
Besh tashabbus amalda
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi bo‘yicha respublikamizning barcha hududlarida sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyatining bir qator hududlarida sportning yunon-rum kurashi, futbol, stol tennisi, suzish hamda engil atletika turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Unda jami 700 nafarga yaqin yosh o‘zaro kuch sinashdi.
Qarshi shahar bolalar va o‘smirlar sport maktabida yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan “Biz giyohvandlikka va terrorizmga qarshimiz” shiori ostidagi ochiq birinchilikda mezbonlardan tashqari Surxondaryo viloyatidan ham yosh iste’dod egalari ishtirok etdi.
Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida engil atletika bo‘yicha Qarshi shahridagi mahalla yoshlari o‘rtasidagi musobaqalar ham qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Bolalar va o‘smirlar sport maktabining futbol maydonida “Futbolimiz kelajagi” shiori ostida 9-14 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi. 120 nafarga yaqin yosh ishtirok etgan turnirda Qarshi tumani “Qoratepa“ MFY jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Lagandi“ MFY va “Padaron“ MFY jamoalari ikkinchi hamda uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Shahrisabz shahridagi “Beruniy” sog‘lomlashtirish yozgi dam olish oromgohida “Yoz – o‘tmoqda soz” shiori ostida stol tennisi musobaqasi o‘tkazildi. Bu musobaqada oromgohning 100 nafarga yaqin dam oluvchisi ishtirok etdi. “Hisor”, “Lokomotiv” sport o‘yingohlaridagi futbol, Kitob tumanidagi suzish havzasida suzish turi bo‘yicha musobaqalarda ham yoshlar faol qatnashdi.
G‘olib va sovrindorlar mutasaddi tashkilotlar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Fikrlar