"Buxoro" - "Oqtepa" o‘yinida nimalar ro‘y berdi? 8 daqiqa ichida 0:3 ni 3:3 ga aylantirishlariga ishonarmidingiz? Mezbon murabbiy vaziyatga qanday baho berdi?
Pro-ligadagi intriga hamda kurash Superliganikidan aslo qolishmayapti, bunga ishonavering. Bugun 10-tur bahslariga start berildi.
G‘ijduvondagi “Navro‘z” stadionida “Buxoro” klubi Toshketning “Oqtepa” jamoasini qabul qildi. Bahs shu qadar hujumkor va keskin tarzda o‘tdiki, yakunda uning natijasini hech kim taxmin qila olmasdi. Odatda 3:3 hisoblari ko‘p ham kuzatilmaydi. Lekin bunday natija aslida noodatiy emas. Biroq 0:3 hisobini 3:3 ga aylantirsa-chi, boz ustiga o‘yin tugashiga 8 daqiqa qolganida! Bugun shunday bo‘ldi.
Superligaga qaytish uchun kurashayotgan “Buxoro” “Oqtepa”ga qarshi uchrashuvda kambek qayd etdi. Aynan mana shuni chinakam kambek desa bo‘ladi. Kezi kelganda aytish kerakki, ayrim paytlarda 0:1 yoki 1:2 hisoblaridan keyin durang yo g‘alabalar kutazilsa ham kambekka qiyoslayapmiz. Lekin chinakam kambekni “Buxoro” misolida ko‘rdik.
PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev ham o‘zining telegramdagi kanalida ushbu o‘yinga atab shunday yozdi: “Buxoro”dan daxshati kambek. “Oqtepa” 80-daqiqadan keyin uchinchi golni urib, hisobni yirik ko‘rinishga olib kelyapti. Qolgan 10 daqiqa ichida “Buxoro” 3 ta gol urib, hisobni tenglashtiryapti. Ham hayratga tushasan, ham xavotirga”.
Xullas, shunaqa gaplar. 84-daqiqagacha birorta gol urishni uddalay olmagan “Buxoro” qolgan daqiqalarda naqd uchta gol urdi! Natijada “Oqtepa” og‘zidagi oshni oldirib, tayyor g‘alabadan mosuvo bo‘lib o‘tiribdi. Bu kabi o‘yinlar doim ham kuzatilavermaydi. Mazkur o‘yin tugaganidan keyin jamoani vaqtincha boshqarib turgan Mirislom Hasanov sports.uz muxbiriga o‘z taassurotlarini quyidagicha izhor qildi:

- O‘yin davomida bizning golga tortadigan vaziyatlarimiz ko‘p bo‘ldi. Afsuski, o‘zimiz qarshi hujumlarda raqibni o‘tkazib yubordik. Garchi hisob biz uchun salbiy ko‘rinish olgan bo‘lsa ham futbolchilarimiz tushkunlikka tushmadi, qaytanga o‘zlarida kuch topdilar va oxirigacha kurashdik. Ishonasizmi, hattoki yutib ketishimiz ham mumkin edi, ozgina qoldi. Uchrashuv juda qiziqarli va hujumkor ruhda kechdi. Yana nima deyishim mumkin? Ha, havo harorati ancha issiq edi. Lekin bu bahona sifatida o‘tmaydi. Maydonda ikkita jamoa kurashdi. Boya aytdim, bizda imkoniyatlar ko‘p edi, hammasidan ham unumli foydalana olmadik. Lekin yigitlarga rahmat, hakamning oxirgi xushtagiga qadar kurashishdi. 0:3 hisobini yakunda 3:3 ga aylantira oldik.
Lekin “Buxoro” nima uchun 0:3 bo‘lgunga qadar “o‘ynamadi”? Bu ham o‘ylantiradigan savol. Murabbiy aytganidek, golli imkoniyatlar ko‘p bo‘lgan. Mirislom Hasanov hisobning 0:3 ga kelishi qanday yuz berganiga ham to‘xtaldi.
- O‘yin yomon boshlanmadi. Biroq darvozamizdan birinchi golni o‘tkazib yuborganimizdan keyin bor e’tiborimizni hujumga qaratdik. Natijada raqibda qarshi hujumlarga o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shunday qilib, ular ikkinchi va uchinchi gollarni ham kiritishdi. Kimnidir ayblay olmayman, pozitsion xatolar va bo‘sh hududlar raqibga qo‘l keldi. Chunki biz hisob o‘zgargani sari gol uramiz deb hujumga o‘taverdik, bundan esa “Oqtepa” futbolchilari foydalanib ketaverdilar. Lekin shunda ham futbolchilarimizga minnatdorchilik bildiraman. Ular munosib kurashishdi. Mag‘lubiyatdan qutulib qoldik.

