Dakka shahrida Janubiy Osiyo chempionati o‘tkaziladi
Osiyo–Okeaniya Kurash konfederatsiyasining taqvim rejasiga asosan joriy yilning 17-18 mart kunlari Janubiy Osiyo chempionati, kurash murabbiylari va hakamlari xalqaro seminari bo‘lib o‘tadi.
Janubiy Osiyo hududida kurash sporti so‘nggi yillarda barqaror rivojlanish darajasiga etgan. Hudud tarkibiga kiruvchi 8 ta davlatdan 6 tasida rasman Kurash federatsiyalari faoliyat yuritib kelmoqda. Bangladesh Kurash assotsiatsiyasi 2019 yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, o‘sha yilning o‘zida bangladeshlik kurashchilar qit’a va jahon chempionatlar, xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etib kelishmoqda.
Janubiy Osiyo chempionatini tashkil etish uchun Bangladesh Kurash assotsiatsiyasi va Bangladesh jang san’atlari konfederatsiyasi mamlakat hukumatidan tegishli tartibda ruxsat olgan. Musobaqalar "Mujib Centenary International Rankala Krira-2023" madaniy Dasturlari doirasida Milliy sport kengashi Gimnaziyasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bangladesh xalq Respublikasi sport va yoshlari vazirligi, milliy olimpiya qo‘mitalari tomonidan mazkur nufuzli Kurash bayramini yuqori darajada tashkil etish, xorijiy davlatlar sportchilarining ishtirokini ta’minlash bo‘yicha keng hamkorlik qilinmoqda.



Fikrlar