Baxtiyor Ashurmatovsiz o‘tgan taqdimot marosimida "Qo‘qon-1912" futbolchilariga "Lasetti" va’da qilindi, faqat...

  • 8 mart, 2021, 18:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” futbol klubi bugun “Markaziy” o‘yingohida yangi futbolchilarni tanishtirish marosimini o‘tkazdi. Ushbu marosim haqiqiy bayramga aylandi.

Tecno

Tadbirda jamoa rahbarlari, futbolchilar, murabbiylar, fan-klub a’zolari, muxlislar bilan bir qatorda, Farg‘ona futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosirbek Otaqo‘ziev, Farg‘ona viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xurshid Ahmedov ham qatnashdi.

“Qo‘qon-1912” jamoasining futbolchilari va jamoa rahbariyati muxlislarning olqishlari hamda jamoa gimni sadolari ostida stadionga chiqib kelishdi.

kukon4

Uchrashuvni “Qo‘qon-1912” futbol klubi matbuot kotibi Akramjon Mamadaliev ochiq deb e’lon qildi. Dastlabki so‘z jamoa prezidenti Baxtiyorjon Tolipovga berildi.

Klub prezidenti dastlab bugungi bayram munosabati bilan barcha xotin-qizlarni tabrikladi. Xususan, jamoaning ashaddiy muxlisasi  Bibixon  klub nomidan qutlovlarni qabul qilib oldi.

- Assalomu alaykum aziz futbol muxlislari! Mana, ko‘z ochib yumguncha yana futbol bahori yurtimizga tashrif buyurdi. Yana siz va biz sog‘ingan futbol uchrashuvlaridan bahra olishni, sevimli “Qo‘qon-1912” jamoamizning chiroyli o‘yinlari hamda g‘alabali onlarini birgalikda nishonlaydigan fursatlar etib keldi.

O‘tgan 2020 yil jamoamiz uchun omadli keldi, deb ayta olamiz. Biz jamoamizga murabbiy tanlashda xato qilmagan ekanmiz. Qo‘qon farzandi bo‘lgan Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi murabbiylar shtabi o‘tgan mavsumda jamoani bir maqsad yo‘lida birlashtira oldi. Futbolchilarimiz o‘zlarining mazmunli o‘yinlari hamda ajoyib natijalari bilan siz aziz muxlislarni va bizni ham xursand qila olishdi. Butun dunyoga rahna solgan pandemiya davrida futbolchilarimiz o‘zlarining o‘yinlari bilan halqimizni ko‘nglini biroz bo‘lsa-da, ko‘tara olishdi deb ayta olaman.

kukon2_1

“Qo‘qon-1912” jamoasi o‘tgan mavsumdagi Superliga o‘yinlarida 13 g‘alaba, 3 durang va 10 ta mag‘lubiyat qayd etishdi. Yakunda 42 ochko jamg‘arib turnir jadvalini 5-o‘rinda yakunladik. Bu natija bilan jamoamiz o‘z tarixida qo‘lga kiritilgan eng yaxshi natijani takrorlay oldi.  Bundan oldin Qo‘qon jamoasi 1994 yildagi O‘zbekiston oliy ligasida 5-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. O‘sha tarixiy jamoada o‘ynagan Zohid Nurmatov hamda Muhiddin Abduvaliev bugun jamoamiz murabbiylar shtabida faoliyat olib borishmoqda. Jamoamiz sardori Murodjon Xolmuhammedov Superliga o‘yinlarida raqiblar darvozasiga 12 ta gol kiritib, to‘purarlar poygasida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Albatta bu ko‘rsatilgan natijalarda siz aziz muxlislarning ham juda katta hissalaring bor. Shu fursatdan foydalanib o‘tgan mavsumdagi qiyin sharoitda jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turganlaring uchun sizlarga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildirmoqchiman. 

O‘tgan mavsum tarixga aylandi. Oldinda bizni yangi mavsum kutib turibdi. Jamoamiz o‘tgan yildagi o‘yinlari bilan “planka”ni bir necha barobar ko‘tarib qo‘yishdi. Endi muxlislarimiz bizdan bundan-da yaxshiroq natija talab qilishlari aniq. Mana shu yo‘lda  murabbiylarimiz shtabi aniq reja asosida ish boshlashgan. Yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonlari 5 bosqichdan iborat bo‘ldi. Bu yig‘inlar davomida bir nechta o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazildi. Bir narsani xursandchilik bilan ayta olaman, jamoamiz garchi rasmiy o‘yinlar o‘tkazmagan bo‘lsa-da, 2021 yilda xali mag‘lubiyatga uchramadi.

