Botirali Ergashev "Dinamo"da qoladimi yoki yana Superligada o‘ynaydimi?
Oxirgi paytlarda o‘zidan iliq taassurot qoldirgan iste’dodli darvozabon Botirali Ergashev qisqa fursatlar ichida muxlislarning mehrini qozona oldi. Ayniqsa, o‘zining tirishqoqligi, mehnatsevarligi hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchi tufayli o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. O‘tgan mavsumning birinchi davrasida u «Dinamo»ning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgandi. Lekin 25 yoshli posbon uchun turli qiyinchiliklar ham uchrab turibdi. Ayniqsa, o‘tgan yilgi mavsum Ergashevning faoliyatida omadsiz tarzda taassurot qoldirdi deyishimiz mumkin.
«Dinamo»ga tajriba etishmadi
«Mavsum-2019»da «Dinamo» jamoasi o‘zidan ikki xil taassurot qoldirdi. Birinchi davrada syurpriz ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchi davrada buning aksi kuzatildi va oqibatda klub pro-ligaga ravona bo‘ldi. Botirali Ergashev dastlab jamoasining muvaffaqiyatsizligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
- Menimcha, jamoamizga tajriba etishmadi. Birinchi davrada moliyaviy tomondan vaziyat yomon emasdi, ammo ikkinchi davrada bu borada uzilishlar bo‘ldi. Asosiysi esa «Dinamo»da tajriba etarli darajada bo‘lmadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ko‘plab o‘yinlarimizda asosan mahorat evaziga yutqazib qo‘ydik. «Dinamo» pro-ligadan Superligaga chiqqan klub edi va tarkibda hali elitada o‘ynamagan futbolchilar ham ko‘p edi. Bu ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi deb o‘ylayman.
«Bu yo‘lni bosib o‘tmaguncha tajriba to‘play olmasdim»
Ergashev «Dinamo»ning asosiy darvozaboni edi. Lekin samarqandliklar Superliga bahslarida o‘z darvozasidan 47 bor to‘p o‘tkazib yubordilar. Tabiiyki, jamoaning asosiy posboni bo‘lgan Botirali uchun bunday ko‘rsatgich salbiy ko‘rinishga ega. Ushbu masala bo‘yicha gap ketar ekan, posbon ham o‘z munosabatini bildirdi.
- Bilasizmi, futbolchi va xususan darvozabon bunday holatlarni ko‘rib, bilmaguncha shakllana olmaydi. Bu yo‘lni bosib o‘tmaguncha darvozabon tajriba to‘play olmaydi. Hayot doim bir tekisda ketavermaydi. Agar yilning boshida «Dinamo» qiyin ahvolga tushib qolishini bilganimda balki boshqacha yo‘l tutgan bo‘lishim mumkin edi. Ya’ni, oldindan nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Shunchaki, men ham bunday yo‘lni bosib o‘tishim kerak ekan. Endi keyingi faoliyatimda shunday xatolarni takrorlamasligim uchun bundan o‘zimga tegishli xulosalarni chiqarib olishim zarur. Bundan bu yog‘iga hammasiga tayyor bo‘lishim kerak. Bu ham bir tajribadir. Superligada esa endi ikkinchi mavsumimni o‘tkazdim. Birinchi yil Namanganda «Navbahor» sharafini himoya qilgan bo‘lsam, bu yil «Dinamo»da faoliyat olib bordim. Lekin hali 100 foizlik to‘liq mavsumlarni o‘tkazganim yo‘q. «Navbahor»da 14 ta, «Dinamo»da esa 22 ta uchrashuvda ishtirok etdim. Masalan, Eldor Suyunov, Sanjar Quvvatov kabi darvozabonlar ko‘p yillardan beri elitada o‘ynab kelishayotgani bois ularda tajriba katta. Baribir futbolda tajriba o‘z so‘zini aytadi.

«Navbahor» faoliyatimda katta tramplin bo‘ldi»
E’tibor bergan bo‘lsangiz, Botirali «Navbahor»dagi ishtirokini ham eslab o‘tdi. Darhaqiqat, uning 2018 yili Namangandagi faoliyatini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. U «Navbahor»da kashfiyotlardan biriga aylana olgandi. Ko‘plab uchrashuvlarda Ergashev o‘yin qahramoniga ham aylangandi. Qolaversa, o‘sha paytda Botirali Superligada rostakamiga debyutini ham o‘tkazgandi.
