Butsani kostyumga almashtirganlar

  • 15 yanvar, 2021, 19:52
  • 0
  • Futbol

Futbolchi butsasini mixga ilgach, o‘zini murabbiylikda sinab ko‘rishi odatiy holatga aylangan. Shunday bo‘lsa-da, barcha sobiq futbolchilar ham yaxshi murabbiyga aylana olmaydi. Bu ishni uddalaganlarni esa, o‘z klubi jamoada olib qolish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshiradi. Yaqinda, Maurisio Pochettino Zidan singari o‘zi to‘p surgan klubiga qaytdi va jamoani murabbiy sifatida boshqaruvini qo‘lga oldi. Xo‘sh, yana qaysi murabbiylar o‘z klubining fidoyisiga aylanib bormoqda? Sezganingizdek, bugun futbolchilik davrida to‘p surgan klublarida murabbiylik karerasini olib borayotganlar haqida so‘z boradi.

dagi1

Diego Simeone

Futbolchilik davri: 1994-1996, 2003-2005

Murabbiylik davri: 2012 yildan beri.

Diego uchun «Atletiko» yangi stadion oldida kattagina haykal o‘rnatgan. Yangi asrdagi «Atletiko»ning barcha g‘alabalari zamirida argentinalik murabbiyning mehnatlari mavjud. Qahramonimiz futbolchilik davrida jamoa safida 155 ta o‘yin o‘tkazgan va 3 ta sovringa ega chiqqan. U kiritgan gollar soni 29 ta.

Simeone murabbiy sifatida jamoaga qaytgach, naqd 9 ta sovrinni boshi uzra ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Afsuski, u ikki bor EChL finalini boy berdi. Shunga qaramay, La Ligadagi g‘alaba uning buyuk murabbiylardan biri ekanligini anglatadi.

dagi2

Xans Diter Flik

Futbolchilik davri: 1985-1990

Murabbiylik davri: 2019 yildan beri

Xans futbolchilik davrida ham kamtarin edi. Matteus va Bremelar bilan birgalikda «Bavariya»ning yarim himoyasida to‘p surgan futbolchi klub safida 149 ta o‘yinda maydonga tushgan. To‘g‘ri, gollari soni atigi 7 ta, biroq u Myunxen klubi bilan 6 ta sovrinni boshi uzra ko‘tarishni uddalagan.

Murabbiy sifatida esa, uning ishlari chakki emas. Endigina 2 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Flik naqd 5 ta sovringa ega chiqdi. Bu tajribasiz murabbiy uchun ajoyib ko‘rsatkich!

dagi3

Ronald Kuman

Futbolchilik davri:1989-1995 yillar

Murabbiylik davri: 2020 yildan beri

Ronald futbolchilik davrida «Barselona»ning eng zo‘r davrini boshidan o‘tkazgan. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, golland Kataloniya klubi safida 83 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Uning 1991/92 yilgi mavsum Evropa Chempionlar kubogi finalida urgan goli «Barselona» uchun yangi tarix yaralishiga sabab bo‘lgan edi. Aynan uning zarbasidan so‘ng, «Barsa» o‘z tarixida ilk bor Evropada tengsiz jamoa nomini qo‘lga kiritgan edi.

Afsuski, qahramonimiz murabbiy sifatida «Barselona»ning eng og‘ir kunlarida tashrif buyurdi. Jamoa o‘zi uchun yangi prezident saylash arafasida. Messining ketishi yoki qolishi so‘roq ostida. Klubning qarzlari bir milliardga yaqinlashib qoldi. Tarkibda foydasiz qimmat futbolchilar yig‘ilgan. Umuman olganda, Ronald Kumaning qilishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina.

dagi4

Andre Pirlo

Futbolchilik davri: 2011-2015 yillar

Murabbiylik davri:2020 yildan beri

Aslida, Pirlo o‘zining eng zo‘r yillarini «Milan» jamoasiga bag‘ishlagan edi. 32 yoshga to‘lgach, klub Pirlo bilan shartnomani uzaytirishni istamadi. Oqibatda, Andrea «Yuventus»ga yo‘l oldi. 4 mavsum davomida super o‘yin namoyish etdi va 4 bor chempionlikni nishonladi. Futbolchilik faoliyatini tugatgach, ko‘p o‘tmay unga Turin klubi bosh murabbiyligi ishonib topshirildi. Hozircha, u bu ishni qoyilmaqom uddalamoqda, deb bo‘lmaydi. Qahramonimiz boshchiligida «Yuve» o‘rtamiyona to‘p surmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu vaqtinchalik holat. Tez orada, Pirlo o‘zi istagan «Yuventus»ni shakllantiradi.

