
“Bo‘rilar” Husanovga asosiy tarkibdan joy kafolatladi, boshqa da’vogarlar “qimirlab” qoldi!
Evropada qishki transfer bozori ochildi. Tarkibida o‘zgarishga qo‘l urmoqchi bo‘layotgan klublar ancha faollashib qoldi. Yanvarda bozori “qaynaydigan” futbolchilardan biri “Lans”da o‘ynayotgan markaziy himoyachimiz Abduqodir Husanov bo‘ladi.
Eng nufuzli manbalar 20 yoshli iste’dod egasiga Frantsiya, Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Turkiyaning o‘ndan ziyod klublari jiddiy qiziqish bildirayotgani haqidagi ma’lumotlar tinimsiz e’lon qilinmoqda.
Hatto ayrim klublar hali transfer oynasi ochilmay turib, “Lans”ga aniq taklif bilan murojaat qilgandi. Xususan, Angliya Chempionshipida o‘ynayotgan “Lids Yunayted” o‘zbek futbolchisi uchun frantsuzlarga 20 million evro taklif qildi. Biroq bu taklif klubni ham, Husanovni ham qiziqtirgani yo‘q.
Caught Offside nashriga ko‘ra, Abduqodir Husanovga Angliyadan yana bir aniq taklif tushdi. O‘z safida iste’dodli o‘yinchilarni jamlash bo‘yicha katta tajriba to‘plagan “Vulverxempton” o‘zbekistonlik himoyachini olish bo‘yicha amaliy qadam tashladi.
- O‘zbekiston terma jamoasi va “Lans” himoyachisi Abduqodir Husanov faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirish ehtimoli oshib bormoqda. Britaniya klublarining bu o‘yinchiga mavsum boshida boshlangan qiziqishi tobora kuchayib bormoqda.
Qishki transfer oynasining dastlabki kunlarida Husanov uchun kurashda aniq taklif tayyorlagan “Vulverxempton” favoritga aylandi. “Bo‘rilar” o‘zbek futbolchisiga asosiy tarkibdan joy va doimiy o‘yin amaliyoti berilishini kafolatladi.
Abduqodirning transferiga “Tottenxem” bosh murabbiyi Ange Postekoglu ham jiddiy qiziqish bildiryapti. “Vulverxempton”ning taklifini har tomonlama qudratli hisoblangan “Manchester Siti” mutasaddilari “urishi” mumkin.
Lekin Abduqodir Husanov manfaatlarini himoya qilayotgan agentlar “shaharliklar”ning himoyasiga o‘yin amaliyotini kafolatlamasligi tufayli bu varianti bugungi kunda istiqbolli, deb hisoblamaydi, - deb yozmoqda Caught Offside nashri.
“Lans” moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, bir necha etakchi o‘yinchisini sotib yuborishga majbur bo‘lmoqda.
Xususan, ayni paytda Abduqodir Husanovdan tashqari darvozabon Bris Samba, etakchi himoyachi Kevin Dansoning agentlari ham qishki transferlar davrida o‘z mijozlariga munosib jamoa topish harakatini boshlab yuborgan.
“Lans” byudjetida 44 million evro miqdorida kamomad yuzaga kelgan. Bu muammoning kelib chiqishiga yozda Kevin Dansoning “Roma”ga va Nil El-Aynauining “Monako”ga rejalashtirilgan transferi barbod bo‘lgani sabab bo‘ldi.
Klub feyr-pley qoidalarini buzmasligi uchun etakchi o‘yinchilari transferidan byudjetga tushum qilishi kerak. Bu borada eng qimmat aktiv Abduqodir Husanov hisoblanadi. Lansliklar 100 ming evroga olingan o‘zbek futbolchisi transferidan 30 million evro atrofida mablag‘ ishlab olishni ko‘zlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov joriy mavsum “Lans” safida barcha turnirlarda 16 maroba maydonga tushib, bitta assist qayd etdi. Legionerimiz hisobida bitta qizil va ikkita sariq kartochka ham bor.
Fikrlar