
Dilshod Komilov: "Tarixda birinchi marta "Nasaf" bilan birga chempionlikni nishonlamoqchiman"
Saytimiz orqali himoyachi Dilshod Komilovning “Lokomotiv”dan “Nasaf”ga ko‘chib o‘tgani borasida xabarlar berib o‘tdik. Barcha rasmiyatchiliklar hal bo‘lganidan so‘ng futbolchi “Nasaf”ning yangi futbolchisi sifatidagi ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi.
- “Nasaf” klubiga o‘tishingiz ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Hammasi qanday yuz berdi?
- Turkiyadagi yig‘in jarayonida agentim menga “Nasaf”dan taklif tushganini bildirdi. Shu bilan amalga oshib ketdi. Bundan oldin ham chempionat bo‘layotgan mahalda “Nasaf” bilan o‘rtamizda qiziqish bo‘lgandi. Keyin ular hali ham qiziqishing bormi deb so‘rashdi. So‘ngra “Lokomotiv” rahbariyati bilan gaplashib, o‘zaro kelishgan holda “Nasaf”ga o‘tishim amalga oshdi.
- “Lokomotiv”ga bu yil qaytgandingiz. “Nasaf” bilan esa 1,5 yillik shartnoma imzoladingiz. Demak, “Nasaf” sizni “Lokomotiv”dan sotib oldimi?
- Ha, transfer bo‘ldi. Sotib olishdi.
- “Nasaf” a’zosiga aylandingiz va nimalarni his qilyapsiz?
- Ijobiy. O‘zingiz ham bilib turibsiz, bu chempionlik uchun kurashayotgan jamoa. Osiyo Chempionlar ligasida ham qatnashadi. Men uchun oldinga qadam tashlash. Uydagilar bilan maslahatlashim ushbu qarorga keldim.
- “Nasaf”da qaysi raqamni tanladingiz?
- 4-raqam.
- Ko‘pincha ushbu raqamda o‘ynaysiz. Siz uchun nimani anglatadi?
- Yoshligimda dadam 4-raqamni yaxshi ko‘rardi. O‘zimga ham bu yoqadi.
- Ro‘ziqul Berdiev bilan ilk suhbatingiz qanday bo‘ldi?
- Yaxshi kechdi. Jamoaga kirishib ketdim. Birinchi mashg‘ulotimni ham o‘tkazdim. Klubda meni yaxshi kutib olishdi.
- “Lokomotiv” birinchi davrada o‘z imkoniyati darajasida qatnasha olmadi, murabbiylar ham almashdi. Sizninga, nima bo‘ldi?
- Pro ligadan chiqqan va yangi shakllanayotgan jamoa edi. Nima desam ekan, omad etishmadi, deb o‘ylayman. Boshida yaxshi boshlagandik. Keyin ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchradik, bu vaziyatdan chiqib ketishimiz qiyin bo‘ldi.
- Balki “Lokomotiv”dagi omadsizlik ham sizni u erdan ketishingizga sabab bo‘lgandir?
- Yo‘q, bu sabab emas. Menga yangi chaqiruv bo‘lgandi. Hozirgi paytda to‘g‘ri qaror qabul qildim, deb o‘yladim.
- “Nasaf”dagi maqsadingiz qanday?
- Oliy maqsad – chempionlikni qo‘lga kiritish. Tarixda birinchi marta “Nasaf” bilan chempionlikni birga nishonlamoqchiman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar