
"Bitta taklif bor, lekin..." yoxud Viktor Kumikov jamoasidagi o‘zbekistonlik futbolchini maqtadi
O‘zbek ishqibozlariga begona bo‘lmagan Viktor Kumikov o‘tgan yildan buyon Qozog‘istonning “Qaysar” jamoasiga bosh murabbiylik qilib kelyapti. O‘zbekistonda “Mash’al”, “Nasaf”, OKMK va “Andijon” klublarida faoliyat olib borganini yaxshi bilasiz.
Viktor Balyutovich hozir jamoasi bilan yangi mavsumga tayyorgarlikka qizg‘in kirishgan. Dekabr oyida Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazgandi va yanvar oyida ham yana Antaliyada shug‘ullanishmoqda. Mutaxassis u erdagi faoliyati va yana bir qancha savollarga javob berdi.
- Viktor Balyutovich, Qozog‘istondagi faoliyatingiz qanday? O‘tgan yili jamoangiz bilan chempionatni 6-o‘rinda tugatdingiz. Bu sizni qoniqtirdimi?
- O‘zingiz yaxshi bilasiz, “Qaysar” faqat 2023 yilga kelib Qozog‘iston premer-ligasida o‘ynash imkonini qo‘lga kiritgan. Shuning uchun ham birinchi yildagi natija hammani qanoatlantirardi!
- Sizni klubdan ketishingiz mumkinligi haqida eshitib qolyapman. Buni tasdiqlay olasizmi yoki mish-mishmi?
- Ha, menda shartnoma imzolash bilan bog‘liq bitta taklif bor, lekin bundan keyin ham Qizil O‘rdada qolib ishlamoqchiman.
- Viktor Balyutovich, O‘zbekistondan sizga yana taklif bormi?
- O‘zbekistondan hech qanday taklif bo‘lmadi.
- Yangi mavsumda oldingizga qanday maqsad qo‘yilgan?
- O‘tgan yildagiga nisbatan yuqoriroq o‘rinni egallashga harakat qilamiz!
- Ayni paytda qo‘l ostingizda o‘zbekistonlik futbolchi Shoxnazar Norbekov shug‘ullanyapti. U haqida fikringiz qanday? “Qaysar”da qoladimi?
- Norbekovni OKMKdagi o‘zaro ish orqali yaxshi taniyman. Undagi sifatlar meni to‘liq qanoatlantirardi. U tezkor va ishlashni biladi. Bu asosiy masala, qolganini hal qilamiz.
- Jamoangizga yana boshqa o‘zbekistonlik o‘yinchilarni taklif qilish rejangiz bormi?
- Hozir bunday nomzod yo‘q. Qolaversa, bizning klub unchalik boy emas va o‘zimiz safda ko‘rishni istaydigan o‘yinchilarni sotib olishga qurbimiz etmaydi. Shu boisdan ham byudjetdan kelib chiqqan holda ishlashimizga to‘g‘ri keladi.
- Darvoqe, sobik klubingiz – “Andijon”ni kuzatib bordingizmi?
- “Andijon”ning o‘yinlarini Qozog‘istonda ko‘rsatishmaydi. Ammo klubning natijalari va musobaqa jadvalidagi mavqeini kuzatib bordim. Jamoa munosib ishtirok etdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar
"Ҳурматли" Шухратбек Жўраев,- деб ёзсам ёқмаса керак, а? Лекин сиз, бизга шундай ёзаяпсиз. Қўштирноқ ичидаги чала гап, бош гапга умуман боғланмайдику. "Лекин, ёхуд" боғловчиларини бирини қўштирноқ ичида, бирини қўштирноқ ташқарисида қўшиб, ёнма-ён ишлатсангиз ҳам. Бу гап, эргаш гапми? Агар эргаш гап бўлса, қайси тури? Менимча сиз, янги гап турини ихтиро қилдингиз.