
Chempion aniq, ammo qolganlar-chi? Superligada muhim palla
Bugun Superligada 24-tur start oladi. Bellashuvlar 7-10 noyabr oralig‘ida o‘tkaziladi. Chempion nomi aniq, endi qolgan o‘rinlar va ligada jon saqlash uchun kurash jiddiy tus olgan.
7 noyabr
16:00. OKMK – “Olimpik”
24-tur Toshkent derbisi bilan boshlanadi. Unda Mirjalol Qosimov jamoasi Denis Korostichenko boshqarayotgan klubni qabul qiladi. OKMK 40 ochko bilan 2-o‘rinda. Ular 2-o‘rinni qo‘ldan boy bermaslik uchun o‘z maydonidagi uchrashuvda yutishi shart. “Olimpik” qanchalik qarshilik ko‘rsatishini kuzatamiz.
18:15. “Dinamo” – “Lokomotiv”
Krestininni iste’foga chiqarib, Kolosovskiyni rasman bosh murabbiy etib tayinlagan “Lokomotiv” Samarqandda “Dinamo” bilan o‘ynaydi. “Loko”da mavsum boshidan buyon uchinchi murabbiy almashishiga guvoh bo‘ldik. O‘yin bo‘yicha ham, natija jihatidan ham Abramov jamoasi raqibidan ustunroq. “Metallurg”ni qutqarish yo‘lida natijalarni yaxshilay olmagan Kolosovskiy “Lokomotiv”ni qutqara olarmikin? Murabbiylar o‘zgargani “Lokomotiv”ga qanchalik ta’sir qilganini Samarqanddagi uchrashuvda ko‘ramiz.
8 noyabr
18:15. “Bunyodkor” – “Metallurg”
Oxirgi o‘ringa “mixlanib” qolgan “Metallurg” Kolosovskiy ketgach, o‘tgan turda OKMK bilan bahsda yaxshi taassurot qoldirdi va bir ochko ishladi. Bekobodliklar qanday bo‘lmasin g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. “Bunyodkor”ga ham natija kerak. Bitta gol o‘yin taqdirini hal qilib ketishi mumkin.
9 noyabr.
16:00. “Navbahor” – “Paxtakor”
Turning markaziy bellashuvlaridan biri Namanganda o‘tadi. Odatda, “Navbahor” – “Paxtakor” to‘qnashuvi o‘zining yuqori intrigasi, jiddiy to‘qnashuvi bilan yodda qoladi. Bu safargi o‘yinga jamoalar qanday kayfiyatda etib kelishdi? “Paxtakor” OChLda muvaffaqiyatsiz ishtirokini davom ettiryapti. Namanganga kelishdan avval “Al-Rayyan”ga yutqazdi. Chempionatda 2-o‘rin uchun imkoniyati saqlanib turibdi. “Navbahor” Jamshid Boltaboevning dubli evaziga Toshkentda “Olimpik”ni yutib qaytdi. “Navbahor” va “Paxtakor” bir-biriga printsipial raqiblar. O‘yin shiddati shunga yarasha kechsa kerak.
17:00. “Nasaf” – “So‘g‘diyona”
Muddatidan avval o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan “Nasaf”ga “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvdan keyin aynan chempionlik Kubogi topshiriladi. Ammo qarshiliklar bu bahsga qadar OChL 2 doirasida o‘z maydonida “Al-Xussayn”ga mag‘lub bo‘ldi. Bu jizzaxliklar bilan uchrashuvda jamoa va muxlislar kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatmasa kerak. Har holda Ro‘ziqul Berdiev jamoasi uchun asosiy maqsad Superligani yutish edi va buni uddalashdi. O‘sha kuni “So‘g‘diyona”ga medallar uchun kurashish yo‘lidagi imkoniyatini yaxshilash uchun g‘alaba suv va havodek zarur.
18:15. “Surxon” – “Neftchi”
Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Oxirgi ikkita turdan beri ikkala jamoa g‘alaba qozonib kelyapti. Ayniqsa, “Surxon” Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga avvaliga 2:0 ga yutqazayotib yakunda uni 2:4 ga aylantirgani e’tiborga molik. Levchenko tanqidlardan so‘ng oxirgi turlarda jamoani o‘ziga keltirib qo‘ydi. Hozircha imkoniyatlar teng.
10 noyabr
17:00. “Andijon” – “Qizilqum”
Tur “Andijon” – “Qizilqum” uchrashuvi bilan yakun topadi. Turnir jadvalida bu klublar yonma-yon. Faqat navoiyliklar bir ochko ko‘p jamg‘argan. Agar “Andijon” o‘z uyida yutadigan bo‘lsa, tabiiyki, “Qizilqum”ni ortda qoldiradi. Ko‘pchilik mezbonlarning imkoniyatini yuqori baholamoqda.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar