat hujumchilar bilan to‘ldirishning imkoni yo‘q. Yangi futbolchilar uchun qarzga botib qolgan klubda pul yo‘q. Erkin agent maqomidagilarning ikkitasi tarkibga qo‘shib olindi. To‘g‘ri, Veynaldum qo‘ldan chiqib ketdi, ammo Depay-Aguero bu yo‘qotishning o‘rnini bemalol to‘ldirishi mumkin.
Yoshlar - Kumanning umidi
Yangi avlod haqida so‘z borar ekan, "Barselona"ni avlodlar almashinuvi kutib turgani darrov ko‘zga tashlanadi. Pike, Buskets, Alba, Serxio, Messi qatoriga Depay, Aguero va Grizmanni qo‘shib qo‘yish mumkin.
Bartomeu davrida akademiya tarbiyalanuvchilariga bo‘lgan ishonch keskin pasayib ketgani rost. Qimmat futbolchilarning transferlari amalga oshgach, birorta yosh futbolchi asosiy tarkibga "suqilib" kirishni uddalay olmadi. Yaxshiyamki, Pedri va Ansu Fati bor. Aks xolda, klub akademiyasini yopib yuborsa ham bo‘lar edi.
Ronald Kuman yangi mavsumda, yangi nomlarni kashf qilishi, shu tariqa, o‘z postini ushlab qolishi mumkin. Boz ustiga, zich taqvimdan iborat mavsumlarda yoshi katta futbolchilar bilan uzoqqa borishning imkoni yo‘q. Niderlandiyalik mutaxassis hammasini taroziga solib ko‘rgan xolda, yangi avlod vakillariga imkon berishni afzal ko‘radi.
Laporta - bu strategiyami yoki taktika?
Yangi rahbar Leo klubda qolishi uchun hamma narsaga tayyor ekanligini ko‘rsatdi. Laportaning bugungi kundagi asosiy maqsadi ham aynan shu: Messi va qarzlardan qutilish. Agar, bu ikki vazifa uddalansa, klub o‘z-o‘zidan oyoqqa turadi, lekin...
Messi abadiy super formada bo‘lmasligi aniq. Butun jamoaning uning kayfiyati asosida qurish qay darajada to‘g‘ri? Ana boring, 2 yil Messi maydonda "mo‘’jiza" ko‘rsatar, xo‘sh, keyinchi? Keyin, jamoa inqirozga uchramaydimi? Hozir klubga kuchli markaziy himoyachilar tandemi kerak. To‘g‘ri, Erik Garsiya taklif etildi, ammo u o‘zi bilan Virjil Van Deyk yoki Ruben Diash singari ishonchli o‘yinni klubga olib kela olmaydi. Klass jihatidan ulardan ancha orqada ekanligi kundek ravshan. Xo‘sh, nega prezident Busketsning o‘rnini egallashga qodir yangi futbolchi izlamayapti?
Bunisi mayli, lekin Messiga taklif etilishi aniq bo‘lgan yangi shartnomachi? Uning bandlari, ko‘rsatilgan ko‘tarma pullari va maoshi jamoa moliyaviy ahvolini ancha og‘irlashtirib yuboradiku. Eng qizig‘i shundaki, Leo hali-hamon "Barselona"da birinchi raqamli kuch bo‘lib turibdi. Ispan nashrlarining ma’lum qilishicha, Ronald Kumanning postda qolishiga ham argentinalik "daho" bilan yaxshi aloqalar o‘rnatgani va tanqidlarni o‘z manziliga indamay qabul qilgani asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan.
Shu o‘rinda, Laportaning vaziyatdan chiqib ketish uchun harakat qilayotganini ham unutmaslik kerak. U o‘z kursisida uzoq ushlanib qolish, yangi strategiya orqali yillar davomida jamoani avvalgi darajasiga olib chiqishni maqsad qilmagan. U bugun va hozir natija berishi aniq bo‘lgan taktikani qo‘llayapti, xolos. Uni ham bunda ayblab bo‘lmaydi. Bartomeu o‘z davrida Messining fantastik maoshlariyu, Koutino, Dembele, Grizmann uchun pul sarflamaganida, hozir u ancha yaxshiroq ahvolda bo‘lardi. Bu pullarga kuchli markaziy himoyachilar va bitta top darajadagi tayanch yarim himoyachisi xarid qilinishi mumkin edi. Laporta Bartomeuning ortidan "yig‘ishtirishga" majbur. Shu bois, uning strategiya emas, taktikaga suyanayotganini to‘g‘ri tushunishga majburmiz.
Ya . U
Fikrlar