Dilshod Komilov: “Vaqtida gol ura olmaganimiz sababli o‘yin qiyin o‘tdi”

  • 9 sentabr, 22:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoamiz KAFA musobaqasi finalida Eronga qarshi bahs olib bordi va qiyin o‘tgan uchrashuvda vakillarimiz 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, ilk bor turnir g‘olibiga aylandi. Uchrashuvda deyarli to‘liq ishtirok etgan va qo‘shimcha bo‘limlardagina zaxiraga olingan himoyachi Dilshod Komilov Sports.uz uchun finaldagi o‘yin va Eron termasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

“To‘g‘risi, uchrashuv og‘ir kechdi”

- Avvalambor, barcha qo‘llab-quvvatlaganlarga, muxlislarga katta rahmat aytaman. Tarixiy natijaga erishib g‘alaba qozonganimizdan xursandmiz. To‘g‘risini aytsam, o‘yin qiyin bo‘ldi. Bitta kam bo‘lib qolganidan keyin himoyaviy o‘yin uslubiga o‘tdi. Vaqtliroq gol urganimizda o‘yin bundan ham osonroq kechardi. Lekin vaqtida gol ura olmaganimiz sababli uchrashuv og‘ir o‘tdi.

“Ortiqcha hayajon bo‘lmadi”

- Eron terma jamoasiga qarshi yaxshi tayyorgarlik olib borgandik. Oldimizda mas’uliyatli o‘yin turgandi, bu final edi. O‘zbekiston terma jamoasi hali KAFA musobaqasida g‘alaba qozonmagandi. Buning ustiga raqib Eron. Qiyin bo‘lishini bilardik va shunga yarasha har taraflama tayyorgarlik ko‘rdik. Mas’uliyatni his qilgan holda qo‘ldan kelganicha harakat qildik va g‘alaba qozondik. Ortiqcha hayajon bo‘lmadi. Biz futbolchilar maydonga chiqib, bosimsiz, tashqaridagi muhitga e’tibor bermagan holda maydonda iloji boricha o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.

“Qizil kartochka to‘g‘ri berildi”

- Qizil kartochkaga keladigan bo‘lsak, futbolni o‘z qoidalari bor. Qizil kartochka to‘g‘ri berildi, deb o‘ylayman. Chunki himoyachi jarohat etkazishi ham mumkin edi. To‘g‘ri, bu holat kutilmaganda bo‘lib qoldi. Bu esa ularga qo‘shimcha kuch bo‘ldi, deb o‘ylayman. Istalgan jamoa qizil kartochkadan so‘ng ikki barobar ko‘proq harakat qiladi va qo‘shimcha kuch keladi, deb o‘ylayman. Bizga faqat tezkor gol etishmadi. Agar tezkor gol urganimizda o‘yinni yirik hisobda yakunlashimiz ham mumkin edi. Xudoga shukr, 1:0 hisobida bo‘lsa ham g‘alaba qozondik, bundan xursandmiz.

“Raqibni zararsizlantirishni uddaladik”

- Eronga qarshi uchrashuvda biz ko‘proq oldinga chiziqda harakat qildik. Himoyada ortiqcha o‘ynamadik, ular ko‘p ham hujum qilmadi. Asosan qarshi hujumdan foydalanishga harakat qilishdi. Raqibni zararsizlantirishni uddaladik, deb o‘ylayman. Himoyaga ko‘p yuk tushmadi. Bizdagi e’tibor ko‘proq hujumga qaratildi. Hujumchilariga kelsak, to‘g‘ri tajribali. Evropadagi chempionatlarda to‘p surishadi. Lekin qo‘ldan kelganicha kurashdik va g‘alabaga erishdik.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!