Dilshod Rahmatov: "Yaratilgan sharoitlardan jahlim chiqib ketdi"

  • 3 avgust, 2022, 22:39
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Mini-futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston futzal terma jamoasi sardori Dilshod Rahmatov yaqindagina ijtimoiy tarmoqlardagi posti orqali ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Biz, futzalchimiz bilan bog‘lanib, uni nega xafa bo‘lgani bilan qiziqdik. Shu bilan birgalikda, kelajakdagi rejalari bilan ham qiziqib ko‘rdik.

Tecno

- Instagramdagi postingiz kimga qaratilgan edi?

4348344e894344e

- Ijtimoiy tarmoqdagi postimni izohlab o‘tishim shart. Xabaringiz bor, biz musobaqalarga tayyorlanish jarayonida Tojikistonga qarshi bir nechta uchrashuvda maydonga tushdik. O‘sha kuni Tailand terma jamoasi o‘z yurtida katta turnir o‘tkazayotgani haqidagi xabarni o‘qib qoldim. Eron, Vetnam, Marokash singari kuchli terma jamoalar bilan o‘z uyida chinakam musobaqa o‘tkazish Tailand uchun katta plyus. Bilasizmi, chempion bo‘lishni maqsad qilgan jamoalar mana shunday katta o‘yinlarda ishtirok etishga odatlangan. Aynan shu narsani yozmoqchi edik. Yodingizda bo‘lsa, avvalari bizda "Tashkent Cup" turniri tashkil etilar Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Azarbayjon singari mamlakat vakillari ishtirok etgan. Afsuski, bizda bunday musobaqalarni tashkil etilmayapti. To‘g‘ri, kimlardir o‘tgan yili Argentina singari jamoalar bilan to‘p tepganimizni pesh qilishi mumkin, ammo u bir yil oldin sodir bo‘ldi.

Bu yil hammasini boshidan boshlash kerak. Hamma jamoalar rivojlanmoqda. Shunday ekan, hozir o‘tmishdagi ustunligimizga suyanishimiz juda kulguli. Ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes davrida aynan shu narsaga urg‘u berilgan edi. Kuchli sparring raqiblar bilan to‘qnashuvda u asosan yoshlarni sinab olar edi. Eng kulgulisi shundaki, Toshkentda biz bilan 3 marotaba to‘qnash kelgan Tojikiston terma jamoasi bilan Osiyo chempionatida bir guruhda joylashganmiz. Mantiq qani?

Osiyo chempionatiga ketishdan oldin Quvaytda Indoneziya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etilishi kutilmoqda, biroq bu bizni darajamizdagi o‘yinlar emas. Katta turnir oldidan kuchli raqiblar bizni kamchiliklarimizni ko‘rsatib berishi mumkin. Yodimda bor, Eron bilan ikki marotaba o‘rtoqlik o‘yinida to‘p tepgach, juda ko‘p muammolarimizni bilib olgandik. Ayniqsa, himoyadagi xatolarimizni Argentina bilan to‘qnashuvda ko‘rib oldik. Bilmadim, Turkmaniston, Tojikiston singari o‘zimizdan nisbatan kuchsizroq jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishdan kimga foyda? Ular uchun bo‘lishi mumkin, amma bizga emas!

Bu qo‘yilgan post hech kimga qaratilmagan. Shunchaki, menga alam qildi. Maqsadimiz chempionlik, deb faqat gapda aytilmoqda. Quruq baland-parvoz gap bilan hech narsa hal bo‘lmaydi. Ko‘proq sharoit yaratib berilishi lozim. O‘zbekiston futzal terma jamoasining darajasini Qirg‘iziston, Turkmaniston yoki Tojikistondan ancha baland. Hozir bor formamizni ham yo‘qotib qo‘ymaslik shart. Bunday past tempdagi bahslar yosh futzalchilarga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

jizah kentekst

- “Jizzah Kenteks” loyihasi davom etadimi?

- Bu loyiha yangilandi, ammo maqsadlar o‘zgargani yo‘q. Yangi raqobatdosh jamoalar paydo bo‘lmoqda. Bir necha yillardan beri O‘zbekiston chempionatida to‘p tepayotganim bois, chempionlik uchun asosiy omil nima ekanligini yaxshi bilaman. Kim shijoat va kuchli ishtiyoq bilan to‘p tepsagina yakunda oltin medallarga ega chiqadi. O‘ylashimcha, bizni juda qiziqarli chempionat kutib turibdi.

Hozir yangi homiylar bilan uchrashdik. Shuningdek, asosiy homiyimiz Jizzah viloyati hokimi Saliev Ergash Alibekovich o‘zbek futzali rivoji uchun o‘z xissasini qo‘shishda davom etmoqda. O‘ylashimcha, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, chempionlikni nishonlashimiz kerak. O‘tgan yilgi g‘olibligimiz zamirida ham aynan ularning hizmatlari ulkan.

- Murabbiylik faoliyatingizni qachon boshlashni reja qilgansiz? Bu boradagi ishlar qanday ketmoqda?

- O‘quv kurslarini tugatdim. Kerakli sertifakatlarni qo‘lga kiritdim. Kelajakda murabbiy bo‘lish niyatim bor. Hozir futzal maktabini ochish bilan bandman. Tez orada, bu haqidagi batafsil ma’lumotlar beriladi. Ularni futzaldan futbolga ham o‘ta oladigan darajada mahoratli qilib tarbiyalashni rejalashtiryapmiz.

- Futzaldagi kelajagingizni qanday ko‘ryapsiz?

- Rejalarimga keladigan bo‘lsak, Jizzahda yana uzoq vaqt qolishim aniq. Milliy terma jamoada 10 yildan beri qit’a birinchiliklarida medal olib kelyabmiz, ammo hech qachon birinchi o‘rinni egallamadik. Nasib qilsa, bu safar shu kamchilikni to‘g‘rilashga urinib ko‘ramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!