"Dinamo" klubi matbuot xizmati: Rahbariyat Lushchanni qoldirishga intildi, ammo uning o‘zi ketishga qaror qildi

  • 6 noyabr, 2020, 16:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-liga yakuniy bosqich 15-turi doirasidagi “Dinamo” – “Turon” (1:2) uchrashuvidan keyin “Dinamo” klubi murabbiylar shtabida o‘zgarish yuz berdi.

Jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushchan o‘z arizasiga ko‘ra, lavozimini tark etdi. Yordamchi murabbiy Muhiddin Ortiqov ham klub bilan do‘stona xayrlashdi.

“Dinamo” PFK jamoasi klubdagi faoliyati va hamkorlik uchun har ikki mutaxassisga minnatdorlik bildirib, keyingi faoliyatiga omad tilab qoladi.

Klub rahbariyati bosh murabbiy masalasida aniq qarorga kelgach, bu haqda ma’lum qilinadi.

- Sergey Lushchan 11 iyul kuni “Dinamo” klubi bosh murabbiyi sifatida ish boshlagandi, - deyiladi, klub matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Shuni ta’kidlash kerakki, mavsum boshidan beri bu klubdagi ikkinchi iste’fo bo‘ldi. Dastlab, Ravshan Ahmedov qisqa muddat bosh murabbiylik qilgan va uning o‘rniga Lushchan olib kelingandi.

O‘z o‘rnida, “Dinamo” klubi matbuot xizmati rahbari Usmon Ibodov sports.uz saytiga mazkur o‘zgarish yuzasidan quyidagilarni qo‘shimcha qildi:

- Sergey Lushchan “Dinamo” klubida iyul oyida ish boshlagan va uning oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Murabbiy o‘tgan davr ichida klubda katta hajmdagi ishni bajarishga intildi.

Yakuniy bosqich doirasidagi dastlabki uchrashuvda “Dinamo” “Turon”ga mag‘lub bo‘lgach, Sergey Ivanovich o‘z arizasiga ko‘ra, klubni tark etishga qaror qildi. Jamoa rahbariyati murabbiyni qoldirishga intildi, ammo bosh murabbiy o‘yindan keyin xayrlashib, Toshkentga qaytishga qaror qildi, - dedi Ibodov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!