dagi5

Frenk Lempard

Futbolchilik davri:2001-2014 yillar

Murabbiylik davri: 2019 yildan beri

Frenkning «Derbi» bilan ko‘rsatgan kichik «mo‘’jiza»sidan so‘ng, Londonga taklif etildi. Lempard transfer ta’qiqiga qaramay, «Chelsi»ni kuchli to‘rtlikka olib kirishni uddaladi. Jamoaning kelajagi porloq ekanligi haqida hamma tinmay so‘zladi. 2020 yilda esa, «aristokratlar» transferlar uchun 250 million evro sarfladi. Yangi futbolchilarning kelishi Lempardni super murabbiyga aylantirishi kutilgan edi, biroq bu ish amalga oshmadi. Frenk hammasini boshidan boshladi. Uning yigitlari hali to‘liq mexanizm sifatida shakllangani yo‘q.

Qahramonimiz «Chelsi» klubida futbolchi sifatida juda katta hurmatga sazovor bo‘lgan. Klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘libgina qolmay, Frenk naqd 13 ta sovrin yutishga muvaffaq bo‘lgan. Ular orasida Evropa Chempionlar Ligasining borligi, Lempardning buyuk futbolchilardan biri ekanligidan dalolat.

dagi6

Simone Inzagi

Futbolchilik davri:1999-2010(196 ta o‘yin 55 ta gol, 8 ta sovrin)

Murabbiylik davri: 2016 yildan beri

Inzagi futbolchi sifatida «Latsio»ning eng gullagan davrlarida to‘p surgan. Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan. Afsuski, surunkali jarohatlar to‘liq imkoniyatlarni namoyish etishga to‘sqinlik qilib qoldi.

Murabbiy sifatida esa, Simeone allaqachon 3 ta sovrinni boshi uzra ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Bu hozircha, boshlanishi. Italiyalik muxlislar bir kun kelib terma jamoa postida Inzagini ko‘rishdan umidvor.

dagi7

Mikel Arteta

Futbolchilik davri:2011-2016 yillar (150 ta o‘yin 16 ta gol, 4 ta sovrin)

Murabbiylik davri: 2019 yildan beri

Arteta futbolchilik faoliyatining so‘nggi mavsumlarini London klubida o‘tkazdi. Shunga qaramay, murabbiylik karerasini «Manchester Siti»da boshladi. Pep Gvardiolaning yordamchisi sifatida faoliyat olib borgan Arteta 2019 yilda «Arsenal» ustozi etib tayinlandi.

Ayni damda, London klubining APLdagi ahvoli biroz og‘ir, lekin muxlislar Mikeldan minnatdor. Sababi, aynan u o‘zining qisqa muddatli faoliyati davomida klub uchun 2 ta sovrin yutib berishni uddaladi.

dagi8

Serjiu Konseysau

Futbolchilik davri:1996-1998,2004 yillar (89 ta o‘yin 15 ta gol, 5 ta sovrin)

Murabbiylik davri: 2017 yildan beri

Serjiu Italiya chempionatiga yo‘l olishidan avval va qaytib kelgan «ajdarlar» sharafini himoya qilgan. U «Parma», «Latsio» va «Inter» singari grand klublarda to‘p surgan. Ortga qaytgach, Joze Mourinoning g‘alabali davriga qadar sabr qilishni istamadi va 2004 yilning boshida «Portu»ni tark etdi.

2017 yilda esa, u yana «Dragao» arenasiga qaytdi. Bu safar murabbiy sifatida! Ayni damda, «Portu»ning barcha musobaqalarda ishlari yaxshi ketmoqda. Konsesau allaqachon jamoasi bilan 5 ta sovringa ega chiqdi. Endilikda u Evropa Chempionlar Ligasining pley-off uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rish bilan band.

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!