“Oqtepa” uchinchi golni 80-daqiqada kiritdi. Shundan keyin “Buxoro” go‘yoki “uyg‘ondi”. 85, 86 hamda 90+3-daqiqalarda mezbonlar birin-ketin raqib darvozasi to‘rini nishonga oldilar. Odatda, 80-daqiqada javobsiz uchinchi golni o‘tkazib yuborgan jamoa va uning muxlislari mag‘lubiyatni tan olishadi. Qiziq, “Buxoro”da ham shu narsa sezildimi? Murabbiy Mirislom Hasanov o‘sha vaqtlarda mag‘lubiyatni tan olganmidi yoki...
- Bilasizmi, o‘yin tobora yakunlanib borar ekan, hammasi mag‘lubiyatimizga qarab ketayotgandi. Qachonki, uchrashuvda birinchi golni raqib darvozasiga urganimizdan keyin bizda umid uchqunlari paydo bo‘ldi. Aynan shundan so‘ng, o‘zimizga bo‘lgan ishonch ortdi. Yigitlar natijani o‘zgartirish mumkinligini his qilishdi. Aslida vaziyat boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Biroq ayrim paytlarda omad etishmadi deb o‘ylayman, - deya munosabat bildirdi, “Buxoro” murabbiyi.
Mayli, hartugul “Buxoro” o‘z uyida qo‘rqinlik mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Futbolda shunaqasi ham bo‘lib turarkanda?! Mazkur o‘yin muhokamasi sababli Mirislom Hasanov bilan muloqotimiz yakunida undan yana ikkita masala haqida so‘radik: bu kabi uchrashuvdan keyin futbolchilarga e’tiroz bormi va bugun jamoasi bir ochkoni qo‘lga kiritdimi yoki ikki ochkodan mahrum bo‘ldimi?

- Futbolchilarga e’tiroz yo‘q. Ular maydondagi vazifalarni bajarishdi va qiyin vaziyatdan munosib chiqib keta olishlarini ko‘rsatishdi. 0:3 dan keyin qo‘llarini tushirib qo‘yishmadi. Iroda va xarakter ko‘rsatishganidan xursand bo‘ldim. Aslida esa yutqazishimiz mumkin edi. Ammo maydondagi yigitlarimiz bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadilar.
Bugun jamoamiz ikki ochkoni yo‘qotdi deb hisoblayman. O‘z oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygan jamoa imkon qadar ko‘proq g‘alaba qozonishi kerak, ayniqsa, o‘z maydonida. Lekin biz bundan keyin ham ishlashda davom etamiz. Oldinda yana o‘yinlarimiz bor. G‘alabalar orqali muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz, - dedi “Buxoro” murabbiyi.
Eslatib o‘tamiz, “Buxoro” klubi bundan avval, aniqrog‘i, o‘tgan turda pro-liganing yaqqol peshqadami – “Neftchi”ga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan raqibiin 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Bu safar o‘rtamiyona raqib - “Oqtepa”ga sal qolsa...Qolgani o‘zingizga havola!
Fikrlar