"Bunday iddaolari uchun uyalib qolsinlar" yoxud Igor Shkvirin "Turon"ning beshta turda Superligada qolishiga ishonyapti. Qanday qilib deysizmi?
Superliga debyutanti – “Turon” ketma-ket mag‘lubiyatlar evaziga elitada jon saqlab qolish vazifasini qiyinlashtirib yuboryapti. Yana beshta turdan keyin chempionat tugaydi. “Turon” esa ushbu o‘yinlar davomida Superligada qolishning uddasidan chiqarmikin? Bosh murabbiy Igor Shkvirin hozir shuning ustida bosh qotirmoqda.
Sports.uz muxbiri “Turon” ustozi bilan suhbatda jamoasining taqdiri borasida gap bordi. Darvoqe, yaqinda “Sherif” klubi bosh murabbiyi Yuriy Vernidub saytimiz muxbiriga bergan intervyusida aynan Shkvirinni yaxshi eslashi haqida aytib o‘tgandi. Shuning uchun Igor Anatolevichga dastlab shu haqidagi savollar bilan murojaat qildik.
- Igor Anatolevich, “Sherif”ning “Real” ustidan erishgan shov-shuvli g‘alabasidan keyin Yuriy Vernidubdan intervyu olgandim. U suhbat asnosida sizni yaxshi bilishini ham aytib o‘tdi. O‘z navbatida, sizda qanday xotiralar qolgan?
- Yurani men ham yaxshi eslayman. U bilan birinchi marta 1988 yili uchrashgandim. O‘shanda biz o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynardik. Yuriy Nikolaevich ancha qobiliyatli futbolchi bo‘lgan. Murabbiy sifatida ham u endi o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti. Aytish mumkin bo‘lsa, u ilgari qanday futbolchi bo‘lgan bo‘lsa, murabbiy sifatida ham xuddi shunday ko‘rinmoqda. Yurada ichki hissiyot doim yuqori bo‘lgan. U shogirdlarini ham qanday o‘ynatishni biladi. “Sherif” murabbiy o‘zini qanday tutsa, shunday o‘yin namoyish qilmoqda. Aksariyat hollarda Yuriy o‘zini hissiyotlarga bergan holda tutadi. Bunday mahalda jamoasi ham mana shu tarzda o‘yin namoyish etishga kirishib ketadi. “Sherif” chindan ham chempionlar ligasida katta shov-shuv ko‘tarib yubordi. Bu klub dastlab “Shaxtyor”ni, so‘ngra “Real”ni dog‘da qoldirishga erishdi. Ma’joziy ma’noda o‘xshatish joizki, mana shu o‘yinlarda Vernidubning shogirdlari erni tatalab bo‘lsa ham kerakli natijani qo‘lga kirita oldilar. Jamoa futbolchilarining o‘yinga bo‘lgan tayyorgarliklari ham ajoyib darajada ko‘rindi. Murabbiy qanday bo‘lsa, uning shogirdlari ham xuddi shunday ko‘rinadi. “Real” bilan “Sherif”ni bir-biriga taqqoslash ahmoqona ish bo‘lardi. “Qirollik klubi”ning tarkibi yulduzlar bilan to‘lib-toshgan, o‘z o‘rnida umumiy qiymatlari ham o‘ta yuqori. “Sherif”da esa bunday emas. Biroq o‘yinchilar murabbiyning ko‘rsatmalariga amal qilgan holda bemisl natijani qayd eta oldilar. Yuriy Nikolaevich – butunlay boshqa toifadagi inson. Unda sobiq Ittifoq odami sifatlari saqlanib qolgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘zidagi ichki tuyg‘u va o‘yinchilardan nimalarni xohlayotganini ularga etkaza olgan ko‘rinadi. Bu ishni qanday qilgan bilmayman, chunki u erda emasdim. Ularga bundan keyin ham shu ruhda davom etishlarini tilash bilan birga erishgan g‘alabalari uchun tabriklab qolaman. Aytishim kerakki, tiraspolliklar BATEdan ibrat olsalar yomon bo‘lmasdi. Chunki BATE dastlabki ikki o‘yinda 100 foizli natija qayd etganidan so‘ng, guruh bosqichini barbod qilib hammani ajablantirib qo‘ygandi. “Sherif”ning guruhdan chiqib olishini va pley-offda o‘ynashini istayman.

