
Bu Suriya avvalgisiga sira o‘xshamaydi
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogidagi yurishini boshlaydi. Guruhdagi ilk bahsda terma jamoamiz Ektor Kuper boshqaruvidagi Suriya bilan kuch sinashadi. Bahs oldidan raqibning hozirgi holatiga to‘xtalib o‘tmoqchi edim.
Suriyaning bugungi ruhiy holati
Doim oxirigacha kurashishi va ruhiy bosimga dosh berishi evaziga o‘zidan kuchlilar bilan tengma-teng o‘ynashga odatlangan. Aynan xarakter va jamoadagi birdamlik Suriyani doim Osiyoning elit jamoalari orasida yurishi uchun zamin yaratgan. Taktik mahorat va ijrochilar klassidagi kamchlikni aynan shu faktorlar evaziga berkitishga odatlangan Suriya bugun o‘ziga sira o‘xshamaydigan ko‘rinishda Osiyo kubogiga etib kelmoqda. To‘g‘ri, jamoa o‘yin uslubi klassik ikkinchi raqamli bo‘lib qoladi. Ektor Kuper mudofaa chizig‘ida kichik reformlar amalga oshirishi turgan gap, ammo tarkibda birdaniga bir nechta mahalliylashtirilgan futbolchilar ham paydo bo‘ladi. Bu doim yakdillikka suyangan Suriyani avtomatik ravishda o‘yin uslubidan keskin farq qiluvchi futbol namoyish etishidan darak berayotgandek.
Boz ustiga, Ektor Kuper va Suriya terma jamoasi etakchisi - Omar As Soma o‘rtasidagi keskinlik haqida butun Osiyo qit’asi yozdi. Argentinalik mutaxassis jarohat olgan futbolchi safdan chiqqanida ham, Omarni yakuniy qaydnomaga kiritmadi. Bugungi Suriya futboli uchun katta figura sanalgan ijrochining bu qadar chetga surib qo‘yilishi o‘z-o‘zidan ichki muhitga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Boz ustiga, bir nechta mahalliylashtirilgan (etnik suriyalik bo‘lgan) futbolchi terma jamoa bilan Qatarga tashrif buyurdi. Ularning arab tilini umuman bilmasligi sababli boshqa tilda bergan intervyulari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Umuman olganda, Suriya har doimgi ko‘rinishini batamom aksi bo‘lgan versiyada Osiyo kubogiga tashrif buyurmoqda.
Raqib o‘yin uslubi
Raqibga bo‘lgan hurmatni saqlab qolgan xolda aytish mumkin-ki, Suriya termasining o‘yinida chizgilar umuman ko‘zga tashlangani yo‘q. Juda sodda va to‘liq konservativ qarash egasi sanalgan Ektor Kuperning imzosi ko‘zga tashlanib turibdi. 4 himoyachi bilan harakat qilishga odatlangan jamoaning maydon markazi va hujum chizig‘i o‘rtasidagi bog‘lamlari kutilganidek ishlamayapti. Himoya chizig‘idagi tartibli o‘yinga to‘liq suyangan Suriyaning asosiy quroli hali-hamon standart vaziyatlar va bahsning ayrim qismlarida ko‘rsatiladigan faollik bo‘lib qolmoqda. Tarkibdagi keskin o‘zgarishlar esa, Lotin Amerikasida katta bo‘lgan texnikasi yuqori futbolchilarni maydondagi vazifasini mushkullashtiradi. Ular oldingi chiziqda pressing qilishi bilan birgalikda, kerakli pallada jarima maydonchasiga qadar etib kelishi, to‘p uchun kurashda faol bo‘lishi talab etiladi. Juda qisqa muddatda shakllantirilgan tarkib hali to‘liq o‘yinini qurib olgani yo‘q. Bu omil ham buguningi bahsda Katanets shogirdlari uchun qo‘shimcha imkoniyat taqdim etadi.
Bahs fovoriti kim?
Bu so‘zsiz O‘zbekiston terma jamoasi. Biz raqibdan bir nechta aspektlarda kuchliroq ekanligimiz ko‘zga tashlanib turibdi. Kuper boshqaruvidagi Suriyaning so‘nggi o‘yinlarini tomosha qilar ekanman, raqibni taktik va strategik tomondan bizga jang taklif eta olishiga ishonish qiyin. Boz ustiga, ulardan farqli o‘laroq, Srechko Katanets terma jamoa bilan uzoq muddat birga ishladi va to‘liq jamoaviy o‘yinni shakllantirib ulgurdi. Endi barchasi, yigitlarning ruhiy holatiga bog‘liq. Birinchi o‘yin bosimini engib o‘ta olsak, maydonda Suriyadan bir bosh baland harakat qilishimiz kerak. Aynan shu faktorga suyangan xolda,bugungi bahsning so‘zsiz favoriti "oq bo‘rilar" deb aytishga haqimiz bor.
Terma jamoamizning ehtimoliy tarkibi:
O‘tkir Yusupov, Abduqodir Husanov, Umar Eshmurodov, Rustam Ashurmatov, Farrux Sayfiev, Hojiakbar Alijonov, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Oston O‘runov, Jaloliddin Masharipov va Igor Sergeev.
O‘yin boshlanish vaqti: 22:30 (Toshkent vaqti bilan)
Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi 5 o‘yindagi natijalar:
12.11.2020 O‘zbekiston 0:1 Suriya
11.06.2019 O‘zbekiston 2:0 Suriya
06.09.2018 O‘zbekiston 1:1 Suriya
12.03.2017 Suriya 1:0 O‘zbekiston
01.09.2016 O‘zbekiston 1:0 Suriya
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev maqolasi
Fikrlar