Bugun eng qiziqarli va shiddatli bo‘lishi kutilayotgan o‘yinlar

  • 1 oktabr, 2019, 14:30
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha, eng qiziqarli o‘yinlar sifatida 5 ta uchrashuvni tanlagandik. Bugun esa ularning soni nisbatan ko‘proq. Yurtimizda o‘qituvchi va murabbiylar kuni nishonlanadigan 1 oktyabr kungi eng muhim bellashuvlarga to‘xtalib o‘tamiz.

"Paxtakor" - "So‘g‘diyona"

Superligamizning chempioniga aylanib ulgurgan "Paxtakor" o‘z uyida jizzaxliklarni qabul qilishadi va o‘yindan so‘ng, tantanali ravishda chempionlikni nishonlashadi. Demak, jamoaning kayfiyati a’lo darajada. Ammo bosim bo‘lishi tabiiy. Sababi, chempionlik nishonlashda ham jamoada yaxshi kayfiyat bo‘lishi zarur. Buning uchun jamoadan mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirishiga to‘g‘ri keladi.

"So‘g‘diyona"ga esa g‘alaba kerak. Ular 2-o‘rin uchun kurashib ko‘rishmoqda. Mavsum davomida Toshkentliklarni mag‘lub etadigan klub topilmayapti. Ulug‘bek Baqoevning jamoasi esa hech kim kutmaganda ajoyib natijalarga erishmoqda.

 

"Al-Sadd" - "Al-Hilol"

G‘arbiy Osiyoning ko‘zga ko‘ringan ikkita kuchli jamoa Osiyo Chempionlar Ligasining yarim finalida o‘zaro bahs olib borishadi. Xavi qo‘l ostidagi "Al-Sadd" jamoasi chorak finalda BAAning "Al-Nasr" klubiga qarshi bahs olib borgandi. Avvaliga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, javob o‘yinida 3:1 hisobida g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira olgandi. "Al-Hilol" klubi esa chorak finalda o‘z yurtdoshlari "Al-Ittixod"ga qarshi bellashuv o‘tkazdi. Mehmonda 0:0 hisobida durang o‘ynagan bo‘lishsa, javob o‘yinida o‘z uylarida 3:1 hisobi bilan g‘alaba qozonishdi. Endi ikkala jamoa yarim finalda kuch sinashishadi. Bugun qatarliklar mezbonlik qilishadi.

 

"Lids" - "Vest Bromovich"

Angliya Chempionshipining ikki kuchli klubi. Ushbu ikki jamoa o‘tgan mavsumda APLga chiqishga yaqin kelishgandi. Yangi mavsum startini ham ko‘tarinki kayfiyatda boshlashdi. To‘g‘ri bu mamlakatning eng yuqori ligasi bo‘lmasligi mumkin, ammo Angliya futbolida quyi ligalarda ham yaxshi futbolchilar top surishadi. Ayniqsa Chempionshipning o‘yinlarida shiddat va keskinlik juda qiziqarli kechadi. Shaxsan o‘zim ham ushbu liganing o‘yinlarini katta qiziqish bilan kuzataman. APLning ikki sobiq jamoasining o‘rtasida kechadigan bahs nafaqat turning, balki butun mavsumning eng markaziy o‘yinlaridan biri sanaladi. 9-turdan so‘ng, "Vest Bromovich" 19 ochko bilan 1-o‘rinda ketayotgan bo‘lsa, "Lids" 17 ochko to‘plagan holda 4-pog‘onadan joy olib turibdi.

 

"Tottenxem" - "Bavariya"

Evropa Chempionlar Ligasining 2-turida o‘zaro to‘qnashadigan ikkita top jamoalarning uchrashuviga bo‘lgan qiziqish juda yuqori. G‘olib nomini oldindan taxmin qilish oson emas. Bu ish bilan shug‘ullanuvchi mahsus ekspertlar, ya’ni o‘sha bukmekerlik kompaniyalarida ishlovchilar ham jiddiy bosh qotirishadi. Bunday o‘yinlar asosan gollarga boy tarzda kechadi. Jahon yulduzlari jamlangan ikkita jamoaning bugungi o‘yini qiziqarli va hujumlarga boy kechishi turgan gap.

 

"Yuventus" - "Bayer"

Kuchli beshlik chempionatlarining ikki vakili o‘zaro bahs olib boradigan kechada turinliklarning imkoniyatlari yuqoriroq. Aslida, tarkibidida Krishtianu Ronaldu kabi futbolchi bo‘lgani uchun "Yuve"ning har bir o‘yiniga sayyoramizning millionlab muxlislari katta qiziqish bilan qarashadi.

Ayniqsa, Chempionlar Ligasi uchrashuvlarida uni kuzatib borish ko‘pchilikka hush kayfiyat bag‘ishlaydi.

 

"Real" - "Bryugge"

EChLning yana bir bellashuvida Ispaniyaning "Real Madrid" jamoasi o‘z uyida "Bryugge"ni qabul qiladi.

Madridliklarning millionlab muxlislari ChLning 1-turida PSJdan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, biroz dillari hira bo‘lgani tabiiy holat. Bu safar Belgiyaning "Bryugge" klubi raqiblik qiladi. Bir qarashda madridliklarning ushbu raqibi unchalik jiddiy emasdek, ammo "qaymoqranglilar" La Ligada ham oson g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgani yo‘q va Evrokuboklarda har qanday klub jiddiy qarshilik ko‘rsata olishi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Doda
01/10/2019 18:04
Пахтакоримга омад.
Bahrom Razzakov
01/10/2019 15:14
Shiddatli va qiziqarli o'tishi kutilyotgan o'yinga Paxtakorni nima aloqasi bor ? Jamoa chempion bo'lib bo'ldiku ! Paxtakor yarim kuch bilan o'zini qiynamay o'ynaydi hatto mag'lub bo'lsa ham ajablanmayman chunki azaliy raqiblarini sovrinli o'rinlarga kurashishga sharoit yaratib bergandan ko'ra Ulug'bek Baqoyevga jamoasiga yutkazib berishi ham mumkin !