Chempion Yaxshiboev - mavsumning eng yaxshi futbolchisi!
O‘zbek legioneri Jasur Yaxshiboev Belarus chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
Ushbu mamlakatning eng nufuzli nashri – “Pressbol” har bir tur yakuniga ko‘ra, maydonga tushgan futbolchilarning o‘yinini baholab boradi. Har bir uchrashuvda jamg‘arilgan ballar yig‘indisining o‘rtalamasi hisobida reyting shakllantiriladi.
Belarus oliy ligasining joriy mavsumini “Energetik-BGU” jamoasi tarkibida boshlagan Jasur Yaxshiboev ilk uchrashuvlardanoq mahorati va to‘purarlik qobiliyatini namoyish eta boshladi. Buning natijasida yilning boshida “Pressbol” reytingining eng yuqori pog‘onasiga chiqib olgan hamyurtimiz keyinchalik peshqadamlikni hech kimga bergani yo‘q.

Jasur birinchi davrani “Energetik-BGU” tarkibida o‘tkazdi va jami 14 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol urishga erishdi. O‘zbek futbolchisi minsklik “talabalar”ning haqiqiy etakchisi bo‘lgani u jamoadan ketganidan keyin darhol bilindi. Birinchi davrani peshqadam jamoalar qatorida musobaqa jadvalining yuqori qismida yakunlagan “Energetik-BGU” chempionatning ikkinchi yarmidan pastga sho‘ng‘iy boshladi.
Yaxshiboev esa, davralar oralig‘ida “Shaxtyor”ga qo‘shilib, soligorskliklarning chempionlik kurashidagi imkoniyatini oshirdi. Legionerimiz bu jamoa tarkibida 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini etti marotaba nishonga oldi.
Umuman olganda, Jasur Yaxshiboev xorijdagi ilk mavsumida o‘z oldiga qo‘ygan deyarli barcha maqsadlarini amalga oshira oldi. Xususan, keskin va murosasiz raqobatda ko‘pkarra mamlakat chempioni BATEni ortda qoldirgan “Shaxtyor” jamoasi safida Belarus chempioni bo‘ldi. Bu futbolchi uchun eng katta yutuq.
Jasur faqatgina to‘purarlar poygasida birinchi o‘rinni BATE hujumchisi Maksim Skavishga topshirib, o‘zi 16 ta gol bilan ikkinchi pog‘onani egalladi. Aslida bu ham o‘ziga yarasha muvaffaqiyat. Chunki hamyurtimiz raqibidan farqli ravishda hujumchi emas, balki yarim himoyachidir. Yarim himoyachining vazifasi goldan ham ko‘ra, golli vaziyatlar yaratishdan iborat.
Yana ikki nufuzli nominatsiyadagi g‘oliblik Yaxshiboevning to‘purarlar bahsini boy berganini to‘liq qoplaydi. Jasur chempionatning eng foydali o‘yinchisi bo‘ldi. U gol+pas tizimida jami 22 (16 ta gol + 6 ta golli uzatma) ochko jamg‘arib, oliy liga futbolchilari orasida jamoasiga eng ko‘p foyda keltirgan o‘yinchiga aylandi. Bu borada Maksim Skavish 20 (19+1)ochko bilan o‘zbek futbolchisidan ortda qoldi.
“Pressbol” nashri reytingida Jasur jami 5,61 ball jamg‘arib, asosiy raqobatchilari – BATE etakchisi Igor Stasevich va “Torpedo-BelAZ”ning braziliyalik legioneri Gabriel Ramosni sezilarli darajada ortda qoldirdi.
- Birinchi davrani yorqin o‘tkazgan Jasur Yaxshiboev davralar oralig‘ida “Energetik-BGU”dan “Shaxtyor”ga o‘tib, jamoasini almashtigan bo‘lsa-da, eng yaxshi futbolchini aniqlash uchun o‘tkazilgan reytingda mavsum davomidagi barqaror o‘yini orqali etakchilikni o‘zida saqlab qola oldi, - deb yozmoqda “Pressbol” nashri.

Xulosa qilib aytganda, Belarus chempionatidagi ilk mavsum Jasur Yaxshiboev uchun har tomonlama omadli bo‘ldi. Endi hamyurtimiz o‘ziga bo‘ladigan yangi takliflarni o‘rganib chiqishni rejalashtirgan. “Shaxtyor” tarkibida qoladigan bo‘lsa ham, hech narsa yutqazmaydi. Chunki soligorskliklar kelasi mavsumda Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etadi.
Fikrlar