kukon1_2

O‘tgan mavsumda yigitlarimiz ko‘rsatgan shiddatli va mazmunli o‘yinlar natijasida futbolchilarimizga yurtimizning taniqli jamoalaridan aniq va moddiy jihatdan ancha yaxshi bo‘lgan takliflar kelib tushdi. Shunday bo‘lsa-da, jamoamizning etakchi futbolchilari jamoaga sodiqliklarini namoyish qilib safimizni tark etishmagani tahsinga sazovordir. Buning uchun futbolchilarimizga o‘zim nomimdan va siz aziz muxlislar nomidan minnatdorligimini izhor qilaman. Etakchi futbolchilarimiz jamoamiz safida qolishgan bo‘lsa-da, tarkibimizda ba’zi o‘zgarishlar bo‘ldi.

Jamoamizni quyidagi futbolchilar tark etishdi: Muzaffar Muzaffarov, Filip Rayevats, Botirali Ergashev, Bek Abdullaev, Quvondiq Ro‘ziev, Sobit Sindarov.  Jasur Yoqubov hamda Islom Abdullaevlar “Surxon” va “Turon” jamoalariga ijaraga berildi.

Bu futbolchilarning o‘rnilariga Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi murabbiylarimiz munosib futbolchilarni jamoaga taklif qilishdi. Yangi qo‘shilgan futbolchilar o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘zlarini har tomonlama jamoaga foydalari tegishini isbotlay olishdi.

Kelayotgan mavsumda “Qo‘qon-1912” jamoasi o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadi. Futbolchilarimiz o‘tgan mavsumdagi o‘yinlari bilan bemalol sovrinli o‘rinlar uchun kurasha olishimizni isbotlay olishdi. Biz bu yil o‘z oldimizga o‘tgan mavsumdagi natijadan ko‘ra yuqoriroq bo‘lgan o‘rinni qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Xudo xoxlasa, bu yil “Qo‘qon-1912” jamoasi medallar uchun kurashadi. Bu yo‘lda albatta siz muxlislarning ham yordamingiz zarur bo‘ladi. Sizlardan har o‘yinda futbolchilarimizni astoydil qo‘llab-quvvatlab turishingizni iltimos qilaman. Sizlarning olqishlab turishingiz futbolchilarimizga qo‘shimcha kuch va g‘ayrat bag‘ishlaydi. Biz sizlar bilan bir maqsad yo‘lida birlashsak, albatta ko‘zlangan natijani qo‘lga kiritamiz deb o‘ylayman. “Qo‘qon-1912” futbolchilari Superligada sovrinli o‘rinni egallasa har biriga “Lasetti” avtomobilini va’da qilamiz - dedi klub prezidenti.

Shundan keyin “Qo‘qon-1912” safiga kelib qo‘shilgan yangi futbolchilarnikeng ommaga rasman tanishtirildi va ularga tantanali tarzda ismlari tushirilgan futbolkalar topshirildi.

kukon_8

Tadbirda shuningdek, Farg‘ona futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosirbek Otaqo‘ziev, Farg‘ona viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xurshid Ahmedov, jamoa a’zolari - Murod Xolmuhammedov, Slavko Lukich, Asadbek  Sobirjonov, faxriy jurnalist Mo‘ydinjon Yo‘ldoshev so‘zga chiqishdi.

Jamoa safiga yangi qo‘shilgan futbolchilar muxlislarga to‘p bilan master-klass namoyish qilib berishdi. Futbolchilar foydalangan to‘plarni muxlislar o‘tirgan sektorlarga tepib, ular uchun o‘ziga xos sovg‘alarni taqdim qilishdi.

O‘tkazilgan tadbirda muxlislarimizga ham mikrofon taqdim qilindi. Ular jamoa rahbariyati va futbolchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Marosim so‘nggida muxlislar o‘zlarining suyukli futbolchilari bilan esdalik uchun suratlarga tushishdi.

Bugungi o‘tkazilgan marosimda "Qo‘qon-1912" jamoasining bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov biroz betobligi sabab ishtirok eta olmadi. Barcha muxlislarimiz nomidan bosh murabbiyimizga sog‘lik tilaymiz.

Marosim so‘nggida yoshi ulug‘ otaxon muxlislarimiz boshlanayotgan mavsum oldidan jamoa a’zolariga omad tilab duolar qilishdi.

“Qo‘qon-1912” matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!