
Bokschi va xokkeychilarni hayratda qoldirgan egizaklar qissasi
2020 yilda «Bayer» jamoasi himoyachilari - egizak Benderlar butsalarini mixga ilgani haqida rasman ma’lum qildi. Endigina 32 yoshga qadam qo‘ygan futbolchilar yana kamida 3-4 yil sifatli futbol namoyish etishi mumkin edi, biroq...
Sven va Lars Benderni ko‘plab Bundesliga muxlislari yaxshi tanishadi desak, adashmagan bo‘lamiz. Ular ortda qolgan yilning so‘ngida o‘z faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi?
Afsuski, egizaklar so‘nggi oylarda asosiy tarkibdan tushib qolishni boshladi. «Aspirinlar» bosh murabbiyi - Peter Bosh himoyada Edvay, Dragovich, Jonatan Ta va Edmon Tapsoba kabi himoyachilarga ishonyapti va o‘z navbatida, ular qilishi kerak bo‘lgan ishni ortig‘i bilan bajarmoqda. Markazda esa, Bosh chaqqonroq futbolchilarga imkon berishni afzal ko‘rdi. Oqibatda, Benderlar klub uchun keraksiz futbolchiga aylanib qoldi.
Lars Boshning 5-tanloviga aylandi. Sven esa, o‘ng qanot himoyasida to‘p surishga majbur qilindi. Afsuski, o‘ng qanotda ham u Mitchell Vayzerga borgan sari raqobatda mag‘lub bo‘layotgan edi. Boz ustiga, Fosu-Mensaning safga qo‘shilgani ishni yanada mushkullashtirib yubordi.
Bu egizaklar bir necha yillardan beri birga to‘p surib kelmoqda. Bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash yigitlarning hayot yo‘li o‘zgacha. Lars «Myunxen-1860» jamoasini «Bayer»ga o‘zgartiradi. Afsuski, u Leverkuzen klubi safida hech qanday sovrin yutishni uddalay olgani yo‘q. Terma jamoa safida esa, Evropa chempionatining bronza medaliga ega chiqdi. "Rio Olimpiadasi"da kumush medal bilan ortga qaytdi.
Sven esa, egizagidan klub borasida ozgina omadliroq chiqdi. U Dortmundning «Borussiya» klubini tanladi va jamoaning so‘nggi yillardagi eng kuchli davrida to‘p surdi. Klopp davrida ikkita chempionlik va Germaniya superkubogi qo‘lga kiritildi. Afsuski, Lyov Sven va Larsning o‘yin uslubini u qadar yoqtirmas edi. Shu bois, 2014 yildagi mundial uchrashuvlarini egizaklar televizor orqali ko‘rishga majbur bo‘ldi. Vaholanki, Lars Braziliyaga yo‘l olgan Kramerdan bir bosh ustun futbolchi edi. Uning mundialdan qolib ketishi, keyinchalik hayotidagi eng katta armonga aylanib qoldi.
2017 yilga kelib, Svenning Dortmund klubi bilan tuzgan shartnomasi o‘z yakuniga etdi. «Bayer» esa, uni erkin agent sifatida o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Bu paytga kelib, Sven allaqachon markaziy himoyachiga aylanib bo‘lgan edi.
Tan olish lozim, egizaklarning texnikasi u qadar yuqori emas edi. Shunga qaramay, tartib-intizom va mehnatkashlik bu kamchilikni bir necha yillar davomida berkitib keldi. Afsuski, zamonaviy futbol hujumkor futbolchilarni oldingi planga chiqarishni boshlagach, ular chekinishga majbur bo‘lishdi.
Achinarlisi shundaki, jarohatlar Benderlarni butun faoliyati davomida uzluksiz taqib etib yurdi. Egizaklar maydonda chinakamiga jang qilishga odatlangan. Shu bois, ular olgan jarohatlar soni kishini hayron qoldiradi. Miya chayqalishi, bosh suyagining dars ketishi, elka suyagining sinishi va bel qismidagi turli jarohatlar ularni chinakam «jangchi» bo‘lganidan dalolat. Tan olish lozim, bunday kasallik varaqasiga ega bo‘lishni MMA yoki boks vakillari ham istamaydi.
Lars o‘zining so‘nggi jarohatini pandemiyadan avval orttirib oldi. «Borussiya» Dortmundga qarshi kechgan bahsda 3:3 natijasi qayd etilayogan edi. Qahramonimiz jarohat olgan bo‘lsa-da, Boshdan o‘zini almashtirmasligini iltimos qildi. Ko‘p o‘tmay, 4-golni kiritdi va jamoasiga g‘alaba keltirdi. Keyin yana ikkita uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lsa-da, shifokorlar uni jarrohlik stoliga yotqizishdi. Tizza suyaklaridagi muammo futbolchini butun mavsumga ishdan chiqargan edi.
Benderlar katta futboldan ketgan bo‘lsa-da, «Myunxen-1860» jamoasi bilan kiberfutbol olamida «mo‘’jizalar» namoyish etmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, ular video o‘yin orqali o‘zlari sevgan klubni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirishgan. «BILD» nashri esa, tez orada Benderlarni yana katta futbolga qaytishini va «Myunxen-1860» klubi safida to‘p surishini bashorat qilmoqda. Ayni dam, klub 2-bundesligaga chiqish uchun kurash olib bormoqda. Tajribali Lars va Svenning kelishi jamoa uchun oldinga tashlangan qadam bo‘lishi turgan gap. Shu bois, klub vakillari Benderlar bilan muzokaralarga kirishish arafasida. Ular esa, hozircha, sukut saqlamoqda.
Fikrlar