Boks bo‘yicha jahon chempionatining sirli jamoasi Mo‘g‘uliston haqida yohud bosh murabbiy qanday natijani ko‘zlamoqda?

  • 21 aprel, 2023, 12:56
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, o‘zbekistonlik murabbiy Abror Tursunpo‘latov  Mo‘g‘uliston boks terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lib faoliyat olib bormoqda. Ayni kunlarda mo‘g‘ulistonliklar Toshkentda tashkil etiluvchi jahon chempionatida ishtirok etish uchun etib kelgan va mashg‘ulotlarni olib borishmoqda. Biz fursatdan foydalanib, Abror Tursunpo‘latov bilan qisqacha suhbatda bo‘ldik.

Tecno

Umuman jahon chempionatiga tayyorgarlik qanday bo‘ldi?

Hali ham tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz. Biz hammadan oldin O‘zbekistonga etib keldik. Qirg‘izistondagi xalqaro turnirdan keyin Mo‘g‘ulistonga qaytmadikda to‘g‘ri O‘zbekistonga kelaverdik. Chorvoqda 13 kun mobaynida mashg‘ulotlar olib bordik. Keyin Toshkentda O‘zbekiston terma jamoasi bilan hamkorlikda 8 kun yig‘in o‘tkazdik. Hozirda, Bekobodda tayyorgarlikni davom ettirayapmiz. Bir so‘z bilan aytganda barchasi a’lo darajada bo‘ldi.

O‘zbekiston terma jamoasi bilan qo‘shma hamkorlikdagi mashg‘ulotlar qay darajada foydali bo‘ldi?

Yuqorida aytib o‘tganimdek, 8 kun birgalikda ishladik, yaxshi sparringlar bo‘ldi. Shubhasiz, yuqori darajadagi bokschilar bilan ishlash juda foydali bo‘ladi. Biz o‘zimiz uchun kerakli bo‘lganini oldik. O‘z o‘rnida bizga yaqindan yordam berganligi uchun O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevga, Rahmatjon Ro‘zioxunovga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

- Mo‘g‘uliston boks federatsiyasi tomonidan jahon chempionatiga qanday qa’tiy natija qo‘yildi?

- Imkon qadar ijobiy natijalar qayd etishimizni istashadi va biz bunga harakat qilamiz.

- Mo‘g‘uliston terma jamoasi jahon chempionatiga barcha 1- raqamli bokschilari bilan tashrif buyurdimi yoki qaysidir holatlar tufayli qolib ketganlar bo‘ldimi?

- Barcha etakchilar bilan tashrif buyurdik. Birgina -48 kg vazn toifasi ozgina munozarali edi. Qirg‘izistondagi turnir mobaynida neytral hakamlar orqali ko‘rib, kim ishtirok etishini aniqlab oldik.

- Murabbiy sifatida qaysi vazn toifalarida sovrindorlar qatoridan joy olish imkoniyatinglar yuqori?

- Mo‘g‘uliston terma jamoasida har doim engil vazn toifalarida kuchli bokschilar bo‘lgan. Og‘ir vazn toifasida ham yaxshi bollar bor. Bu yil +92 kg vazn toifasida ham ishtirokchimiz bor. Uning ilk katta musobaqasi, umid qilamanki, u ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oladi. Murabbiy sifatida kamida 3 ta medalni ko‘zlab kelganmiz.

- Mo‘g‘uliston terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi:

- 48 kg: G. Gan Erdene

- 51 kg: X.Enxmandax

- 54 kg: D.Ganbold

- 57 kg: X.Enx-Amar

- 60 kg: T.Enxtөr

- 63.5 kg: B.Chinzorig

- 67 kg: B.Misheelt

- 71 kg: O.Byambaerdene

- 75 kg: J.Otgonjargal

+92 kg: X.Beknur

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!