
"Chonnam Dragons"ga Oleg Zoteev etishmayapti...
Janubiy Koreyaning “Chonnam Dragons” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Oleg Zoteev jarohat olib safdan chiqdi.
Gap shundaki, legionerimiz “Key-2” ligasining 20-turida safarda “Pusan Ay Park” jamoasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagandi. Keyinchalik jarohat olgani sababli maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. O‘sha bahsda Zoteevning jamoasi mehmonda yagona gol evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Biroq o‘tgan turda hamyurtimiz maydonga tushmagan bellashuvda “Chonnam Dragons” o‘z maydonida “Chungnam Asan” klubiga 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Ayni paytda Oleg Zoteev oyog‘idagi jarohatni davolatyapti. Uning sports.uz saytiga aytishicha, kelasi hafta yana bir bor tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi va shunga qarab shifokorlar uning qachon maydonga qaytishini belgilaydilar.
Ayni chog‘da “Chonnam Dragons” musobaqa jadvalida 34 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi. Mazkur klub navbatdagi o‘yinini 22-tur doirasida 25 iyul kuni mehmonda “Puchxon-1995” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar