Chempionlar ligasidagi eng ajoyib kembeklar TOP-5

Chempionlar ligasi turnirida qiziqarli uchrashuvlar talaygina. Biz sizning e’tiboringziga mazkur musobaqadagi super kembeklar beshligi haqida ma’lumot berib o‘tishni joiz deb topdik.

5. "Deportivo" - "Milan" 4:0
2003/2004 yilgi mavsum. Chorak final
"Milan" birinchi uchrashuvda "Deportivo"ni 4:1 hisobida yutganidan so‘ng, ko‘pchilik "rossonerilar"ni yarim finalga chiqdi deya hisoblayotgan edi. Biroq La Korunyadagi bellashuvning birinchi bo‘limidayoq mezbonlar 3:0 hisobida oldinga chiqib olib, vazifalarini uddalab qo‘yishdi. 76 daqiqada Fran italiyaliklar darvozasiga to‘rtinchi golni urganidan so‘ng, "Milan" "nokaut"ga uchradi.

4. "Monako" - "Real Madrid" 3:1
2003/2004 yilgi mavsum. Chorak final
"Real" ilk bahsda "Monako"ni "Santyago Bernabeu"da 4:2 hisobida taslim qildi. javob o‘yinida Raul 36 daqiqada jamoasini hisobda oldinga olib chiqqanida, Madridliklarni yarim finalga chiqishiga shubha qilganlar kam edi. Zero "Monako" keyingi bosqichga chiqishi uchun kamida 3 ta gol urishi lozim edi. Buni qarangki frantsuz klubi uddalash qiyin bo‘lgan bu vazifani bajarib, yarim finalga, keyinchalik esa finalga ham chiqqan edi.

3. "Yuventus" - "Manchester Yunayted" 2:3
1998/1999 yilgi mavsum. Yarim final
"Yuventus" va "Manchester Yunayted" jamoalari o‘rtasidagi o‘yinning 11 daqiqasiga keliboq mezbonlar Inzagining "dubl"i evaziga 2:0 hisobida oldinga chiqib olishdi. "Old Trafford"dagi ilk to‘qnashuvda 1:1 hisobi qayd etilgan va bu natija Turinliklarni finalga olib chiqishi aniq edi. Ammo "Yunayted" o‘z iroadasini namoyon qildi. Kin va Yorkning gollaridan so‘ng klub birinchi bo‘limdayoq muvozanatni tiklab oldi. O‘yin tugashiga 6 daqiqa qolganida Koul uchrashuvga "nuqta" qo‘yib, jamoaisni bundan ham dramatik tarzda kechadigan final o‘yiniga olib chiqdi.

2. "Manchester Yunayted" - "Bavariya" 2:1
1998/1999 yilgi mavsum. Final
"Bavariya" 90 daqiqagacha hisobda oldinda edi. Hakam uchrashuvga 3 daqiqa qo‘shib berdiyu, hammasi batamom o‘zgarib ketdi. Fergyuson shogirdlari qo‘shimcha vaqtning ilk daqiqasida hisobni tenglashtirib, oradan ikki daqiqa o‘tgach g‘alaba to‘pini ham kiritishdi. Voqealar rivoji shu darajada tez ro‘y berdiki, "Bavariya" muxlislari qandaydir 3 daqiqa ichida kubokdan mahrum bo‘lishganini sezmay ham qolishdi.

1. "Liverpul" - "Milan" 3:3
2004/2005 yilgi mavsum. Final
Chempionlar ligasi tarixidagi eng dramatik final. "Milan" birinchi taymdayoq 3:0 hisobida oldinga chiqib olganida, ko‘pchilik kubokni muddatidan avval italiyaliklarga topshirib bo‘lgan edi. Biroq ingliz klubi super iroda namoyish etib, qandaydir "sehrli" 9 daqiqa ichida muvozanatni tiklab oldi. Penaltilar ceriyasida ruhiy ustunlikka erishgan "Liverpul" yakunda g‘olib chiqib, kubokni o‘z muzeyiga olib ketdi.

Furqat Yusupov tayyorladi

Фикрлар

Фикр қолдириш учун авторизациядан ўтинг!