
"Biz boy klub emasmiz, Hojimirzaev aqqli va bu omadni ikki qo‘llab ushlab olish kerak" - Vadim Abramov
Superliganing ushbu turida "Dinamo" Qarshida "Qizilqum"ni engdi. "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov "Qizilqum" ustidan erishilgan g‘alabadan keyin Qarshida matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- O‘yinda tezkor gol urgach, bahs ko‘p narsa va’da berayotgandek ko‘ringan bo‘lsa-da, aslida og‘ir o‘tdi. Afsuski, tarkibdagi muammolar baribir o‘z so‘zini aytmay qolmayapti. Deyarli har o‘yinda oddiy vaziyatlarda to‘p o‘tkazyapmiz. Bugungi penaltini ham o‘zimizga yaratdik. Har qanday holatda ham yigitlarga rahmat deyish kerak, kurashib g‘alabaga erishishdi. Zaxiramiz unchalik katta emasligi ham ta’sir qilyapti. Ayniqsa, jarohatlar sabab maydon markazida o‘zimiz istagan o‘yinni qura olmaymiz. Raqobatchi jamoani mag‘lub etish muhim edi, muxlislarga ham kelib, qo‘llab-quvvatlashgani uchun rahmat. Qolgan uch turda ham yaxshi o‘yinlar bilan mavsumni yakunlab, kelasi yil haqida o‘ylash kerak.
- "Dinamo" o‘tgan tur "Nasaf"ga qarshi kuchliroq o‘ynab yutqazgandi, bugun deyarli tengkurashda g‘alabaga erishdi. Buni qanday izohlagan bo‘lardingiz?
- Chindanam, bugun eng yaxshi o‘yinimiz bo‘lmadi. Ammo biz o‘tgan 3 ta o‘yinda tengkurashib, mag‘lub bo‘ldik, omad ham etishmagandi. Bugun ham penaltidan gol o‘tkazgach, yigitlarda ishonch sezilmadi. Qolaversa, "Qizilqum" biz uchun yoqimsiz o‘yin taklif qildi va shunga moslashishga majbur edik. Shu bois o‘zimizga uncha xos bo‘lmagan o‘yinni ko‘rsatdik. Bu raqibni kuchini to‘g‘ri baholab o‘ynadik, ular o‘tgan tur "Paxtakor"ni mag‘lub etishgandi. Natijaga o‘ynab, g‘alaba qozonish muhim edi, biz uchun.
- Kelasi yilgi rejalar belgilab olinganmi? Maqsadlar haqida...
- Oldin ham aytganman, Samarqanddek shahar jamoasi o‘rtamiyona o‘rinlar uchun emas, sovrinli o‘rinlar uchun kurashishini istardim, tabiiyki murabbiy sifatida o‘zim shuni xohlayman. Rahbariyat futbolga e’tibor bermayapti deyishdan yiroqman, ulardan minnatdorman, viloyatda futboldan boshqa muammo va ijtimoiy masalalar ham borligini tushunaman. Bizga baza kerak – mashg‘ulotlar jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish uchun. Mashg‘ulot maydonlari orqaligina mahalliy yoshlarni tarkibga jalb etishni yaxshilash mumkin. Mahalliy o‘yinchilarsiz futbolda raqobatlashish qiyin. Holatimiz bo‘yicha ham obektiv qarash kerak – biz eng boy klub emasmiz, bizdan oldinda bo‘lgan klublar, grandlar bor, tarkib borasida raqobatlashish qiyin.
- Anvarjon Hojimirzaev bugun 10-golini urdi, u turnirda eng yaxshi o‘zbekistonlik to‘purar bo‘lib turibdi. U Pro ligadan kelib "Dinamo"da o‘sishga erishdi, hozir esa boshqa klublar e’tiborida, u. Hojimirzaev bilan qachon shartnoma uzaytiriladi?
- Futbolchi mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazsa, unga takliflar bo‘lishi tabiiy holat, buni tushunaman. Agar qaysidir futbolchi ketishni istasa, men uni majburiy ushlab qolish tarafdori emasman. Shunday bo‘lishi kerakki, futbolchi uchun ham bu jamoada yaxshi bo‘lishi lozim va biz ham o‘yinchining talabini bajara olishimiz kerak. Futbolchining faoliyati qisqa, baliq chuqurroq suv joyini izlagani kabi, futbolchi ham o‘ziga yanada yaxshiroq joyni xohlaydi. O‘yinchimizga taklifimizni bildirganmiz, u hozir o‘ylab ko‘rmoqda, bu unga bog‘liq. Hojimirzaev aqlli futbolchi, u tushunadi – mavsumda omadi kelayotgan ekan, bu omadni ikki qo‘llab ushlab olish kerak. Chunki, jamoani almashtirish istalgan o‘yinchiga ta’sir qilmay qolmaydi, bunga misollar ko‘p, shu bois, mayli hammasini o‘ylab olsin.
- Qo‘l ostingizda o‘sishga erishayotgan o‘yinchilar talaygina, takliflar haqida ham xabarlar bor. Ayting-chi, hozirga kelib jamoadan kimdir ketishi haqida sizni ogohlantirdimi?
- Bunday futbolchilar yo‘q, hozircha menga kimdir kelib, mavsum oxirida ketishi haqida gapirmadi. Men ham siz kabi faqat mish-mishlarni eshityapman. Albatta, biz ham kelasi mavsum haqida o‘ylayapmiz. Ammo takrorlayman, men kimnidir majburiy o‘ynatish tarafdori emasman.
- "Dinamo" darvozasiga oxirgi 4 o‘yinda 4 ta penalti belgilandi. Hakamlarning qaroriga tushuntirish topib berilyapti. Ammo o‘yinchilarim ham himoyalanishda xatolarga yo‘l qo‘yapti deb hisoblamaysizmi, masalan bugungi Vohidjon Oqbo‘taevning qo‘polligi...
- Bilasizmi, bu penalti – maktab yo‘qligi bilan bog‘liq. Bolalar futbol maktabida mana shunga o‘rganmagan. Shu bois buni muhokama ham qilmayman, men uchun kulguli hatto. O‘zingiz o‘ylang, jarima maydonida shunday o‘ynash mumkinmi? Bu aniq penalti edi. Bunga hayron qolmadim. Vohid bugun o‘zining kuchli jihatlarini ko‘rsatmadi, aks jihatlari bilan ko‘rindi.
- Jamoangiz o‘yini yaxshi, hujumlari ham yorqin. Ammo negadir barqarorlik yo‘q. Bu nima bilan bog‘liq?
- Sabablaridan biri – zaxira o‘rindig‘imiz nisbatan tor, ya’ni tanlov katta emas. Ikki o‘yinchimiz jarohat olsa, bu o‘yinimizga ta’sir etmay qolmaydi. Jamoamizda etakchilar bor, ammo ularning o‘yini chiqmay qolgan payt ham bo‘ladi. Kojoni nazarda tutgan bo‘lsangiz, u ham milliy jamoasida bo‘lgan payt ancha vaqt mashg‘ulotlarimizda bo‘lmaydi, qaytib moslashishi uchun ham vaqt talab etiladi. Bunday vaziyatda “stabillik” bo‘lmasligi normal holat.
Fikrlar