Bunday natija "Mash’al"da ilk bor kuzatildi!

  • 3 mart, 2020, 09:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Mavsum-2020” ham start olganidan xabaringiz bor. Superliga debyutanti hisoblangan Muborakning “Mash’al” jamoasi esa dastlabki turda barchani ajablantirdi. O‘z oldiga Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish hamda chempionatimizda sovrinli o‘rinlar uchun kurashishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi esa ilk turdayoq debyutant tomonidan “nokaut”ga uchratilganiga nima deysiz?

Tecno

Tan olish kerakki, juda ko‘pchilik Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi “So‘g‘diyona”ning ilk turdayoq 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib olishlarini kutmagandi. Shu sababli ham “Mash’al”ning ushbu natijasini kichik sensatsiya sifatida qabul qilish ham mumkin. Tarkib borasida ikkala jamoa o‘rtasidagi farq ham katta edi. Aksariyat mutaxassislar esa mavsum boshlanmasidan oldin sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan klublar qatoriga albatta “So‘g‘diyona”ni ham qo‘shib borayotgandilar. O‘tgan mavsumni hech kim kutmaganda 4-o‘rin bilan tugatgan Baqoev jamoasining yangi chempionatda ham ishtahasi “karnay” edi. Lekin ular ilk turdayoq yosh “mash’al”chilar tomonidan o‘ta jiddiy qarshilikka duch kelishdi. Natijada tarkibida ko‘plab mahoratli o‘yinchilari bor bo‘lgan “So‘g‘diyona” debyutant jamoa oldida hech nima qila olmadi. Muborakliklar esa ilk turdanoq siz-u, bizga syurpriz taqdim etishni boshlagandek, go‘yo.

mash’al sugd2

O‘z navbatida “Mash’al”ning elitadagi mavsum startlarini qanday boshlaganiga ham e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, muborakliklar chempionatning dastlabki o‘yinida hech raqib darvozasiga uchta gol urganmi? Shu bois statistikani qarab chiqdik, e’tiborlisi bu jamoa o‘z darvozasidan uchta gol o‘tkazgan bo‘lishi mumkin, ammo sira ochilish o‘yinida uchta gol urmagan ekan. Demak, bu borada “Mash’al” o‘ziga xos natija qayd etdi desak ham bo‘laveradi.

Shuningdek, ular “So‘g‘diyona” bilan bungacha ham ikki marta ilk turda to‘qnash kelishgan. Dastlab 2009 yilgi mavsumda Jizzaxda ushbu jamoalar ochilish o‘yinida qatnashishgan va unda 1:0 hisobida mezbonlar g‘alaba qozonishgandi. Ikkinchi to‘qnashuv esa 2014 yilga to‘g‘ri kelgan. Bu safar esa tomonlar durangga imzo chekishgan – 1:1. Nihoyat, ularning uchinchi ochilish uchrashuvida “Mash’al” yirik hisobda g‘alaba qozondi. Qolaversa, muborakliklar uchun odatda ilk turdagi o‘yinlar u qadar muvaffaqiyatli boshlanmasdi. Bu borada  ular shu kungacha faqat uch marta yutishgan: 2005 yilda Navoiyda “Qizilqum” ustidan 1:0 hisobida ustun kelishgan bo‘lsa, keyingi safar ikki marta “Navbahor”ni enggan. Dastlab “Mash’al” o‘z uyida namanganliklarni yagona gol evaziga mag‘lub etgan. 2015 yilda esa Namanganda javobsiz ikkita gol evaziga yutishgandi. Bu safar esa “Mash’al” birinchi bor ilk turda javobsiz uchta gol urdi va mavsum startlaridagi to‘rtinchi g‘alabasiga erishdi. Xo‘sh, “Mash’al” yana mana shunday ajabtovur natijalarini bardavom ravishda davom ettira oladimi?

mash’al sugd3

“Mash’al” milliy chempionatlarimizning startlarini qanday boshlagan?

1995 yil 1-tur “Nurafshon” – “Mash’al” – 3:0

1996 yil 1-tur “Nurafshon” – “Mash’al” – 1:0

2002 yil 1-tur “Samarqand” – “Mash’al” – 2:1

2003 yil 1-tur “Navbahor” – “Mash’al” – 2:0

2004 yil 1-tur “Nasaf” – “Mash’al” – 2:1

2005 yil 1-tur “Qizilqum” – “Mash’al” – 0:1

2006 yil 1-tur “Qizilqum” – “Mash’al” – 1:1

2007 yil 1-tur “Mash’al” – “Navbahor” – 1:0

2008 yil 1-tur “Qizilqum” – “Mash’al” – 0:0

2009 yil 1-tur “So‘g‘diyona” – “Mash’al” – 1:0

2010 yil 1-tur “Navbahor” – “Mash’al” – 0:0

2011 yil 1-tur “Mash’al” – “Bunyodkor” – 0:2

2012 yil 1-tur “Bunyodkor” – “Mash’al” – 1:0

2014 yil 1-tur “So‘g‘diyona” – “Mash’al” – 1:1

2015 yil 1-tur “Navbahor” – “Mash’al” – 0:2

2016 yil 1-tur “Qizilqum” – “Mash’al” – 3:2

2017 yil 1-tur “Mash’al” – “Lokomotiv” – 0:1  

2020 yil 1-tur “Mash’al” – “So‘g‘diyona” – 3:0

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Begzod Saidov
03/03/2020 20:19
Mash'alga omad (surxon muhlisi)