
Bektemir Abdumannonov va Sherzod Esanov "Andijon" bilan shartnoma imzoladi
“Andijon” jamoasi transferlarni amalga oshirishda davom etadi. Iqtidorli futbolchilar – Sherzod Esanov va Bektemir Abdumannonov yangi mavsumda “Andijon” tarkibida to‘p suradilar.
Muxlislarimizga yaxshi ma’lumki, Esanov “Andijon”ga 2022 yilgi mavsumda qo‘shilgan. O‘tgan yili esa birinchi davradan so‘ng “Olimpik” klubiga ijaraga berilgandi. Chempionat tugagach, uning shartnomasi yakunlandi. Ko‘rib turganingizdek, Sherzod yana “Andijon”ga qaytdi va yangi bitim imzolandi.
Esanov 2003 yilning 1 fevral kuni Navoiyda tavallud topgan. “Chig‘atoy”da futbol bilan shug‘ullangan. Aytish lozimki, Esanov o‘tgan yili yurtimizda bo‘lib o‘tgan U-20 Osiyo chempionatida terma jamoamiz safida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Jamoaning yana bir yangi a’zosi – Bektemir Abdumannonov 2002 yilning 12 iyul kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanida tavallud topgan. “Paxtakor” akademiyasida tahsil olgan va 2019 yili birinchi ligada to‘p surgan. 2020 hamda 2021 yillarda “Olimpik” sharafini himoya qilgan. Shundan so‘ng “Metallurg”ga ko‘chib o‘tgan va 2023 yil oxiriga qadar bekobodliklar uchun to‘p surdi.
Abdumannonov “Andijon” bilan shartnoma imzoladi va endi bor e’tiborini yangi klubiga qaratadi.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar