
"Burgutlar" va "Sherlar" o‘rtasidagi to‘qnashuv qanday o‘tdi?
Andijondagi “Bobur arena”da bu safar ham yuqori darajadagi atmosfera kuzatildi. Chunki “Burgutlar”ning ashaddiy muxlislari sevimli jamoasini qo‘llab-quvvatlashni san’at darajasiga olib chiqmoqdalar. “Paxtakor”ga qarshi uchrashuv kutilganidek “Bobur arena” va uning fanatlari hammaning diqqat markazida bo‘ldi. Deyarli ishqibozlar bilan to‘lgan stadionda to‘p surish albatta har qanday futbolchi uchun yoqimli.
Biroq mana shunday anshlagda mezbonlar o‘yinni ko‘ngildagidek boshlay olmadilar. Chunki dastlabki daqiqalarda “Paxtakor” o‘z imkoniyatidan foydalanib hisobni ochdi. Mezbonlar hisobni tenglashtirish uchun raqib darvozasi oldida xavfli hujumlarni yaratish payida bo‘ldilar. Farhod Sohibjonov va Bektemir Abdumannonov o‘z qanotlaridan bir necha bor xavfli reydlarni uyushtirdilar. Ba’zida to‘p darvozaning shundoq yonginasidan o‘tib ketsa, ba’zida posbon yaxshi harakat qildi. “Paxtakor” esa bo‘lim o‘rtalariga kelib Doston Hamdamovning goli evaziga hisobni 0:2 ga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limni “Andijon” faol va keskin hujumlar bilan boshladi. Tanaffusda murabbiy tomonidan jiddiy ko‘rsatmalar aytilgani sezilib turgandi. Hujum chizig‘ida Luka Zgurskiyning o‘rniga Rustam Turdimurodov tushirildi. Tojikistonlik Shaxrom Samiev esa jarohati sababli bu bahsni o‘tkazib yubordi. Turdimurodov maydonga tushirilgach, yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi. Biroq unga ozgina aniqlik etishmay qoldi. “Andijon” shu qadar hujumlarini kuchaytirdiki, tashabbusni o‘z qo‘liga olib ketma-ket imkoniyatlar yarata boshladi. Mana shunday hujumlarning birida Vladimir Bubanya boshi bilan gol urib hisobni qisqatirdi. Bu albatta mezbonlarga yanada ishtiyoq bag‘ishladi. Hujumlar shiddatli tus ola boshladi. Bir vaziyatda bosh hakam Abdumannonovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun penalti ham belgilagandi. Biroq VAR bilan suhbatlashgach, bu qarorini bekor qildi va u erda ofsayd holati borligi sabab bo‘ldi.
Bahs oxirlarida “Paxtakor” hujumchisi va sardori Dragan Cheranning goli uchrashuv taqdirini belgilab berdi. Ammo shunda ham “Andijon” hujum qilishdan to‘xtamadi. Yana ketma-ket golga tortadigan vaziyatlarga ega bo‘ldi. Raqib posboni jamoasini gollardan qutqargan seyvlariga guvoh bo‘ldik.
Umuman olganda, “Andijon”da imkoniyatlar etarlicha bo‘ldi, ammo to‘p darvozaga kirishni istamadi. Mezbonlar alamli mag‘lubiyatga uchradi. Futbolda g‘alaba bilan mag‘lubiyat doim yonma-yon. Lekin bu kecha mezbonlardan omad yuz o‘girdi.
“Andijon” – “Paxtakor” – 1:3 (0:2).
2 iyun. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 17152 tomoshabin.
Hakamlar: Shavkat Nasibullaev, Sanjar Shoyusupov, Alisher Usmonov.
Zaxira hakami: Umidjon Rahimjonov
Nazoratchi: Konstantin Smirnov
Komissar: Sherzod Rajabov
“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Sardor Azimov (Armin Boshnyak, 87), Farhod Bekmuratov, Sherzod Esanov (Levan Arveladze, 80), Ilhom Abdug‘aniev (Ilhom Alijonov, 80), Bektemir Abdumannonov, Farhod Sohibjonov (Demir Imeri, 80), Luka Zgurskiy (Rustam Turdimurodov, 46).
“Paxtakor”: Pavel Pavlyuchenko, Behruz Asqarov, Shaxzod Azmiddinov, Muhammadqodir Hamraliev, Muhammadrasul Abdumajidov, Diyor Ortiqboev (Saidumarxon Saidnurullaev, 82), Diyor Xolmatov, Umar Adxamzoda (Sunnatilla Poyonov, 90+4), Doston Hamdamov, Muhammadali Usmonov (Abbos Ergashboev, 86), Dragan Cheran.
Gollar: Muhammadali Usmonov, 4 – 0:1. Doston Hamdamov, 30 – 0:2. Vladimir Bubanya, 54 - 1:2. Dragan Cheran, 88 – 1:3.
Ogohlantirishlar: Muhammadrasul Abdumajidov, 53. Shaxzod Azmiddinov, 64.
Fikrlar