
"Dinamo" - "Metallurg": Ustunlik kimda?
“Dinamo” - “Metallurg” o‘yinida jamoalar tarkibida aksariyat futbolchilar o‘zlarining sobiq klublariga qarshi to‘p surishadi. Xususan, “Dinamo” safidagi Dilmurod Karimov bir necha yillar davomida “Metallurg” sharafini himoya qilib, tanilgan bo‘lsa, “Metallurg” safidagi Muhammad Isaev “Dinamo” safidagi o‘yinlari bilan muxlislar e’tiboriga tushgandi.
Jamoalar mavsumni qanday boshlashdi?
«Dinamo» jamoasi Superliganing 1-turida Samarqandda “Nasaf”ni qabul qilib 1:1 hisobini qayd etgan bo‘lsa, 2-turda Termizda “Surxon”ga mag‘lub bo‘ldi - 1:0.
“Metallurg” klubi esa dastlabki turda Termizda 1:1 hisobida durang qayd etgan bo‘lsa, 2-turda Bekobodda “Buxoro”ni 2:0 hisobida mag‘lub etishga erishdi.
O‘zaro o‘yinlarda ustunlik "Dinamo" tomonida
“Dinamo” va “Metallurg” jamoalari shu kunga qadar kuchlilar safida o‘zaro 36 bor kuch sinashishgan. Ushbu o‘yinlarning 17 tasida “dinamochilar”ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 11 ta o‘yinda bekobodliklar zafar quchishgan. 8 ta o‘yinda durang natija qayd etilgan. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi – 53:41, samarqandliklar foydasiga.
Eng sermahsul uchrashuv ikki bor qayd etilgan bo‘lib, darvozalarga sakkiztadan gol kiritilgan. Tomonlar bir martadan 5:3 hisobida g‘alaba qozonishgan. Bu o‘yinlarda “Dinamo” 59 ochkoni, “Metallurg” esa 41 ochkoni qo‘lga kiritgan.
“Dinamo”ning o‘zaro o‘yinlarda bekobodliklar ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi – 5:0. “Metallurg”ning “Dinamo” ustidan qozongan yirik g‘alabasi – 3:0.
Jamoalarning o‘zaro o‘yinlariga nazar tashlab shuni bilish mumkinki, «Dinamo» so‘nggi 17 yil davomida «Metallurg»ni Samarqandda faqat 1 marta mag‘lub eta olmagan. Bekobodliklar so‘nggi marta 2017 yilda ko‘hna shahardan g‘alaba bilan qaytishgan.
Samarqandda o‘tgan so‘nggi olti uchrashuv:
05.08.2017 «Dinamo» - «Metallurg» 0:3
02.05.2015 «Dinamo» - «Metallurg» 1:0
23.03.2014 «Dinamo» - «Metallurg» 2:0
29.10.2013 «Dinamo» - «Metallurg» 1:0
27.08.2012 «Dinamo» - «Metallurg» 3:2
01.10.2011 «Dinamo» - «Metallurg» 3:1
Dinamo" 863-o‘yini ostonasida...
“Dinamo” 1992 yildan buyon O‘zbekiston chempionatlari yuqori ligasida 682 ta uchrashuv o‘tkazib, shulardan 235 tasida g‘alaba qozongan. 120 ta uchrashuvda durang qayd etgan. 327 o‘yinda esa mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Samarqandliklar raqiblari darvozasiga 829 ta to‘p kiritganlari holda, o‘z darvozalaridan 989 ta to‘p olib chiqishga majbur bo‘lishgan. Jamoaning oliy ligadagi eng yirik hisobdagi g‘alabasi 2000 yil Angrenning “Semurg‘” jamoasiga qarshi uchrashuvda kuzatilgan – 8:0. O‘z navbatida “Dinamo”ning milliy chempionatimizdagi eng yirik hisobdagi mag‘lubiyati ham 0:8 ni tashkil etadi.
Fikrlar