Baxtiyor Ashurmatov: "Andijon" g‘alabaga bo‘lgan ishonchi bilan hayron qoldirdi"

  • 13 oktabr, 2024, 22:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan “Andijon” klubining ushbu muvaffaqiyati anchagacha tillarda doston bo‘lishi turgan gap. Haligacha “Burgutlar”ning mardonavor kurashgani haqidagi fikrlar tingani yo‘q.

Farg‘onadagi “Istiqlol” stadioni ikkinchi bor O‘zbekiston Kubogi finalini o‘tkazdi. Dastlabkisi 2018 yilda bo‘lib o‘tgan va unda OKMK “Paxtakor”ni 3:1 hisobida enggandi. O‘shanda olmaliqliklar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov edi. Mazkur mutaxassis bu galgi Kubok finali haqida to‘xtalib o‘tdi.

- Siz 2018 yili OKMK bosh murabbiyi sifatida "Istiqlol" stadionida Kubok finalida "Paxtakor"ni yutgansiz. O‘shanda hamma "Paxtakor"ni favorit sifatida ko‘rishgandi Bu safar yana shu stadionida "Navbahor" "Andijon" bilan o‘ynadi. Ko‘pchilik "Navbahor"ni favorit sifatida baholadi. Ammo "Andijon" yutib ketdi. Bu haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Futbol shunisi bilan ham qiziqki, har doim ham favorit jamoalar yutavermaydi. Ayniqsa, final o‘yinlarida. Finalni o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori, finalda g‘alabani ko‘proq xohlagan, ishtiyoqi yuqoriroq, taktik tomondan shu o‘yinga tayyorroq, omadliroq jamoa yutadi. Hamma “Navbahor”ning imkoniyati yuqoriroq deb hisoblagandi. Lekin finalda “Andijon” jamoasi “Navbahor”ga hech qaysi jabhada yutqazmadi. “Andijon”ning o‘yinga bo‘lgan tayyorgarligi maksimal darajada edi.

- Bu finalni o‘zbek futbolining eng yaxshi reklamasi bo‘ldi, deyish mumkinmi?

- Bu finalni O‘zbekiston Kubogi finallarining eng yorqin finallaridan biri deb aytishimiz mumkin. Jamoalar oxirgi daqiqagacha g‘alaba uchun kurashishdi. Hisob 2:2 bo‘lib turgan vaziyatlarda Kubok o‘yinlarida jamoalar o‘yin oxirida tavakkal qilishmaydi va qo‘shimcha vaqtlarni kutishadi. Lekin “Andijon” g‘alabaga bo‘lgan ishonchi bilan xayron qoldirdi. O‘yindagi ikki jamoa muxlislarining muxlislik darajasi, o‘yin tempi, chiroyli gollar O‘zbekiston futbolining yaxshi reklamasi bo‘ldi, deb bemalol aytishimiz mumkin.

- Shaxsan finaldan oldin nimani kutgandingiz?

- Finaldan oldin “Navbahor” tarkib bo‘yicha kuchliroq, jamoa murabbiyi Lushan mag‘lubiyatlardan keyin faqat finalni gapirmoqda, “Navbahor” yuqori pressing qilib, hujumkor futbol o‘ynab “Andijon” jamoasini qiyin ahvolga solib qo‘ysa kerak, deb o‘ylagandim. “Andijon” jamoasi tomondan juda extiyotkor futbol kutgandim. Lekin “Andijon” jamoasi futbolchilari maydonda nomlar emas, o‘ziga ishongan, oxirigacha kurashadigan, ishtiyoqi yuqori bo‘lgan jamoa g‘alaba qozonishini isbotladi. Hamma “Navbahor”ni favorit hisoblasa-da, “Andijon” har tomonlama “Navbahor”dan kuchliroq ko‘rindi. Xomyakov esa yaxshi saviyadagi murabbiy ekanligini yana bir bor isbotladi. Murabbiylar jangida Xomyakov kuchlilik qildi. Eng achinarlisi, bir necha yil davomida “Navbahor” jamoasiga katta mablag‘ sarflanishiga qaramasdan ajoyib muxlislarga ega bo‘lgan “Navbahor” yana sovrinsiz qoldi. Muxlislar esa yana kelajakka umid bilan “Navbahor”ni chempion bo‘lishini yoki Kubokni qo‘lga kiritishini kutib yashashadi. Muxlislari hurmati ham “Navbahor” hujumkor futbol namoyish qilishi kerak edi. Ammo  “Navbahor” murabbiyining o‘yinga bo‘lgan qarashi tushunarsiz bo‘ldi.

- "Andijon" jamoasi nimani evaziga yutib ketdi, deb o‘ylaysiz?

- Aytib o‘tganimdek, “Andijon” jamoasi final kuni har tomonlama kuchli ko‘rindi. “Andijon” jamoasining g‘alabasida muxlislarning ham qo‘llab-quvvatlashi katta rol o‘ynadi, deb o‘ylayman. Tarkibida Iskanderov kabi mahoratli futbolchisi bo‘lgan jamoa ko‘proq to‘pni nazorat kilishga harakat qiladi. “Andijon” jamoasi “Navbahor”ning to‘pni nazorat qilishiga imkoniyat bermadi. “Navbahor”ga bo‘sh hududlar qoldirmadi. Yana bir to‘g‘ri qarorlardan biri “Andijon” chuqur himoyaga yotib olmadi. Aksincha, “Navbahor himoyachilariga bosim o‘tkazishga harakat qildi. Aleksandr Xomyakovning to‘g‘ri taktika tanlaganligi, futbolchilarning maydonda murabbiy ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarganligi, katta ishtiyoq, g‘alabaga bo‘lgan chanqoqligi, muxlislarning jamoani ajoyib qo‘llab-quvvatlashi finalda “Andijon”ning g‘alabasiga sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Davlatbek Alibekov
14/10/2024 07:59
Жуда ту'гри ва маъноли су'з ларингиз