O‘zbekiston darajasini mashhur terma jamoaga tenglashtirishdi
FIFAning navbatdagi xalqaro tanaffus kunlarida O‘zbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashadi. Ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘layotgan ushbu o‘yin 12 noyabr kuni Toshkentda tashkil etiladi.
Rossiya milliy terma jamoasining sobiq himoyachisi Vladimir Granat maxsus intervyuda bo‘lajak uchrashuv haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, O‘zbekiston terma jamoasiga baho berdi.
— O‘zbekiston jahon chempionatida o‘ynagan. Rossiya uchun bu raqib Eron yoki Nigeriyaga nisbatan qiyinroq, deb o‘ylaysizmi?
— Menimcha, O‘zbekiston terma jamoasini Nigeriya darajasidagi raqib desa bo‘ladi. Chunki yozda AQShda o‘tgan jahon chempionatida ishtirok etdi va bu safar o‘z maydonida o‘ynaydi. Umid qilamanki, juda maroqli va zo‘r o‘yin guvohi bo‘lamiz.
— Oktyabr oyidagi o‘yinlardan keyin qanday xulosalar chiqarish mumkin? O‘zbekistonga qarshi bahsga qay tarzda yetib kelyapmiz?
— Hozircha faqat ayrim o‘yin epizodlari bo‘yicha xulosa qilish mumkin. Asosiy gapni o‘yindan so‘ng aytamiz. Aslida murabbiylar shtabida aniq reja bor, O‘zbekistonga qarshi o‘yin uchun ham taktika dastur ishlab chiqilgan.
Endi eng muhimi — futbolchilar shu rejani qay darajada bajara oladi, murabbiylar esa jamoaning harakatidan qay darajada mamnun bo‘ladi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Biz hali ham katta futboldan ma’lum ma’noda chetlatilganmiz, shuning uchun haddan tashqari katta, umumiy xulosalar qilishga shoshilmaslik kerak.
— O‘yinda alohida e’tibor qaratishni istagan futbolchilaringiz bormi?
— Albatta, avvalo "Manchester Siti" tarkibidagi Abduqodir Husanovni alohida kuzatish kerak, bu aniq. Shuningdek, Rossiya chempionatida o‘ynab ketgan yigitlar — Abbosbek Fayzullaev va Eldor Shomurodovning harakatlari ham qiziq bo‘ladi.

Fikrlar