“Bavariya”ga o‘tgandan ko‘ra, yaxshisi futbol o‘ynamayman!
Angliya Premer-ligasida “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Arsenal” jamoalari sharafini himoya qilgan va hozir “Chelsi” a’zosi hisoblangan Rahim Sterling yarim yil futboldan uzoq yurishga majbur bo‘ldi.
O‘tgan yoz “Arsenal”dan ijaradan qaytgan tajribali hujumkor futbolchi o‘ziga yangi jamoa topa olmadi. “Chelsi” bosh murabbiyi Entso Mareska yangi mavsumda Sterling xizmatlaridan foydalanmasligi avvaldan ma’lum edi.
Shunga qaramay, Rahim Bundesliganing eng qudratli klubi “Bavariya”dan bo‘lgan chorlovni qabul qilmadi.
“Bavariya”ning hozirgi bosh murabbiyi Vensan Kompani ilgari “Manchester Siti”da Rahim Sterling bilan birga o‘ynagan. Belgiyalik mutaxassis sobiq jamoadoshini Myunxenga taklif qilgandi.
The Athletic nashrining ma’lum qilishicha, Sterling oilasi bilan Germaniyaga ko‘chib borishga ko‘nmagan va buning oqibatida yanvargacha futboldan uzoq yurishiga to‘g‘ri kelyapti.
30 yoshli yulduz ayni paytda “Chelsi”dan alohida individual tarzda shug‘ullanyapti. Shunga qaramay, 2027 yilning yarmigacha qadar davom etadigan shartnomaga ko‘ra, Sterling haftasiga 300 ming funtdan maosh olmoqda.

Fikrlar