Bunday o‘yin doim ham bo‘lavermaydi! Norxonovdan 4 ta o‘yinda 4 ta gol yoxud Abramov "So‘g‘diyona" xaloskorini kuzatyaptimi?

  • 2 aprel, 2021, 06:32
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Jizzaxda bo‘lib o‘tgan “So‘g‘diyona” hamda “Surxon” o‘rtasidagi uchrashuv dramatik tarzda kechdi.

Maydon egalari ushbu bahsda mag‘lubiyatga yaqin kelgandi, ammo 88-daqiqada raqib futbolchisining penaltidan foydalana olmagani mezbonlarga umid berdi. Oqibatda, oxirgi soniyalarda “So‘g‘diyona” hujumchisi Shohruz Norxonov g‘alaba golini urib, jamoasiga irodali g‘alabani taqdim qildi. Ochig‘i, bunday o‘yin doim ham bo‘lavermaydi.

Norxonov shubhasiz o‘yin qahramoniga aylandi. 2:1 hisobida yakunlangan bahsda dublga erishdi va eng yaxshi o‘yinchiga aylandi. Bellashuvdan keyin Norxonov sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

- Shohruz, o‘ta murakkab kechgan bahsdagi g‘alaba bilan tabriklayman. Bunday o‘yindan keyin taassurotlar ham bir olam bo‘lsa kerak...

- O‘yin xususida to‘xtalsam, biz uchrashuv boshidanoq hujumga jiddiy e’tibor qaratib, hisobni ochishni ko‘zlagandik. Lekin birinchi bo‘limda vaziyatlardan foydalana olmadik. Yutqazayotgan paytimizda oldinga o‘tishga majbur bo‘ldik. Bugun barcha jamoadoshlarim xarakter ko‘rsata olishdi, deb o‘ylayman. G‘alabaga bo‘lgan ishonchimiz raqib ikkinchi penaltidan foydalana olmaganidan keyin ortib ketdi. Shunga yarasha o‘yin oxirida o‘z maqsadimizga erishdik. Bizni qo‘llab turgan barcha muxlislarga rahmat.

- O‘yinning so‘nggi soniyalarida g‘alaba golini urdingiz. Vaqt deyarli tugab qolgandi, o‘sha vaziyatda nimalarni his qildingiz?

- Boya aytganimdek, raqib penaltidan gol ura olmaganidan keyin yigitlarimizning ko‘zida g‘alabaga bo‘lgan ishonch bor edi. Jumladan, menda ham shunday edi. O‘sha vaziyatda mening o‘rnimda boshqasi bo‘lganida ham, gol urib, jamoaga g‘alabaga keltirgan bo‘lardi. Bugun barcha o‘yinchilar bir jamoa bo‘lib kurashdi va buning uchun barchaga rahmat.

norxonov2_1

- To‘rtta o‘yinda to‘rtta gol urdingiz. Dastlabki ikkita turda bittadan va bu safar dublga erishdingiz. Joriy mavsumdagi maqsadingiz to‘purar bo‘lishmi?

- Hammasi Allohdan. Birinchi navbatda, ko‘proq gol urib jamoamga foydam tegsa xursand bo‘laman. Qolaversa, buning uchun jamoadoshlarimga ham katta rahmat. Bu yil nechta gol urishimni aytib bera olmayman. Bu borada hech narsa bilmayman. Peshonamizda borini ko‘ramiz.

- “Surxon” futbolchisi ikkinchi penaltini tepishdan avval mag‘lubiyatni tan olayotganmidingiz?

- U paytda xayolga ko‘p narsa keldi. Lekin barchasi yaxshilik bilan tugadi. Bu – futbol. Gol urgan jamoa yutadi. Bizga bugun omad ham kulib boqdi, deb o‘ylayman.

- Faoliyatingizda yana mana shunday hissiyotga boy o‘yinni o‘tkazganmisiz?

- To‘g‘risi, bu o‘yin ham hissiyotlarga boy bo‘ldi, deb ayta olaman. Bugun muxlislar ajoyib futbol guvohiga aylandilar.

norxonov1_1

- “So‘g‘diyona” chempionatni yaxshi boshladi. Muhimi, mag‘lubiyatsiz ketyapti. Ushbu mavsumdagi asosiy maqsad nima ekanligini ayta olasizmi?

- Bu yilgi maqsadimiz ham yuqori o‘rinlar uchun kurashish. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Natijaga erishayotganimizda murabbiyning muhim ko‘rsatmalari ham bizga qo‘l kelyapti. Bizning asosiy maqsadimiz “So‘g‘diyona” bilan yuqori o‘rinlardan birini egallash.

- Nima deb o‘ylaysiz, Vadim Abramov sizni kuzatib boryaptimi? Milliy terma jamoadan taklif olishingizga ishonyapsizmi?

- Bilmadim. Men futbolchiman, maydonda o‘z ishimni qilaman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!