
Diyor Imomxo‘jaev poytaxt klubini aql bilan ish tutishga chorladi
O‘zPFL direktori Diyor Imomxo‘jaev 18 yoshli Umarali Rahmonalievga "Rubin"dan qiziqish bo‘layotgani haqida gapirdi:
"Bizdagi ma’lumotga ko‘ra, Rubin futbolchi uchun 50 ming evro bermoqchi. Unga Leonid Slutskiyning o‘zi qiziqib qolgan, bu muhim jihat. Futbolchining shartnomasi shu yil so‘ngida yakuniga etishini inobatga olsak, u kelasi mavsum "Bunyodkor"ni erkin agent sifatida tark etishi mumkin. Shundan kelib chiqib, savdoni aqlga sig‘adigan darajada olib borish to‘g‘riroq. Agarki unga Rubin bosh murabbiyining o‘zi qiziqib qolgan bo‘lsa, "Rubin" savdoni 100-150 ming evrogacha ham ko‘tarishi mumkin. O‘zbekiston klubi uchun bu yomon summa emas.
Chunki, transfer narxidan tashqari "Bunyodkor" "Rubin"dan mashg‘ulot kompensatsiyasi ham talab qiladi. "Rubin" Rossiya quyi divizionida ekani hamda Rahmonaliev "Bunyodkor" akademiyasida 2015 yildan buyon qayd etib kelinayotgani inobatga olinsa, "qaldirg‘ochlar" shuning o‘zigayoq tahminan yana 130 ming dollar talab qilishga haqli. Demak, buning yoniga transfer summasi ham qo‘shilsa, 18 yoshli futbolchi uchun yomon narx chiqmaydi. Qo‘shimchasiga, "Bunyodkor" "Rubin" bilan futbolchining ehtimoliy keyingi transferidan ma’lum foizini olish bo‘yicha ham kelishuv imzolasa bo‘ladi.
Shu o‘rinda bir masalani eslab o‘tish kerak. 2018 yil "Anji" Doston Hamdamovga haridor bo‘lgan va 300 ming evro taklif qilgan. "Bunyodkor" esa o‘shanda ham 1 million so‘ragan. Keyinroq "Anji" shunday yo‘l tutdiki, Hamdamovni tekinga olib ketdi. Chunki futbolchining Bunyodkor bilan shartnomasida agar Evropadan taklif tushsa, klub uni 300 ming evroga qo‘yib yuborishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgandi. Bunday paytda FIFA futbolchining manfaatlaridan kelib chiqib ish ko‘radi. Aytmoqchimanki, "Bunyodkor"ga o‘sha vaqtda 300 ming ham yomon summa emasdi. Ammo aqlsizlik sabab klub shundan ham quruq qolgan", - deya Imomxo‘jaev o‘z telegram kanalida post yozdi.
Fikrlar