Bobur Yo‘ldoshev: Raqibga hech qachon ataylab jarohat etkazmayman, ularni xolidan xabar olgani albatta boraman

  • 28 oktabr, 2020, 07:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” – AGMK o‘rtasidagi o‘yin natijasidan ko‘ra, uchrashuvda yuz bergan voqealar ko‘proq barchaning diqqat-e’tiborida bo‘lib turibdi. Mezbonlarning ikki nafar a’zosi – Shohnazar Norbekov hamda Suhrob Berdievning og‘ir jarohatlari har qanday odamning kayfiyatini buzadigan darajada edi. Futbolda jarohatlar bo‘lib turadi, ammo bu kabi jiddiy ko‘rinishdagilari juda achinarli holat. Chunki bu ularning sog‘ligiga xavf solishi mumkin.

Tecno

Qizig‘i, Norbekov hamda Berdiev jarohat olgan vaziyatlarda AGMKning bir futbolchisi – Bobur Yo‘ldoshev to‘qnash keldi. Odatda, bunday og‘ir jarohatlardan so‘ng bosh hakam raqib o‘yinchisini maydondan chetlatishi tabiiy. Lekin Qo‘qondagi bahsda bunday bo‘lmadi.

Balki bu baxtsiz tasodifdir, chunki jabr ko‘rgan futbolchilar ham noqulay yiqilishgan bo‘lishi mumkin. Baribir ikkala to‘qnashuvda ham Yo‘ldoshevning borligi turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi tabiiy.

Yana bir gap: marhum futbolchi – Sirojiddin Sayfiev ham bir necha yil muqaddam “Lokomotiv” – “Dinamo” bahsida oyog‘ini sindirib olgandi. O‘sha vaziyatda ham Bobur Yo‘ldoshev bilan to‘p uchun kurashganidan keyin shu ish sodir bo‘lgandi.

Ko‘rib turganingizdek, futbolchilarning og‘ir jarohatga yo‘liqishidagi vaziyatlarda Bobur o‘zi istmagan holda ishtirok etib qolmoqda. Shu sababli futbolchi sports.uz sayti muxbiriga bo‘lib o‘tgan voqealar xususida o‘z munosabatini bildirdi.

- Futbol o‘z yo‘liga, birinchi o‘rinda sog‘lik. Dastlab Norbekov bilan yuz bergan vaziyatga to‘xtaladigan bo‘lsam, televidenie orqali ko‘pchilik ko‘rdi, o‘sha holatda men birinchi bo‘lib to‘pga o‘ynaganman. Ammo futbol – bu “kontakt”larga boy o‘yin. Nima bo‘lishini oldindan bilmaysiz. Meni yaxshi taniydiganlar bilishadiki, hech qachon raqibga ataylab jarohat etkazmaganman va etkazmayman ham. O‘sha videoni hamma ko‘rsin, men ataylab jarohat etkazmayman. Chunki o‘zim ham futbolchiman va buni juda yaxshi tushunaman. Ayniqsa, jarohat olgach, futbolchi qanday holatga tushishini bilaman. To‘g‘risi, birinchi vaziyatda nima bo‘lganini tushunmadim ham. To‘pga o‘ynaganimda, raqib o‘yinchisi menga kelib urildi va mening ham boshim shishib qolibdi. Ertalab tursam, g‘urra bo‘lib qolgan. Albatta, o‘sha raqib o‘yinchisidan hol-ahvol so‘radim, o‘sha paytda esa hech nimani bilmadim. Ikkinchi vaziyatda ham nima bo‘lganini tushunmay qoldim. To‘pni oyog‘imning yon qismi bilan tepganman. Bu videoda ham ko‘rinib turibdi. Agar kimgadir atayin jarohat etkazmoqchi bo‘lsa, futbolchi oyog‘ining tag qismi bilan zarba beradi. Men unday qilganim yo‘q. O‘sha vaziyatni keyin videoda ko‘rib chiqqanimda o‘zimga ham juda yoqimsiz bo‘ldi. Berdievning oyog‘i gazonga ilashib qolganmi bilmadim, lekin oyog‘i qayrilib ketdi. Agar oyoq havoda bo‘lsa va bunday paytda zarbani qabul qilib olsa, oyoq hech qachon sinmaydi. U oyog‘ining tashqi qismi bilan to‘pga qarab intilgan, men esa to‘pni tepganman. Balki o‘sha paytda to‘pga zarba berganimda biroz uning oyog‘iga ham tekkandir. Boya aytganimdek, raqibning butsisi gazonga ilashib qolgan va o‘zining og‘irligi bilan yiqilgan. O‘sha vaziyatda qaradim, juda og‘riqli edi, bilib turibman Suhrob Berdievga qiyin.

yuldoshev2

Men yana qaytaraman: hech qachon raqibga jarohat etkazish uchun ataylab harakat qilmayman. O‘yindan keyin ham uning yoniga bordim, uzr so‘radim. Lekin atayin bo‘lmaganini tushuntirdim. Baribir bu noqulay edi. Hamma odam vaziyatni oxirigacha ko‘rmasdan turib to‘g‘ri baholamaydi. Shunchaki, xolisona ko‘rish kerak. Maydonda bunaqa jang bo‘lgani bilan hayotda bir-birimiz bilan sen-menga bormaymiz. Chunki nima bo‘lsa hammasi maydonni o‘zida qolib ketadi. Hozir uydaman, ertaga Toshkentga boraman. Agar shifoxonaga yotgan bo‘lsa, albatta uni yana ko‘rgani boraman, bu aniq. Chunki bunday jarohat hamma bilan sodir bo‘lishi mumkin.