- Yuriy Vernidub bilan o‘rtangizda hozir ham aloqa bormi?
- Ha, aloqa bor. Ammo telefon orqali emas, balki internet orqali bir-birimiz bilan bog‘lanib turamiz. Oxirgi marta yuzma-yuz ko‘rishganimizdan beri oradan 5-6 yil o‘tib ketdi, chamamda. Bu uchrashuvimiz Turkiyada bo‘lgandi. O‘shanda “Krasnodar” klubini shug‘ullantirishga kirishgandi.
- Endi bevosita “Turon” haqida gaplashsak, bu klubda ish boshlaganingizda jamoa qatorasiga besh o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagandi. Ammo oxirgi olti o‘yinda klub faqat imkoniyatni boy bermoqda...”Turon”ga nima bo‘ldi?
- Hech narsa yuz bergani yo‘q. Birinchi navbatda, biz saviya bobida o‘zimizdan ancha ustun turadigan jamoalarga qarshi o‘ynadik va yutqazib qo‘ydik. Qolaversa, ularning etakchi o‘rinlarda borayotganlariga sanoqli kunlar bo‘lmagan. Hali oldinda beshta o‘yin bor. Hammasi birdaniga o‘zgarib ketishi mumkin. Bizdan oldingi o‘rinlarda borayotgan “Surxon” va “Andijon” bilan o‘rtadagi farq besh ochkoni tashkil etmoqda. Shunday bo‘lsa-da, sarosimaga tushish uchun biror-bir sababni ko‘rmayapman. Agar sarosima va hadik boshlanar ekan, ishlar ham ortga ketadi. Vaziyatdan chiqib ketish uchun esa ruhiyatni tushirmay ishlash darkor. Fursatdan foydalangan holda hammani xotirjamlikka chaqirib qolaman. Rahbariyat bilan o‘rtamizdagi munosabat joyida. Avvalo, qo‘l ostimdagi futbolchilarni sarosimaga tushib qolmasliklariga chaqiryapman. Agar turnir jadvalidagi holatimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, vaziyat biz uchun o‘ta yomondek ko‘rinishi tayin. Lekin oldinda turgan beshta o‘yinni yaxshi o‘tkazsak, hammasi tubdan o‘zgarib ketadi. Bilasiz, umid oxirida so‘nadi, degan maqol futbolda o‘z isbotini doim topib kelgan. Umidni hech qachon so‘ndirmaslik kerak. Futbolda sevish, ishonch va umid qilish kabi jihatlar muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Mana shu uch xislat uyg‘unlashsa, hammasi o‘zgarib ketishi turgan gap.

- Yozgi selektsiya chog‘ida klubga taklif qilingan o‘yinchilar ishonchingizni oqlay olishmayaptimi?
- Keling, selektsiya masalasiga to‘xtalmay qo‘ya qolaylik. Chunki buni muhokama qilishning mavridi emas. Boz ustiga muhokama qilishga kirishib ketadigan bo‘lsak, ichki muhitga putur etishi va atrofda yana turli gap-so‘zlar ko‘payib ketishi mumkin. Futbolchilar 100 foizga bo‘lmasa ham bizning ishonchni harqalay oqlashga harakat qilishmoqda. Masalan, Murtazoev va Abduraimovni olish mumkin. Ular maydonga chiqqan paytda ko‘rsatmalarni bajarishga harakat qilmoqdalar. “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin raqib jamoa bosh murabbiyi Piter Xyuistra shogirdlarimning yaxshi o‘ynaganliklarini aytish bilan birga yutuqqa erishish oson bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tdi. Bizdagi asosiy muammo shuki, o‘yinlar chog‘ida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira olyapmiz, lekin ulardan samarali foydalanishda negadir omadimiz chopmayapti. Bugungi kunda o‘zimiz ega bo‘lib turgan vaziyatlardan foydalana olmayotganimiz pand berib qo‘yyapti. Yodingizda bo‘lsa, oxirgi bellashuvda “Qizilqum”ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida yaratilgan ikki vaziyatdan foydalana olganimizdami, natija ham butunlay boshqacha ko‘rinish hosil qilardi. Baxtga qarshi futbolchilarimizga omad kulmayapti. Shunday bo‘lsa ham umid qilamizki, Toshpo‘latov va boshqa hujumchilarimiz qolgan oxirgi uchrashuvlarda o‘zlarini ko‘rsata oladilar.
- Vaziyat og‘ir. Oldinda beshta tur qoldi. Jamoaning elitada jon saqlab qolishiga qanchalik ishonasiz?
- Bu savolingizga yuqorida deyarli javob berib bo‘ldim. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Turon” etib keldi”, “Turon” elita bilan xayrlashaver!” qabilidagi turli gap-so‘zlar juda ko‘payib ketdi. Xohlardimki, mavsum oxiriga borib bu kabi kinoyali izohlarni qoldirgan kishilar elitada jon saqlab qolganimizni ko‘rib, bunday iddaolari uchun uyalib qolsinlar. O‘z navbatida, men shunday fikrlarni bildirgan kishilarga quyidagi gaplarni aytishni juda istagan bo‘lardim: “Xo‘sh, yigitlar, bundan besh tur oldin biz bilan xayrlashishga ulgurgandingiz. Endi nima bo‘ldi?”. Yana takrorlayman: bo‘lajak besh tur o‘ta jiddiy sinovga aylanadi. Kurash ham shunga yarasha kechib, kuchlilar safida qolish uchun endi to‘rt emas, balki beshta klub kurashadi. Bilasiz, “Metallurg” ham qiyin ahvolga tushib qoldi. Men pessimist odamlarning yanglishganlarini isbotlab berishni juda istagan bo‘lardim. Chunki men optimistman. Imkon bor ekan, oxirigacha kurashishga harakat qilishimiz tayin. Klub rahbariyati o‘z vazifasini yaxshi bajarayotganini, maoshlar borasida hech qanday muammolar yo‘qligini alohida ta’kidlab o‘tishni istagan bo‘lardim.

