Husanovning ilk o‘yini necha ballga loyiq ko‘rildi?
O‘zbekiston terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov Italiya ning «Inter» jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidagi o‘yini uchun yuqori baholandi.
Statistik ko‘rsatkichlarga ixtisoslashgan Flashscore portali o‘zbekistonlik futbolchining maydondagi harakatlarini 7,2 ballga baholadi.
Shu tariqa, Husanov ingliz klubi tarkibidagi natijalar bo‘yicha braziliyalik hujumkor futbolchi Savio bilan birgalikda beshinchi o‘rinni bo‘lishibdi — u ham 7,2 ball oldi.
«Manchester Siti» safida eng yuqori bahoni juda faol o‘ynagan Antuan Semenyo qayd etdi — 8,0 ball.
Divin Mubama, Niko Gonsales va Vitor Reyslar o‘yini esa 7,5 ball bilan baholandi.
Abduqodir Husanov uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va butun 90 daqiqa davomida maydonda qoldi. 83-daqiqada o‘zbekistonlik himoyachi ogohlantirish olib, sariq kartochka bilan jazolandi.
Bellashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. 14-daqiqada Divin Mubama «Manchester Siti»ni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 20-daqiqada «Inter» futbolchisi Benjamen Pavar hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda manchesterliklar juda katta ustunlikka ega bo‘ldi. Husanov jamoasiga g‘alaba keltirishi mumkin edi. Uning noqulay holatda bir urinishda bergan zarbasini himoyachi darvoza chizig‘i ustidan qaytarib yubordi.
Uchrashuv g‘olibini aniqlash uchun penaltilar seriyasi o‘tkazildi. Abduqodir ingliz jamoasi safida ikkinchi bo‘lib zarba yo‘lladi, ammo to‘p darvoza toriga tushmadi. Penaltilar seriyasida «Inter» 3:1 hisobida ustun keldi.

Fikrlar