- Keling, hammasini boshidan boshlaylik, esingizda bo‘lsa, «Navbahor»dan oldin «Paxtakor»ning yoshlar jamoasida o‘ynab yurardim, - deya mavzuni davom ettirdi, Ergashev. - Faqat ikki marta «Paxtakor»ning asosiy tarkibida o‘ynaganman. 2016 va 2017 yilgi mavsumlarda bittadan uchrashuvda maydonga tushganman. Superligada barqaror ravishdagi o‘yinni «Navbahor»da boshlaganman. O‘shanda biz O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Xitoydagi Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lib qaytgandik. O‘shanda o‘zimga bo‘lgan ishonch ortib ketgandi. Inson o‘z sohasi bo‘yicha relsga tushib olguncha turli qiyinchiliklarni bosib o‘tadi. «Navbahor»dagi faoliyatim esa men uchun katta tramplin bo‘ldi. Osiyo chempioni bo‘lib qaytganimizdan so‘ng viloyat hokimi Hayrulla Hayitboevich Bozorov Odil Hamrobekov bilan ikkalamizni chempionlik bilan tabriklagan holda qutlagandi. O‘shanda «Navbahor» jamoasida o‘ynashni istaysanmi deganida bunga qarshiligim yo‘q deb aytgandim. Chunki menga o‘yin amaliyoti kerak edi. «Paxtakor» bilan gaplashganimda ular mening ketishimga qarshilik bildirishmadi va ijara evaziga Namanganga keldim.
«Aslida «Paxtakor» meni «Dinamo»ga qo‘yib yuborishni istamagandi»
Shundan so‘ng Botirali Ergashevning faoliyatida yana o‘zgarish kuzatildi. Garchi u «Paxtakor»ga tegishli bo‘lsa-da, u erdagi kuchli raqobat tufayli jamoaning asosiy tarkibiga kirishi dargumon edi. Shu bois unga o‘yin amaliyoti zarur bo‘lgani bois boshqa klubda faoliyatini davom ettirishi o‘zi uchun ham ma’qul yo‘l hisoblanardi. Shunday qilib, darvozabon o‘tgan yili «Dinamo»ga ko‘chib o‘tdi. O‘z navbatida posbon samarqandliklar tarkibiga qo‘shilishi oson yuz bermagani haqida ham aytib o‘tdi.
- 2018 yilning oxirida ijara shartnomam tugaganidan so‘ng meni «Paxtakor» qaytarib oldi. 2019 yilgi mavsum boshlanishiga ikki kun qolganida esa «Paxtakor» meni «Dinamo»ga berishga rozi bo‘ldi. Ungacha esa meni uchinchi darvozabon sifatida olib qolishmoqchi bo‘lishgandi. Chunki huquqim o‘zimda emas, «Paxtakor»da edi. Ammo ular senga ishonyapmiz, biz bilan qolasan deyishgandi, lekin oxir-oqibat «Dinamo»ga ketdim. Lekin barchasi osonlikcha yuz bermagan. «Paxtakor» bilan birga Osiyo Chempionlar ligasi doirasida Eronga «Persepolis»ga qarshi o‘yin uchun ketdik va u erdan qaytib keldik. Bir hafta oldin esa menga samarqandliklar tomonidan taklif bo‘lgandi. O‘sha paytda oldimda ikkita taklif bo‘lib, «Dinamo» bilan «Qo‘qon-1912» variantlari bor edi. «Persepolis» bilan o‘ynab qaytganimizdan so‘ng keyingi taqdirim haqida so‘raganimda «bo‘ldi, sen «Paxtakor»da qolasan» deb aytishdi. Keyin esa «yo‘q, ketasan ekan» deyishdi. Xullas, shu tariqa ikkilanib ham qolgandim. «Dinamo» 8 mart kuni o‘z uyida «Nasaf» bilan o‘ynashi kerak edi va men 6 mart kuni «Dinamo»ga qo‘shildim. O‘shanda «Paxtakor» bilan «Dinamo» yakunda kelishib olishgandi. Samarqandda moslashish jarayoni va futbolchilar bilan til topishish ham yaxshi kechgandi. Birinchi davrada o‘yinlar paytida xato qilardik-da, lekin tezda o‘sha xatoimizni to‘g‘rilardik. O‘yinchilar bir-biriga yordam bergani sababli xatolar u qadar ko‘zga tashlanmasdi. Biroq oddiy vaziyatlarda xatoga yo‘l qo‘yib gol o‘tkazgan va buning oqibatida yutqazgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Lekin «Dinamo»ga o‘tib afsuslanishga hojat yo‘q edi. Chunki men u erda o‘zim uchun katta dars oldim. Inson xatolari tufayli toblanadi va tajriba to‘playdi. Biror nimaga osonlikcha erishib bo‘lmaydi. Hamma narsaning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘ladi. Hammasiga sabr qilish kerak.

