
Botir Ahmedov: "O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘taramiz. Katta yutuqlarga oz qoldi". Ahmedov jahon chempionlik jangi oldidan SPORTS.UZ sayti uchun o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi
Oldin xabar berib o‘tganimizdek, o‘zbek bokschisi Botir Ahmedov (9-1, 8KO) 20 avgust kuni Amerika Qo‘shma shtatlarining Florida shtatida tashkil etiladigan boks oqshomida super engil vazn toifasida (63,5 kg) vakant qolgan WBA jahon chempionlik kamari uchun Dominikan vakili Alberto Puelloga (20-0, 10 KO) qarshi jang olib boradi.
U mazkur to‘qnashuv oldidan saytimiz muhbiri bergan savollarga javob berib o‘tdi.
- Assalomu alaykum. Mana chempionlik jangingizga ham bir necha kun qoldi. Tayyorgarlik jarayoni qanday kechdi? Ortiqcha jarohat yoki ko‘ngilsiz voqealar bo‘lmadimi?
- Avvalambor, assalomu alaykum. Tayyorgarlik a’lo darajada bo‘ldi. Mashg‘ulotlarning birinchi bosqichini O‘zbekistonda, qolaversa, Yangiobod bazasida o‘tkazdim. U erda asosan yugurish, tosh ko‘tarish orqali jismoniy holatga ishladik. Ikkinchi bosqichni esa Amerika Qo‘shma Shtatlarida olib bordim. 3-4 sparring raqiblar meni yaxshi formaga kirishim uchun toblashdi. O‘ylaymanki, jangga to‘liq tayyormiz. Hech qanday jarohatlar yoki ko‘ngilsiz voqealar bo‘lmadi. Men hayotim davomidagi eng zo‘r tayyorgarlik lagerini o‘tkazdim, desam ham bo‘ladi.
- Sizga raqiblik qiluvchi Puelloning ham janglarini kuzatgan bo‘lsangiz, uning qanday kuchli tomonlarini ayta olasiz?
- To‘g‘risini aytsam, raqiblarimni hech ham kuzatmayman va kuzatishni ham yoqtirmayman. Chunki o‘zimning jang rejam va uslubim bor. Ringda o‘z ishimni bajarishim kerak. Raqib nima qilar ekan, uni qilaymi, buni qilaymi, deb hech ham o‘ylamayman. Men rejam orqali o‘z ustimda ishlab, o‘zimni kuchaytiraman. Ammo jamoamiz va murabbiylarimiz raqibni o‘rganib, tahlil qilishadi va menga shunga qarab ko‘rsatmalar berishadi. Raqibning bo‘yi uzun, chapaqay. Shuning uchun, men unga yaqinroq borib, o‘z uslubimda bosim bilan jang qilib, Xudo xohlasa g‘alaba qozonaman.
- Bu safar hakamlarga ish qoldirmayman, degan edingiz. Nima deb o‘ylaysiz, jangingiz tahminan necha raund davom etadi?
- Ha, hozir ham niyatim shu, hakamlarga ish qoldirmaslik. Chunki birinchi titul jangimda ozgina nohaqlik qilishgan edi. Shuning uchun bu safar hakamlarga qoldirgim yo‘q. Lekin raqibni shu (qaysidir) raundda yiqitaman degan niyatim yo‘q va nokaut qidirib yurmayman. O‘z jang rejam bo‘yicha harakat qilaman. Agarda bu rejam ishlasa, o‘ylaymanki, jang uzoqqa cho‘zilmaydi. 5-6 raundda yoki bo‘lmasa 8-9 raundda tugataman. Xudo xohlasa 12 raundga qadar tugatishga harakat qilamiz.
- Yaxshi xabar eshitdik. O‘zbekiston nomidan chiqishingiz ham rasman tasdiqlanibdi. Ammo savol biroz boshqacha. Qaysi qo‘shiq bilan chiqish borasida ham tanlov qildingizmi?
- O‘zbekiston nomidan chiqyapmiz. O‘zbekistonimizga qaytdik. Ajoyib g‘alaba bilan yurtimizga qaytishni niyat qilganman. 17 yil oldin yosh bola bo‘lib ketgan edik. 17 yildan keyin shunday katta yutuq bilan qaytsam, xursand bo‘laman. Qo‘shiq bo‘yicha hali bir qarorga kelganim yo‘q. O‘rtoqlarimizdan ham maslahat so‘rayapman. Ishonamanki, barchaga yoqadigan ajoyib qo‘shiq tanlaymiz.
- Ko‘pgina o‘zbek boks muxlislari sizni qo‘llab quvvatlamoqda. Ularga aytar so‘zingiz?
- Barcha o‘zbek muxlislariga qo‘llab-quvvatlayotganliklaringiz uchun katta rahmat aytmoqchiman. Duo qilib turinglar. Xudo xohlasa, shu yutuqni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston tarixiga o‘z nomimizni yozamiz. O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘taramiz. Barchasi yaxshi bo‘ladi, degan umiddaman. Katta yutuqlarga oz qoldi.
Jalol Axmedov suhbatlashdi.
Fikrlar