Bellingem Mbappe kabi “Real” shifokorlaridan norozi bo‘lib, Londonga ketib qoldi
“Real” yarim himoyachisi Jud Bellingem klub tibbiy shtabi ishidan norozi bo‘lib, Londondagi shifokorlarga murojaat qildi. Bu qaror hujumchi Kilian Mbappening ham klub shifokorlari qo‘ygan tashxisdan norozi ligidan keyin qabul qilingani aytilyapti.
Tribuna nashri xabariga ko‘ra, bu holat “Real” ichidagi muayyan muammolardan dalolat beradi.
Manba ma’lumotida aytilishicha, Bellingem jarohati bo‘yicha muqobil (ikkinchi) tibbiy xulosa olish uchun Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketgan. Futbolchi tiklanish jarayoni cho‘zilib ketgan, deb hisoblamoqda va shu sababli angliyalik mutaxassis bilan maslahatlashishga qaror qilgan.
Londonga safarda unga madriddlik klub tibbiy xizmati rahbari Niko Mixich hamrohlik qilmoqda. Biroq ikkinchi fikr olishga murojaat qilinganining o‘zi “Real” tibbiy bo‘limida tizimli muammolar borligini ko‘rsatadi.
Bellingem va uning vakillari amaldagi davolash kutilgan natijani bermayotganidan xavotir bildirmoqda. Uning maydonga qaytish muddati cho‘zilishi yarim himoyachining mavsumning hal qiluvchi o‘yinlarida ishtirok etishiga halaqit qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Bellingem 1 fevral kuni “Rayo Valyekano”ga qarshi uchrashuvda son orqa qismi mushagidan jarohat olgan va o‘yinning 10-daqiqasida maydonni tark etishga majbur bo‘lgan edi.
Fikrlar