«Dinamo» rahbariyatiga mening masalamni tezroq hal qilishlarini tushuntiryapman»
Botirali Ergashev yangi mavsumni qaerda o‘tkazadi? Bu savol hozirgi kunda o‘zi uchun eng muhimi hisoblansa ham kerak. Hozirgacha ushbu darvozabonning biror-bir klubning mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgani borasida xabarlar mavjud emas.
- Yashirishning hojati yo‘q, menga to‘rtta klub qiziqayotgandi. Hammasi esa qanday kelishishga bog‘liq. AGMK, «Bunyodkor», «Qo‘qon-1912» va «Navbahor» jamoalaridan takliflar bo‘ldi. Mavsum boshlanishiga bir yarim oy vaqt qolyapti. Klublar borgan sari tarkiblarini to‘ldirib borishyapti. Bu borada «Dinamo» rahbariyatiga mening masalamni tezroq hal qilish kerakligini tushuntirdim. Variantlar tugagan sari esa men pro-ligada qolishga majbur bo‘lib qolaman. «Dinamo» bilan yana bir yarim yil shartnomam bor. Menimcha, menga qiziqayotgan klublar orasida AGMK bilan «Navbahor» variantlari bekor bo‘ldi. Chunki ular o‘z posbonlarini saqlab qolishdi. Adashmasam, oldimda endi ikkita taklif qoldi. O‘zimda ham Superligada ishtirok etish niyatim bor. Shu bois «Dinamo» rahbariyati bilan jiddiy gaplashyapman. Superligada o‘ynashim zarurligini aytyapman. Agar kelisha olishsa ijara hisobida yoki bo‘lmasa transferimni sotib olish yo‘li bilan ketishim mumkin.
«Menga qiziqqan klub transferimni kelishib olishi kerak»
Hozircha Ergashevning masalasi ochiq turibdi. Yuqorida o‘zi aytganidek, futbolchining «Dinamo» bilan amaldagi shartnomasi bor. O‘zi esa pro-ligada emas, Superligada ishtirok etishni xohlamoqda. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Botirali imkoni qadar tezroq yangi klubiga ega bo‘lishni istamoqda. Ammo buning uchun xaridor bo‘lgan jamoa «Dinamo» bilan kelishishi ham muhim masala bo‘lib turibdi.
- Klub rahbarlari ham har xil variantlarni aytishyapti. Ba’zida qolishimni xohlashyapti, ba’zida meni sotish haqida o‘ylashyapti. O‘zim ham tushunmay turibman. Chempionat boshlanishiga tobora oz fursat qolyapti. «Dinamo» men bilan yana bir futbolchini «Paxtakor»dan bir milliard so‘mga sotib olishgan. Men bilan qiziqayotgan klub transferimni sotib olish uchun o‘sha pulning yarmini to‘lashi yoki bo‘lmasa ijara pulini berishi kerak bo‘ladi. Hammasi ikkala tomonning qanday kelishuviga bog‘liq. O‘zim esa tezroq hammasi hal etilishini istayapman. Chunki yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishim lozim. Niyatlarim esa katta, - deya fikr bildirdi, darvozabon.
Fikrlar