
Bekobodliklar ustozi uchun oxirgi imkoniyatmi? "Andijon"ning muvaffaqiyatlari siri nimada? "Metallurg" bosh direktori bo‘lajak raqib va jamoasi haqida
Bekobodning “Metallurg” klubi chempionatni bir tekisda o‘tkaza olmayapti. Turnir jadvalida jamoa 13-o‘rinda. Hisobida 3 tadan durang va mag‘lubiyat bor. Hozircha Superligada g‘alaba qozonish bu jamoaga nasib qilmayapti. Oldinda esa “Metallurg”ni safarda “Andijon”ga qarshi og‘ir uchrashuv kutyapti. “Metallurg” klubi bosh direktori Shavkat Saidov Sports.uz uchun muhim masalalarda fikrlarini bildirib o‘tdi.
Ortda qolgan o‘yinlar xususida
- Birinchi o‘yinda “Lokomotiv”ga qarshi ustunlik biz tomonda edi. Bu futbol. Oxirgi daqiqalarda raqib gol urib ketdi. Keyin “So‘g‘diyona” bilan durangga imzo chekdik. O‘sha uchrashuvning ikkinchi bo‘limida bizda ustunlik ko‘proq edi. 3-turda Farg‘onada juda yaxshi o‘yin bo‘ldi. O‘sha uchrashuvda kamida durang bo‘lishi kerak edi. U erda ham oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordik. 4-turdagi o‘yindan juda xafa bo‘ldim, uchrashuvdan keyin futbolchilar bilan ham qattiq gaplashib oldik. “Dinamo”ni birinchi bo‘limdan keyin 1:0 hisobida yutayotgandik. Ikkinchi bo‘limda Toshqo‘ziev qizil kartochka olganidan keyin o‘yin umuman o‘zgardi, tashabbus “Dinamo”ga o‘tib ketdi. Unda ham raqib ikkinchi golini 90-daqiqada kiritdi. 4 ta uchrashuvdan xulosa qiladigan bo‘lsak, ko‘proq omad kelmayapti. “Paxtakor”ga qarshi bellashuvda ochiq futbol bo‘ldi. Lekin o‘sha o‘yindan ko‘nglim to‘lmadi. Chunki bitta uchrashuvda 4 ta gol o‘tkazib yuborish, juda ko‘p va kerakli muammolar borligini bildik. Murabbiylar shtabi bilan kamida uch soatgacha o‘yinlarimizni tahlil qildik. Statistikaga, faktlarga tayangan holda har bir murabbiyni fikrlarini eshitdik va “Qizilqum” bilan bellashuvdan oldin tarkibda kerakli rotatsiyalarni amalga oshirdik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, oxirgi turda yana omad kelmadi, penaltidan gol ura olmadik. Daler Sharipovning o‘zida uchta yaqqol imkoniyatlar bo‘lgandi. Shaxzod Ubaydullaev penaltidan foydalana olmadi. Bu futbol. Ularga nisbatan qandaydir keskin chora ko‘rsangiz, qaytanga ruhiyat yana orqaga ketib qolishi mumkin. Jamoada o‘yin va imkoniyatlar borligi biroz bo‘lsa-da, bizni ko‘ngilga taskin berib turibdi. Oyni o‘n beshi yurug‘, o‘n beshi qorong‘u degan gap bor. O‘n beshi qorong‘u kunlari o‘tib ketar, degan umiddamiz. O‘zbekiston Kubogida yaxshi o‘ynadik, Farg‘onada ajoyib o‘yin bo‘ldi. Biz ham, “Neftchi” ham optimal tarkib bilan o‘ynadi. Hali ham potentsialimizga, futbolchilarga va murabbiylarga ishonamiz. May oyida yana o‘yinlarimiz bor. Kerakli xulosalarni chiqarganmiz. O‘yin jihatidan intizomni yanada mustahkamlasak o‘ylaymanki, hali kerakli natijalarga erishamiz. Oldinda bitta zaxira o‘yinimiz ham bor. Vaziyatni to‘g‘rilasa bo‘ladi.
Nabvatdagi bellashuv Steshevich uchun oxirgi imkoniyatmi?
- Yo‘q, bunaqa gap-so‘z mavjud emas. Bu assosiz gaplar. Har xolda birorta rahbarimiz, homiyimiz tomonidan muhokama qilinib, chaqirilgani yo‘q. Ular ham ko‘rib, bilib turishibdi. “Metallurg” o‘yini bilan kamida jadvalda 6-7-o‘rinlarda bo‘lishi kerak edi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, tarkibimizda Superligada 3-4 yildan beri o‘ynayotgan o‘yinchilar, yosh iqtidorlar bor. O‘rinboev bilan Ne’matjonov jarohatidan forig‘ bo‘lib safga qaytishsa, yanada kuchayamiz. Legionerlarimiz, masalan Milinkovich endi yuqori formasiga kirib kelyapti. Bobanga omad kelmayapti. Biz jamoaga va murabbiylar shtabiga ishonishda davom etamiz.
“Andijon” va uning muvaffaqiyatlari to‘g‘risida
- Ochig‘ini aytaman, “Andijon”ni bu yilgi natijalarini ko‘rib xursandman. Sababi, bu jamoa tarkibida “Metallurg”da o‘ynagan ayrim futbolchilarni bilaman. Abduvohid G‘ulomov, Farhod Bekmuratovlar bilan birga ishlaganmiz. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov bilan anchadan beri munosabatlarimiz yaxshi. Uning yordamchisi Artyom Petrosyan bir necha yil bizning o‘rinbosarlar jamoamizni boshqargan. Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ham ko‘rishib, nazorat o‘yinlarini ham birgalikda kuzatdik. Bektemir Abdumannonov “Metallurg”dagi ajoyib o‘yinlari bilan tanildi. U “Andijon”ni tanladi, biz ham yo‘q demadik. Lekin oldida ko‘p variantlar bor edi. Ammo “Andijon” bilan kelishildi va ko‘rib turibsiz, o‘z mevasini beryapti. Ikkala qanotlari tez. Himoyasi kuchli. Jismonan baquvvat o‘yinchilar. Xomyakov jismoniy jihatga ham, taktik tarafga ham juda kuchli e’tibor beradi. “Andijon” o‘yin bo‘yicha ham hali hech bir klubga yutqazgani yo‘q. Omad bilan bog‘liq degan joylariga umuman qo‘shilmayman. Bugungi kungacha “Andijon”ni har bir uchrashuvda o‘zining o‘yin uslubi yaqqol ko‘rinib turibdi. “Andijon” hozirgi joyida munosib turibdi. Buning yana bir asosiy sababi shuki, muxlislarining qo‘llab-quvvatlashi ularga yanada kuch va motivatsiya beryapti. Qaniydi, Superliganing hamma jamoalarida shunaqangi muxlislar bo‘lsa?! O‘zimiz ham futbol o‘ynaganmiz. Shularga o‘xshab faol muxlislik qilishsa, o‘yinni tempi ham oshadi, mas’uliyat yanada kuchli bo‘ladi. Shunga nisbatan o‘yin ham ajoyib o‘tadi. “Andijon” klubiga muxlislarining yordami yaqqol bilinib turibdi. 18 may kuni ajoyib o‘yin guvohi bo‘lamiz. Kimdir g‘alaba qozonadi, qolganini vaqt ko‘rsatadi. Ruhiy jihatdan ustunlik “Andijon”da. Bizga ham ochkolar suv va havodek zarur.
Fikrlar