Rahmatli Sirojiddin Sayfievning oyog‘i singan paytda ham to‘p uchun kurashgandik. Agar o‘sha vaziyatdagi video bo‘lsa ko‘rishingiz mumkin, o‘shanda to‘pni olib o‘tib ketganman. Sayfiev orqamdan kelib urilgandi. Shifokorlar esa har ikkalamizga ham yordam ko‘rsatishgan va keyin uning oyog‘i sinibdi deyishgan. Hammaning peshonasiga yozilgani bo‘ladi, hech kim nima bo‘lishini oldindan bilmaydi. Masalan, o‘yindan oldin bugun nima bo‘lishini bilmaymiz-ku. Mana, kechagi o‘yinni ko‘rganlar bo‘lsa, o‘zlari guvoh bo‘lishdiki, maydonda qattiq jang kechdi. Chunki bizga ham g‘alaba kerak edi. Hech kim yutqazishni xohlamaydi. Klub sizga shuncha sharoit yaratyaptimi, biz ham qo‘limizdan kelganicha harakat qilishimiz kerak. Kecha instagramda bittasi bu ikkinchisi, oldin Sayfievni sindirganding, bu safar Berdievni, debdi. Lekin men aslo biror-bir futbolchining ortidan sindiraman deb bormaganman va bunday qilmayman ham. Bu yomon narsa. Vaziyat ataylab sodir bo‘lgani yo‘q. Kecha o‘yindan keyin echinish xonasiga kirganimdan so‘ng biroz o‘zimga kelib olishim uchun o‘tirdim. Axir hammamiz insonmiz, nimalar bo‘lganini o‘ylaysiz-ku, ayniqsa, kimgadir ozor berib qo‘ydimmikin, degan narsa hayolingizga keladi. Ammo sheriklarim yonimga kelib videoni ko‘rdik, senda ayb emas ekan, raqib o‘zi noqulay yiqilibdi deyishdi.

Ushbu futbolchilar bilan bog‘liq vaziyat men bilan ham yuz berishi mumkin edi. Chunki biz bir-birimizga qarab to‘qnashib ketdik. O‘sha birinchi vaziyatda ko‘rsangiz, to‘pni qaytarganimda raqib menga kelib urildi. Shifokorlarimiz yordam ko‘rsatish uchun maydonga chiqishganida menga o‘ynay olasanmi, deb so‘rashganida, o‘ynayman dedim. Raqib futbolchisini esa shifoxonaga olib ketishganini keyin bildim. Chunki men o‘zim bilan o‘zim ovora bo‘lib qolgandim. Ikkinchi vaziyatda esa o‘yin tugab qolgandi. Bu juda yoqimsiz holat. Uni tez tibbiy yordam mashinasiga olishayotganida ham hol-ahvol so‘rab, sog‘lik tiladim.

kukon_5

Bo‘lib o‘tgan ishlar o‘zimga ham noqulay. Boya aytdim-ku, ularning o‘rnida men ham bo‘lishim mumkin edi. Bunday holatlarni hech qachon yodimdan chiqarmayman. Lekin biz nima qila olamiz? Bo‘ladigan ish bo‘ldi, hech nimani orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Agar orqaga qaytarishni ilojisi bo‘lganida, o‘sha vaziyatga umuman aralashmagan bo‘lardim. Yutqazsak ham, raqib futbolchisining oyog‘i sinishini xohlamasdim. Hamma har xil fikrlaydi. Kimdir bu vaziyat uchun menga nimadir deyishlari mumkin. Biroq viedoni ko‘rib xolisona baho berishsin.

Mag‘lubiyatlarga birinchi sabab o‘zimiz. “Nasaf” bilan uchrashuv ham qiyin bo‘lishini bilardik. Qo‘qonda ham bizni murakkab o‘yin kutayotganini tushunib turgandik. Futbolda ozgina bo‘shashsangiz, keyin o‘zingizga kelishingiz qiyin bo‘lib qoladi. Menimcha, biroz xotirjamlikka berildik, shekilli. “Nasaf” yaxshi o‘ynadi, Qo‘qondagi bahsda esa mag‘lubiyatga loyiq emasdik. Ularda bitta vaziyat bo‘ldi va Murod Xolmuhammedov zarba berganida to‘p darvozaga kirib ketdi. Mezbonlarga qaraganda, bizda bir nechta imkoniyatlar bo‘lgandi. Futbol shunaqa o‘yin, siz gol urmasangiz, sizga urishadi. Bunday uchrashuvda o‘yin taqdirini bitta gol hal qilishini bilib turgandik. Ammo bundan keyin yana harakat qilishda davom etamiz. Qo‘lni tushirmoqchi emasmiz. Oldinda yana beshta tur bor. Menimcha, 2- va 3-o‘rinlar uchun kurash oxirida hal bo‘ladi. Gapimning oxirida yana bir Norbekov bilan Berdievga sog‘liq tilayman, Xudodan ularning tezroq sog‘ayishini so‘rayman, - dedi Bobur Yo‘ldoshev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
28/10/2020 09:01
Бобир Йулдошев сенга рахмим келади сен мишки айибдор эмассан, 3 киши булади сабаб сенда кузинг бор Яна нечтаси нобит килмасдан сен йигиштир бу ишингни