"Bu mavsum ko‘proq gol urishni xohlayman" - Norxonov "Xorazm"ga qarshi o‘yin, dublga erishgani va penalti haqida

  • 28 mart, 09:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Ulug‘bek Baqoev bosh murabbiylik qilayotgan “Buxoro” klubi 3-turda nominal mezbon sifatida o‘ynagan “Xorazm”ga qarshi ishonchli harakat qildi va 1:4 hisobida g‘alaba qozondi.

“Buxoro” hujumchi Shoxruz Norxonov jamoasining dastlabki ikkita goliga mualliflik qilib, dublga erishdi.

O‘yindan keyin hujumchi Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Shoxruz g‘alaba bilan tabriklayman. Avvalo, o‘yin haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz...

-  Avvalambor, kirib kelayotgan Ramazon Hayit bayrami bilan barchani tabriklayman. O‘yinga keladigan bo‘lsam, biz uchrashuvga 100 foiz tayyorgarlik ko‘rdik va o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erishdik. O‘yin davomida gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsak ham faqat g‘alaba uchun o‘ynadik hamda yigitlarga oxirigacha bor kuchlari bilan o‘ynagani uchun rahmat aytaman.

- Uchrashuvda ikkita gol urdingiz. Bu siz uchun kutilmagan holat bo‘lmadimi?

- To‘g‘ri, anchadan beri hali bunday bo‘lmagandi. Lekin bu mavsum ko‘proq gol urishni xohlayman.

- “Buxoro” mavsumni mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Ammo keyingi ikkita o‘yinda g‘alabaga erishdi. Bundan chiqdi, ilk turdagi mag‘lubiyat tasodifmidi?

- To‘g‘ri, biz birinchi turda alamli mag‘lubiyatga uchradik. Lekin murabbiylar bizni yaxshi qo‘llab-quvvatlagani uchun keyingi o‘yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘ra oldik.

- "Xorazm" ikkita o‘yinda g‘alaba qozongandi. Bu holat o‘yin oldidan sizlarga raqib haqida qanday tasavvur bergandi?

- “Xorazm” jamoasi ikkita turni g‘alaba bilan boshladi. Jamoa yaxshi shakllangan. Biz raqibimizni yaxshi o‘rganib chiqdik va g‘alaba qozondik. “Xorazm” jamoasiga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman.

- Ulug‘bek Baqoev qo‘l ostida siz ko‘pincha o‘zingizni ko‘rsata olasiz. Bu nima bilan bog‘liq?

-  Ha, to‘g‘ri aytasiz. Ulug‘bek Baqoev qo‘l ostida yaxshi natijalarga erishdim. Murabbiy futbolchilarni yaxshi tushuna oladi.

- Birinchi golni penaltidan urdingiz. Jamoada shtatli penaltichi o‘zingizmisiz yoki o‘sha vaziyatda tepishni xohladingizmi?

-  Jamoada penalti tepadigan boshqa futbolchi ham bor. O‘sha vaziyatda o‘zim tepishni xohladim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!