- “Turon”ning keyingi turdagi raqiblariga e’tibor qaratsak, bo‘lajak o‘yinlarda faqat “Bunyodkor”gina sizlar uchun jiddiy raqib bo‘la olishi mumkindek. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Agar fikringizni xato tushunmagan bo‘lsam, bo‘lajak uchrashuvlar orasida “Bunyodkor” eng jiddiysi demoqchisiz, shekilli-a?.. Bir tomondan gapingizda jon bor. Negaki, “Bunyodkor” kuchli uchlikdan joy olish uchun kurashmoqda. Lekin men qolgan raqiblarga qarshi bellashuvlar ham shunchaki o‘tadi, demagan bo‘lardim. Boisi, xuddi biz kabi vaziyatda turgan raqiblar bilan kuch sinashamiz. “Andijon” va “Surxon”ni uyda qabul qilsak, qolgan ikkita uchrashuvni safarda o‘tkazamiz.
- “Andijon” “Paxtakor”ni, “Surxon” esa “Navbahor”ni mag‘lub etdi. Endi ushbu jamoalar “Turon”dan besh ochkoga ilgarilab ketishgan. Bunday sensatsion natijalardan hayron qoldingizmi?
- Hamma qatori biz uchun ham bu kutilmagan natijalar bo‘lgani rost. Uyimizda “So‘g‘diyona”ni yutganimiz ham kutilmagan natija sifatida qabul qilingandi. Bunday kutilmagan holatlar oxirgi turga qadar davom etadi. Bizning vazifamiz esa har bir o‘yinda maydonga g‘alaba qozonish niyatida tushish bo‘ladi xolos. Keling, mavsum oxirini kutaylik, shunda kim yaxshi-yu, kim yomonligi haqida gaplashishimiz mumkin. Faqat sabr bilan kutish qoldi xolos.

- Firdavs Chakalov sizning ishonchingizni oqlay olmayaptimi? Yana darvozabon Nizomiddin Ziyovutdinov hafsalangizni pir qilib qo‘ymadimi?
- Savolingizning ikkinchi qismiga javob berishdan boshlasam. Bizda deyarli teng kuchga ega ikkita darvozabon bor: Ziyovutdinov bilan Ortiqov. Men o‘yin g‘alaba bilan tugaganda darvozani qo‘riqlagan posbonni keyingi uchrashuvga ham tushirish tarafdori emasman. Darvozabonlarni navbati bilan maydonga tushirishni ma’qul ko‘raman. Boz ustiga bunday paytda biz vaziyatdan kelib chiqqan holda yo‘l tutib, kimning qanaqa o‘yin ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratgandan so‘ng bir qarorga kelamiz. Bunday pallada darvozabonlar murabbiyi bilan maslahatlashib, kimni maydonga tushirish kerakligi borasida xulosa chiqaramiz. Chakalovga kelsak, hozirda u biz murabbiylarda yaxshi taassurot qoldira olmayapti. U Abdurashidovdan kuchli emas. Shu sababdan ham ko‘pincha maydonga Abdurashidov tushyapti.



Fikrlar