Bundesliga APLga raqobat qilish uchun 1 milliard yevro kredit olmoqchi

  • 29.07.2026 12:46
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Germaniyaning Bundesligasi (DFL) amerikalik investitsiya kompaniyasi Apollo Sports Capital tomonidan taklif etilgan 1 milliard yevro miqdoridagi moliyalashtirish loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqida The Athletic nashri xabar berdi.

Manba ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida Nyu-York shahrida DFL va Apollo Sports Capital vakillari o‘rtasida yopiq uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Suhbat chog‘ida Bundesliga uchun 20 yil muddatga mo‘ljallangan yirik kredit liniyasi muhokama qilingan. Taklifga ko‘ra, qarzni qaytarish kafolati sifatida liganing kelgusi yillarda ichki teletranslyatsiya huquqlarini sotishdan tushadigan daromadlari ishlatilishi mumkin. Muzokaralar to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borilayotgani, hech qanday rasmiy tender e’lon qilinmagani ta’kidlanmoqda.

Mablag‘ jalb etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Bundesliganing xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish. Tushadigan pullar ligani xorijda targ‘ib qilish, klublarning chet el safarlari va turne tashkil etish, shuningdek, yangi marketing loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Shu orqali DFL ingliz Premier-ligasi bilan o‘radagi farqni qisqartirishni istamoqda. Hozircha Premier-liga moliyalashtirish hajmi va jahon miqyosidagi mashhurlik bo‘yicha nemis chempionatidan ancha oldinda turibdi.

Hozirgi paytda kelishuv dastlabki bosqichda qolmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun nemis klublari vakillarining roziligi talab etiladi. Shuni ham inobatga olish kerakki, avvalroq DFL tomonidan xususiy investorlarni jalb etishga qaratilgan urinishlar muxlislar tomonidan keskin norozilik bilan kutib olingan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!